ONAJONLARGA
(Barcha moʻʼtabar, fidoyi va jafokash onaxonlarga bagʻishlayman)
Onalik – oliy baxt asli Ayolga,
Bu baxtga munosib yashash ham qiyin.
Baʼzan gʻalat oʻylar kelar xayolga:
Ona boʻloldimmi, men onamdayin?
Onam! Uning jism-u joni tosh edi,
Sabr-u qanoati goʻzal shunchalar.
Suyangani Alloh va bardosh edi,
Koʻksida gul ochgan mungli gʻunchalar.
Dardli yurak bilan boqardi kulib,
Gʻam-u anduhlarga bukilgan emas.
Azoblar zanjirin olardi yulib,
Nomardlar qoshida toʻkilgan emas...
Millat onasiga xosdir bu xislat,
Matonatga farzand yashamoqlik ham.
Vatanni ulgʻaytgan ushbu fazilat,
Onalar feʼlida mangu mujassam!
Bundayin jasorat qayda bor, ayting?
Chingiziy shohlarga egilmagan dil.
Gar bilmoq boʻlsangiz moziyga qayting,
Zor qaqshab yotibdi ming bitta dalil.
Kiprigida asrab zurriyodlarin,
Asrdan-asrga eltgan onalar...
Qandoq unutamiz, oh, faryodlari,
Hamon yuraklarni ezib, timdalar.
Bosqinlar... Qatagʻon zahrini yutib,
Oriyat, shaʼn boʻlib yuksalgan Ona.
Gʻanimlar oʻqiga koʻksini tutib,
Millat bolalarin asragan Ona!
Ana, gullab-yashnab keladi Ayol,
Ona Yurt oldida yuzlari yorugʻ.
Tangrim! Oʻzing asra, koʻrmasin zavol,
Ayol baxti bilan koʻngillar toʻlugʻ.
Oʻgʻlonlar oʻstirgan Temuriyzoda,
Biri ulugʻ hoqon, birlari olim.
Qizlari Oybarchin, Shirin, Xonzoda,
Hadis-u Qurʼonda dono muallim.
Onajonim mening! O, fidoyi jon –
Hoksorligi bilan buyuklangan zot.
Bir yuz oʻttiz olti millatga makon –
Oʻzbekiston boʻlib gullagan hayot!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶