XITOY QIShLOGʻINING FAYZLI XONADONI
Hayotda yaxshi inson boʻlib yashash, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻyda izzat-eʼtiborga sazovor boʻlmoq, oilasida atrofidagilar havas qilgulik turmush tarzini shakllantirish oson emas. Buning uchun insonda, avvalo oʻziga nisbatan qatʼiy ishonch va iroda, masʼuliyat hissi boʻlmogʻi joiz. Oilaviy hayot jarayonida qiyinchiliklarga bardoshli, shu bilan birga yaqinlari taqdiriga eʼtiborli, farzandlarga mehr-muhabbat bilan tarbiya beraoladigan insonlargina el-yurt ardogʻiga, hurmatiga sazovor boʻladi.
Amudaryo tumanining qaysi qishlogʻi, mahallasida boʻlmang, biri-biridan ibratli, oʻzgalar eʼtiboriga munosib oilalar borligiga qalbingizda havas uygʻonadi. Xususan, tumanning Xitoy qishlogʻidagi xonadonlarda boʻlsangiz, albatta, necha yuz yillardan beri biri-biriga qondosh-jigarband boʻlib yashab kelayotgan ahil va inoq, mehmondoʻst oilalar turmush tarzi bilan tanishib, koʻnglingiz togʻday yuksaladi: shunday eldoshlaringiz borligidan faxrlanasiz.
“Mening oilam” gazetasi tahririyati yoʻllanmasi bilan Xitoy qishlogʻilik Fayzulla ogʻa Nurimbetov xonadonida boʻldik. Xonadon sohibi Fayzulla ogʻani hamqishloqlari “domla” deya eʼzozlashlaridan bildikki, otaxonning taʼlim-tarbiya sohasiga ancha-muncha mehnati singgan.
Oddiygina dehqon oilasida dunyoga kelgan Fayzulla Nurimbetov bolaligi, yoshlik davrlarini alohida mamnuniyat bilan xotirlaydi. Sobiq sovet kolxozida traktorchi boʻlib ishlagan otasi Yusuf Nurimbetovning paxta terish mashinasini mohirlik bilan boshqarishlariga havas qilib, boʻsh vaqtini otasining yonida oʻtkazishga harakat qilar, texnikani boshqarishni ham binoyiday uddalardi. Maktab darsliklarini puxta oʻzlashtirib, har kuni “aʼlo” baho olib kelayotgan oʻgʻlining intilishlaridan quvongan otasi:
– Bolam, – dedi bir kuni qatʼiyat bilan, – biz onang ikkalamiz roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib oʻqiyolmadik, sen, albatta, oʻqishing kerak, oʻqigan –oʻzar, deb bekor aytishmagan. Oʻqimishli boʻlsang, kelajakda farzandlaring ham sendan oʻrnak oladi.
Vaqt oʻtib, Fayzulla ota-onasining orzusini amalga oshirdi. Qoʻlidan kitobi tushmaydigan Yusuf traktorchining oʻgʻli umumtaʼlim maktabini muvaffaqiyatli tugatib, Qoraqalpoq Davlat Universitetining fizika fakultetiga oʻqishga kirdi. 1983-yilda mazkur oliygohni fizika fani oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan Fayzulla ogʻa Nurimbetov Xitoy qishlogʻidagi 21-sonli umumtaʼlim maktabida to nafaqaga chiqquniga qadar, 38-yil davomida yoshlarga taʼlim-tarbiya berdi. Umr yoʻldoshi Gulbahor opa Abdurahmonova bilan turmush qurishganlariga ham hash-pash deguncha salkam 40-yil boʻlibdi.
– Chechangiz Toshkent Davlat Universitetining (hozirgi OʻzMU) matematika fakultetini tamomlagan, – deydi Fayzulla ogʻa, – shu opangiz tufayli, toʻgʻrisi, oila qoʻrgʻonimiz mustahkam.
Bir qishloqda, bir mahallada tugʻilib-oʻsgan Fayzulla ogʻa bilan Gulbahor opa hamjihatlikda yashab, 4 nafar oʻgʻil-qizni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. 31-yil davomida 21-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchi-yoshlarga matematika ilmidan saboq bergan Gulbahor opa Abdurahmonovadagi uddaburonlik, mehr-oqibat, qatʼiyatlilik va samimiyat hamda intiluvchanlik xislatlari bugun farzandlariga oʻtgan. Oilaning katta farzandi Jahongir Nurimbetov matematika fani oʻqituvchisi. U bir vaqtning oʻzida 21-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchi-yoshlarga matematika fanidan saboq berish bilan birga, maktabning matematika faniga qiziquvchi yoshlariga alohida maxsus mashgʻulotlar ham olib boradi. 15-sonli maktabda tashkil etilgan “Matematika bilimdonlari” variativ oʻquv sinfida ham dars oʻtadi. Oʻquvchilari har yili mamlakatimizdagi turli OTMlarga oʻqishga kirishayotganlaridan mamnun. Gulbahor opaning shogirdlarining koʻpchiligi esa bugun el-yurt nazaridagi insonlar. Azizaxon Shomurodova, Xonzodaxon Ollamova, Yodgorbek Ashirovlar bugun oʻz mehnatlari bilan obroʻ-eʼtibor qozonishgan.
Gulbahor opa shogirdlari erishayotgan yutuqlaridan faxrlanib soʻzlarkan, hayotdagi va pedagogika sohasidagi aziz ustozi, xitoyliklarning deyarli yarmiga maʼnaviyat sirlarini oʻrgatgan marhum otasi Mavlon Abdurahmonovni mehr bilan xotirlaydi. Oiladagi 10 nafar farzandning uchinchisi boʻlgan Gulbahor Abdurahmonova oʻz faoliyati davomida bir necha marta Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Xalq taʼlimi Vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganlar.
Fayzulla ogʻa bilan Gulbahor opa tarbiyasini olgan qizlar ham hayotdan oʻz oʻrinlarini topishib, bugungi kunda ibratli oila sohibalariga aylanishgan. Iqtisodchi mutaxassisligini egallagan Shahnozaxon, mohir chevar Lobarxon, ota-onasi izidan borib, oʻqituvchilik kasbini tanlagan Gulruh, bu oilaning navqiron ildizlari sifatida unib-oʻsayotgan 12 nafar nevaralar davrasida kechadigan goʻzal turmush tarzi Fayzulla ogʻa bilan Gulbahor opaga zavq-shavq bagʻishlaydi.
Hamisha yaxshilar qadamidan obod, qavm-u qarindoshlar mehridan fayzli xonadonga ming yillik qadrdonlarday mehr-muhabbat qoʻygan quda-andalarining-ku tillaridan shukronalar tushmaydi.

Oilaning suyukli kelini Saidaxonning xush muomalasi, samimiyligi-yu epchilligiga dilda havas uygʻonadi. Oyoq-qoʻli chaqqongina kelinjonni soʻzlatsangiz, Gulbahor opani qaynona emas, onasi kabi aziz tutishini mamnuniyat bilan izhor etadi.
Qaynona Gulbahor opa esa kuyovlarini oʻgʻli Jahongir bilan, kelinini qizlari bilan bab-baravar qoʻyishini aytib, toʻrt nafar farzandi 8, nevaralari bilan 20 nafar boʻlganini quvonib-quvonib eʼtirof etadi.
Oila davrasidagi bu tenglik tamoyili nevaralarga ham oʻtgan. Togʻa, amma-xola-yu jiyanlar katta xonadonga yigʻilib kelishsalar goʻyo bayram boʻlib ketadi. Fayzulla ogʻa bilan Gulbahor opa biz borgan kunimiz nevaralari uchun ezgu niyatlar bilan bunyod etgan yangi imoratga koʻchib oʻtishayotgan ekanlar. Ixcham, zamonaviy meʼmoriy yechimga ega yangi imoratga “oʻng boʻlsin” aytib kelgan qizlari, qudalari, nevaralari tashrifidan shod Fayzulla bobo bilan Gulbahor momo oʻgʻli Jahongir boshchiligidagi oilaviy sozandalarning tabrik kuylari, nevaralarining chiroyli ijrolaridan qalblari yanada yuksaldi. Biri-biridan biyron nevaralarining sheʼrlarini tinglab, olqishladilar.
Bu xonadonda kitobxonlik, sanʼatga oshnolik, ayniqsa, aql gimnastikasi – shaxmat sporti bilan shugʻullanish doimiy anʼana hisoblanadi. Ayniqsa, kitobxonlik va shaxmat oʻyinlarida bobosi va momosini ortda qoldiradigan nevaralarning intilishlarini koʻrib, toʻgʻrisi, dilimizda havas uygʻondi. Oilaning moʻʼjazgina tomorqa yerida bobosi boshchiligida kuz mavsumining eng soʻnggi yumushlarini katta ishtiyoq bilan bajarayotgan nevaralarning mehnatsevarligini koʻrgan kishi beixtiyor: “oilang, bolachaqang, atrofingda parvona nevaralaring boʻlsa, shunday boʻlsinda”, – deya havaslanishi tabiiy.
Katta xonadon dasturxonidagi noz-neʼmatlarning, farzandlar va nevaralarining sogʻlom voyaga yetishida oilaning tomorqa xoʻjaligida yetishtirilayotgan har bir neʼmatning oʻrni beqiyos. Shu bois, Fayzulla ogʻa va Gulbahor opa xonadoni tomorqasiga alohida eʼtibor qaratishadi. Kuzgi, bahorgi yumushlar, ayniqsa, mevali daraxtlarga shakl berish, yangidan koʻchat oʻtqazish, kuzgi hosildan boʻshagan yerlarni shudgorlab qoʻyish, ertagi sabzavotlar ekiladigan yerlarga mahalliy oʻgʻit solib, alohida ishlov berish ishlarini farzandlari, nevaralari birgalikda bajarishadi.
– Bu kabi yumushlarni bolalar zoʻr ishtiyoq bilan uddalashadi, hatto oʻz mehnatlarining mahsulini koʻrib quvonishadi, – deydi Fayzulla ogʻa nevaralarining koʻchat oʻtqazishayotganini mamnun kuzatarkan.
– Bobomning olma-anorlari, uzumi koʻ-oʻ-oʻp, mana buncha! – deydi qulochlarini keng yozib jajji Temurbek. – Men ka-atta boʻlsam, oʻqib-oʻqib Amir Temur boʻlaman, ka-at-ta bogʻlarim boʻladi.
Shirin tilli Temurbek goʻyo bu oilaning davomchilaridan biri sifatida oʻz kelajagini bashorat qilayotganday edi, nazarimizda.
Biz esa, ahillik, oʻzaro mehr-oqibat, mehnatsevarlik va samimiyat choʻgʻidan rang olgan bu fayzli xonadonning har bir aʼzosiga, tillari biyron, halitdan oʻzlarining kelajagi haqida havasga munosib tasavvurga ega jajji nevaralarga qalbimizda ajib ehtirom, havas ila xayrlasharkanmiz, ezgu bir tilak tilimizga koʻchdi:
Nabiralar hali bir kuni,
Bobosidan oʻzib ketadi.
Elim, degan ezgu tuygʻuni,
Yuragiga ekib oʻtadi.
Amir Temur siyoqli oʻktam,
Bir bahodir, chaqin boʻladi.
Oʻsha kunda Xitoy qishloq ham,
Dunyoda eng yorqin boʻladi.
Robiya YOʻLDOShEVA,
Ravshan BAHROMOV.
M.ShOMURODOV
olgan suratlar.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶