26.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
26.09.2026, 11:04
Maqolalar 👁 302

YuRAKKA KOʻMILGAN OILA SIRI

YuRAKKA KOʻMILGAN OILA SIRI

(Boʻlgan voqea)

Qaynonasi vafot etganida Oydin yangi kelin edi. Qaysidir korxonada hisobchi boʻlib ishlaydigan qaynogʻasi va ovsini Salima qaynonasining yettisidan soʻng, ishga chiqib ketishdi. Hayhotday hovlida Oydin yolgʻiz qoldi. Oʻqituvchi boʻlib ishlaydigan eri Habibullo ertalabdan kechgacha maktabdan beri kelmaydi.

Har kungi qiladigan yumushlarini bajarib boʻlgach, sigir bilan buzoqning yemini berdi, sugʻordi. Molxona bilan yonma-yon qurilgan qoʻshimcha xonaning  oldidan oʻtayotib, yerga sochilgan sholi donlariga koʻzi tushdi. Bir-ikki hovuch chamasi sholi donini yigʻishtirib olish uchun idish izlab, xona eshigini itardi. Eshik toʻliq ochilmadi, qattiqroq itargan edi, eshik lang ochilib ketdi. Xona ichi yorishib, qator tizilgan qoplarga koʻzi tushdi. Bu xonani qaynonasi “gʻallatom” derdi.

– Don-dun, meva-cheva, qovun-tarvuz saqlash uchun rahmatlik qaynotang bilan birga qurganmiz, hamma boyligimiz shu yerda turadi, – degandi bir gal qaynonasi rahmatlik kulib.

Oydin “gʻallatom” ostonasida uzoq turib qoldi. Xona shiftiga osilgan uzum gʻoʻralari, qatorlashgan don-dun qoplari ortidagi qoʻlbola kanoralarga yakan belbogʻ qilib osib qoʻyilgan qovunlar, pastdagi qovoqlarni koʻrib, qaynonasi rahmatlik farzandlari bilan qanchalik mehnat qilganini koʻz oldiga keltirdi.

– Ayol boshi bilan-a! – deb qoʻydi yuragi ezilib. Soʻng yodiga eshik oldiga toʻkilgan sholi doni tushdi. Oshxonadan lagancha olib chiqib, toʻkilgan sholi donlarini yigʻishtira boshladi. Shu payt koʻcha tomondan ayol kishining chaqirgani eshitildi. Qoʻlida lagan bilan darvozaxona tomon shoshildi.

– Shuncha chaqiraman, eshitmadingmi, bolam, – ostonada qaynonasining singlisi Marjon xola turardi.

Oydin xolani koʻrib quvonib ketdi. Hayhotday hovlida  yolgʻiz oʻzi, axir. Marjon xola ichkariga yoʻnalarkan, kelinning qoʻlidagi laganga koʻzi tushib rangi oʻzgarib ketdi.

– Sh-sholimi? – dedi u Oydinga sinchkovlik bilan boqib.

– Ha, “gʻallatom” oldida toʻkilibdi, yoʻlak chetigayam, terib oldim.

Marjon xola rahmatlik opasining gaplarini esladi:

– Marjonoy, – degandi bir kuni, – uyimdan baraka ketayotganga oʻxshaydi.

– Qoʻysangiz-ay, oyopa, gumon – imonsizlik, deysiz-u, oʻzingiz gumonchi boʻlib qolibsiz. Baraka qayerga ketayotir, ushlab qolaylik, – hazilomuz dedi Marjon.

– Shu, “gʻallatom”dan u-bu yoʻqolayotganday...

Marjon oʻshanda eʼtibor bermagandi. Oradan haftalar oʻtib, katta oʻgʻli sholi tegirmoniga boradigan boʻldi. Hadeganda kelavermagach, keliniga:

– Qoʻngʻiroq qilchi, Botir nega kechikdi ekan yo navbat koʻpmikan? – dedi xavotirlanib.

Kelini “hozir kelarkan”, degach, sal tinchidi. “Hozir keladigan” Botir shu kuni yarim tungacha sholi tegirmonida qolib ketgandi. Oʻshanda Botir onasiga:

– Guljon xolamning uch qop sholisini ham oqlatib berdim, mushtday qoʻshni bolaga berib yuborishibdi. Hikmatillo akam, Habibullo nima qilishayotgan ekan, ikki erkakdan birining qoʻli tegmabdimi? – degandi ogʻrinib.

Hafta oʻtib, Marjon opasinikiga bordi.

– Oʻgʻillaringiz qilmasa, mana, mening bolalarim bor, nega qoʻshni boladan xorazga sholi joʻnatdingiz? – dedi rostmana xafa boʻlib.

Guljon opasi hayron boʻldi. Singlisiga hech nima demay, asta oʻrnidan turib, “gʻallatom” tomonga ketdi. Opasining ortidan borgan Marjon uni “gʻallatom” eshigiga suyangancha oʻta oʻychan holatda koʻrdi.

– Men senga aytgan edim, uyimdan baraka ketayotir deb, ishonmading, gapimni  nazaringga ilmading, – birov eshitib qolishidan qoʻrqqanday hadik bilan gapirdi opasi. – Mana, koʻrib qoʻy, 4-5 qop sholi yoʻq, meva-cheva, qovun-qovoq ham ola-bula...

– Birovdan gumoningiz bormi? – soʻradi Marjon.

– Insof bersin, insof bersin, kelin...

Marjon dong qotib qoldi.

– Kelin?! Salima-ya?

– Ha, Salima, qoʻshni kelin bilan til biriktirib, sholi oqlatib, sotdirarkan.

– Shuni bilib turib indamay yuribsizmi, oyopa!

– Hikmatillo bilsa, oilasiga sovuqchilik tushmasin, deb...

– Buning oxiri oʻsha “sovuqchilik”dan ham yomon boʻladi-ku, oyopa!

– Mayli, sen ham indama, bir kuni insofga kelar...

Marjon xola kelinning “insofga kelishi”ni kutib oʻtirarmidi, tinchiy olmadi. Oʻsha qoʻshni kelinning 7-sinfda oʻqiydigan oʻgʻlini soʻroqqa tutdi:

– Qudratjon, xorazga borib turibsanmi? – dedi uning koʻziga tik qarab. – Aytaver, hech kimga aytmayman. Agar menga aytmasang, maktabingga borib, ustozingga aytib beraman...

– Menga guruchning ushogʻini sotib, pulini sen olaqol, deyishgach...

– Ha, barakalla, bolam, aqlli bola yolgʻon gapirmaydi. Salima chechangning guruchini sen sotib berayapsanmi, a?

– Onam sotib, pulining hammasini beradi...

Marjon shu kuniyoq opasinikiga borib, Salimani tuzlamoqchi boʻldi. Lekin opasi zinhor bunday qilmasligini, bolalarining tinchini buzmasligini iltimos qilib yalingach, shashtidan qaytdi. Biroq Salimaning oʻzi bilan yolgʻiz qolganida bor gapni yuziga soldi.

– Oʻz rizqingni oʻzing sotayapsanmi, oʻgʻirlab-a?!

Salima lom-mim  demay, boshini egib oʻtirar, unga sari Marjon xola jahl otiga minardi.

– Ering, bolalaring, qayning, ovsining oldida kim degan odam boʻlding, Salima? Axir ularning haqqidan yulib olayotirsan-ku!

Salima oʻshanda yum-yum yigʻlab kechirim soʻragan, yangi urf boʻlgan shuba palto olish uchun shunday qilganini, boshqa hech qachon bunday ishga qoʻl urmasligini aytib, ont ichgandi...

Marjon xola hozir  shularni oʻylarkan, yuragi siqildi. Bolalarining tinchligini oʻylab, kelinining oʻgʻirliklarini yashirgan opasining qiyofasi koʻz oldidan ketmay qoldi. Goʻyo unga: “Marjon, bolalarimning tinchligi, oilasi buzilmasin”, deyayotganday boʻldi. Ogʻir tin oldi.

Shu kuni Marjon xola opasinikida tunab qoladigan boʻldi. Kechqurun jiyanlari, kelinlar, nevara jiyanchalari bilan dasturxon atrofida opasini eslashdi, qurʼon tilovatlar qilishdi. Gapdan-gap chiqib, Hikmatillo xolasiga:

– Xola, onam juda xokisor edilar-a, – dedi mahzunlik bilan. – Meni, Habibulloni ishidan qolmasin, deb qoʻshni bola orqali bir-ikki marta sholi oqlatibdi, guruch sotdirib, ukam bilan singlimning kam-koʻstlarini toʻgʻrilabdi, biz bilmabmiz, eh, onajonim-ay!

– Bolalarimning tinchini buzmayin, degan-da, boyoqish, hali shunday ishlar ham qilibdimi oyopam?! – Salimani zimdan kuzatarkan, koʻziga yosh oldi Marjon xola. – Sen buni qayerdan bilding, Hikmat?

– Tunov kuni xorazga borgandim, onamning maʼrakalariga sholi oqlatib qoʻyayin deb, xorazchi shunday dedi, juda yomon boʻlib ketdim, xola. Yana nima debdi deng. Qoʻshni bola Qudrat sholi-poli olib kelsa, koʻp kutdirmay oqlab ber, deb iltimos qilibdi.

Marjon xolaning tomogʻiga nimadir tiqilganday, nafasi boʻgʻildi, yuragi ogʻridi. “Eh, opam-ay”, – dedi ichida, – “u dunyoga ketaridan oldin Salimaning izini tozalab ham qoʻyibdi-da”. U Salimaga qaradi. Shunchaki qaramadi. Alam va nafrat bilan tikildi. Salima yer bilan bitta boʻlib oʻtirar, boshini koʻtarib na eriga, na boshqalarga qarashga botinmasdi:

– Xola, – dedi vijdon azobida butun vujudi lovillab yonayotgan kabi qiynalib ketgan Salima. – Men bunday yashay olmayman, meni kechiringlar.

Hikmatillo xotinini birinchi marta koʻrayotganday hayrat bilan tikildi.

– Seni jinpin urmadimi, nima boʻldi? – dedi ajablanib.

– Meni jin urgan, jin urganiga koʻp boʻlgan. Jin urmasa shu ishni qilarmidim, kechiringlar, – yigʻlab yubordi Salima va “gʻalla-tom”dan bir-ikki marta 2-3 qopdan sholi olib, oʻgʻrincha oqlatgani va qoʻshni kelin orqali sotganini aytib, qayta-qayta kechirim soʻradi.

– Meni bolalarim, ovsinim oldida sharmanda qilmang, iltimos, – deya yalindi.

Hikmatillo lom-mim demadi-yu, asta oʻrnidan turib, onasining yotogʻi tomon yoʻnaldi. Birozdan soʻng uning hiqillab yigʻlagani eshitildi. “Ne qilsin, voyaga yetayotgan uch oʻgʻli, oyogʻiga yiqilib kechirim soʻrayotgan xotini, oʻgʻlining oilasi tinchligini saqlash uchun oiladagi bu sirni yuragiga koʻmib, oʻzi bilan olib ketgan onasi... Qay birini oqlab, qay biridan kecha oladi? Kimni qoralasin? Oʻzinimi? Kun-u tun ish-ish deb oilasining ichkarisiga birrov nazar solmay yashagan oʻzinimi? Otadan yetim qolgan bolalariga umrini bagʻishlab, oila tashvishlarini yelkalab, yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashagan onajonining yuragida shuncha qudrat borligini nega sezmadi u? Kelinini sukut saqlab kechirgan, sukut saqlab oʻgʻlining oilasini asragan onajonidagi jurʼat, sabr, matonatning bir zarrasi bormikan uning oʻzida?!”

Hikmatillo bir necha kun xomush yurdi, xotiniga eʼtibor ham bermadi, gapirsa, javob qaytarmadi. Shunday kunlarning birida onasi tushiga kirdi. “Bolam, chehrangni och, oila siri sochilmadi, shukur, kechirimli boʻlsang, halovat topasan, chehrangni och...”, dermish. Uygʻonib ketdi. Yuvinib, nonushtaga oʻtirarkan, boʻylari oʻsib qolgan uch oʻgʻliga boqib, koʻzlari quvondi. Ukasi Habibullo bir necha kundan beri tundlashib yurgan akasining yashnab turgan yuziga boqib: “xayriyat, akamning sogʻligi yaxshi”, deb qoʻydi ichida.

Oydin tayyorlagan nonushtani barchasi maqtab-maqtab tanovul qilishdi.

– Kelin pazandalikda sendan oʻzib ketibdi-ku! – dedi Hikmatillo xotiniga.

Erining bu gapi Salimaga katta mukofot, gunohi kechirilganiga kafolat edi. U quvonib ketdi.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita ▶ Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari ▶ Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda ▶ Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi ▶ Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi ▶ Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda ▶ Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ▶ Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi ▶ Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi ▶ Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi ▶ Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026