26.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
26.09.2026, 20:47
Maqolalar 👁 430

IChIQORALIK

IChIQORALIK

(Boʻlgan voqea)

Bibisora ena tong bilan tomorqa yerini birrov aylanib chiqishni odat qilgan. Yaxshi-da, ham toza havo oladi, ham ziroatning rivojidan ogoh boʻladi, nonushtadan soʻng esa qaysi paykalda qanday yumush bajarilishi haqida farzandlariga topshiriq beradi.

Bugun ham har galgi odati boʻyicha bogʻ-rogʻ, tomorqa aylanib yursa, qoʻshnisi Arslon bobo hovlisida timirskilanib yuribdi. Yelkasi turtib chiqqan, anchayin bukchayib qolgan Arslon boboning yoshi toʻqsonni qoralasa-da, uyda qarab oʻtirmas, goh kartoshka paykalida, goh bedazorda paydo boʻlar, qoʻrasidagi mol-hol, parrandalarga qarardi.

– Ancha choʻkib qolibdi, – xayolidan oʻtkazdi Bibisora ena. – Kampiri Oyjon momo dunyodan oʻtganidan soʻng juda tez oʻzini oldirib qoʻydi, boyaqish.

Arslon boboning besh qiz, bir oʻgʻli bor. Qizlari olis-yaqin ovullarda oʻz oilalari bilan tinch-totuv yashashadi. Yolgʻiz oʻgʻil Saidmurod erka oʻsganidanmi, hamon oila tizginini qanday tutishni bilmaydi. Kelini rahmatlik ham besh qizni dunyoga keltirdi-yu, ogʻir dardga chalinib, vafot etdi. Qizaloqlarning tarbiyasi, Arslon boboning issiq-sovugʻi bor, harqalay, qarindoshlar qistovi bilan Saidmurodni uylantirib qoʻyishdi. Yangi kelin oʻqituvchi. Oʻqituvchi odamoxun, andishali, oilaparvar boʻlar, deb umid qilishgandi. Unday boʻlmadi. Sojidaxon ismli bu juvon birinchi eridan qanday ajrashganini Bibisora ena bilmaydi-yu, lekin har doim uning muomalasini koʻrib, “hoy-nahoy, xulq-atvoridan boʻlsa kerak!”, deb qoʻyadi ichida.

Sojida bu xonadonga kelgan kunidanoq oʻz “tartib-qoidasi”ni oʻrnatishga intildi. Zamonaviy oilalar ota-onadan alohida yashashi kerak, deb hovlining bir chetiga uch xonali imorat qurishga erini koʻndirdi. Saidmurod “Axir hovli-joy yangi-ku” demadi, hatto yetimcha qizlarini ham oʻylamadi. Xotini va oʻgay oʻgʻli (Sojidaning olti yashar oʻgʻilchasi bor edi) bilan uchalasi yangi imoratga koʻchib oʻtishdi. Shu voqeadan soʻng, Arslon bobo mahalla-koʻyga ham aralashmay qoʻydi.

– Yaxshiyam nevara qizlari esli-hushli, bobosining egni-boshi, issiq sovugʻiga qaraydigan boʻlishdi, – oʻziga oʻzi pichirlab, boshini chayqab qoʻydi Bibisora ena va asta qoʻshni hovli bilan oʻz hovlilari oraligʻida ekilgan, yashil devor vazifasini oʻtovchi butalar tomonga yurdi.

– Assalomu alaykum, Arslon ogʻa, hormang, – dedi yashil devor osha boboni kuzatarkan.

Bobo beli ogʻridi shekilli, birdaniga orqasiga oʻgirila olmadi, ketmoniga suyanib oldi-da, salgina tiklandi.

– Vaalaykum assalom, Bibi, omonmisan kelin, – dedi hansirab.

Bobo Bibisora enani doim shunday chaqirardi. “Oʻzim sovchi boʻlib, seni Obod inimga olib berganman. Sen mening katta kelinimsan-a”, derdi doim. Boboning nafasi ogʻziga tiqilib, hansirab turishini koʻrib Bibisora enaning ichi achishdi:

– Saidmurod biron yoqqa... Shu payt kutilmaganda Sojida paydo boʻldi-yu, Bibisora enaning gapi ogʻzida qoldi.

– Ha, Saidmurodni ne qilasiz? – dedi salom-alik ham qilmay. – Boboyga ichingiz achishsa, ana uyingizga olib borib qoʻying, qizlari ham sizniki!

Bibisora ena dong qotdi. Bir muddat hech narsa deya olmay, noqulay holatda turib qoldi.

– Uyalmaysanmi, qizim, – dedi soʻng qoʻshnilar eshitmasin, degan istihola bilan.

– Nega uyalaman, nega, ayting, boboy ishlasa, ana oʻzining tekin tomoqlari uchun ishlaydi, men uchun emas!

Sojida yuzsizlarcha koʻ-zini baqraytirib turar, gʻisht qolipdan koʻchgan, endi Bibisora ena ham andishani bir chetga qoʻyib, uning gapiga yarasha muomala yoʻlini tanlagandi.

– Ovozingni oʻchir, – dedi qatʼiy. – Issiq qoʻnalgʻangni (uyingni demoqchi), tashlab, oʻzga bogʻni ixtiyor etuvingning sababi feʼlingdan ekan-da. Ertaga nima boʻlishini Allohning oʻzi biladi.

– Koʻramiz! – dedi tantanavor Sojida.

– Xudo umr bersa, koʻramiz, oʻsha kungacha sabr bersin bandasiga, – dedi-yu Bibisora ena ortiga qaytdi.

Shu voqeadan soʻng, bir-ikki oy oʻtib Arslon bobonikida qandaydir shovqin chiqdi. Bibisora ena chiday olmay boboning uyiga borganini bilmay qoldi. Dolonga kirib, naq qiyomat-qoyimning ustidan chiqdi. Boboning ikki qizi bilan Sojida ogʻzidan oq kirib, qora chiqib urishar, besh nafar yetim qizaloqlar bobosining pinjiga kirganicha qoʻrquvdan qaltirab turishar, Arslon boboning esa turtib chiqqan yelkalari titrardi. Razm solsa, Sojida hali-beri janjalni qoʻymoqchi emas, tobora qaynsingillarining ustiga bostirib borar, qoʻyib bersa, qoʻlidagi supurgi bilan qizlariga qoʻshib boboni ham savalab tashlaguday vajohati bor edi. Oxiri boʻlmadi, Bibisora ena shahd bilan uning qoʻlidagi supurgini yulqib oldi-da, dolon adogʻiga otib yubordi.

– Charsligingni bilardim, – dedi Sojidaning tirsagidan mahkam tutib, – lekin bunchalik itfeʼlligingni aslo bilmagan ekanman. Qani ayt, qaynotangda, mehmonga kelgan mana bu qaynsingillaringda ne ayb bor?

– Oʻzlari biladi aybini, – toʻngʻilladi Sojida.

– Aybimiz, aybimiz..., – yigʻlab yubordi qizlarning kattasi, – bugun chechamning dunyodan oʻtgan kuni edi, shunga bir choʻqim palov pishirib, sadaqa qilamiz, deb...

Bibisora enaning koʻngli allanechuk boʻlib ketdi, lekin sezdirmadi.

– Oʻlib ketgan kundoshingga torlik qilayotgan ekansan-da?

– Oʻlgan oʻldi, buni aytaverib, xoʻjaligimga aralashib ne qilasiz, ena!

Bu Saidmurodning ovozi edi. “Yo xudoyim, oʻz bolasi shunday deb turganida Arslon bobo ne qilsin?” ich-ichidan faryod qildi Bibisora ena.

Yoʻq, buni bunday tashlab qoʻymaydi. Axir Arslon bobo xuddi otasiday unga koʻp yaxshiliklar qilgan, mahalla-koʻyda soʻzini, oʻzini anglagan keksalardan. Qariganida boboni bu jizzaki, torfeʼlli xotinga talatib qoʻysa, odamgarchilik uvol boʻlmaydimi?

– Qani, Saidmurod, xotiningni ol-da, anov qoʻrgʻoningga chekin! – qatʼiy buyurdi Bibisora ena. – Bu xotinni topgan kuningdanoq sen tugʻishganlaringdan, mana bu yetimchalaringdan voz kechgan ekansan, erkakmisan oʻzi?

Saidmurod uyalish oʻrniga Bibisora enaga xezlandi:

– Sizga nima, sizga nima? Biylikni bolalaringizga qiling, bu – mening uyim, nima qilishni oʻzim bilaman, ha!

– Aytib qoʻyay, nima qilishni, mana men ham bilaman, mahalla-koʻy, el biladi, chiq endi!

Mahalla-koʻyda soʻzi oʻtkir Bibisora enaning feʼlini yaxshi biladigan Saidmurod murosa yoʻliga oʻtdi:

– Shu, oʻtib ketgan odamni deb urishmaylik...

– Nima? – tutaqib ketdi Bibisora ena. – Sen bola, hali shundaymisan? Besh qorakoʻzni dunyoga keltirgan, mana bu imorat, hovli-joyni obod qilguncha kecha-kunduz tinim bilmagan Sanamjonning xotirasiga hurmating yoʻq ekan-da! Chiq, manavi torfeʼl xotining bilan anov qoʻrgʻoningga chiq, qaytib bu uyga boshingni suqma!

Saidmurod xotinini ergashtirib, dolonni tark etarkan, Sojida jim ketolmadi. Bor alamini, butun feʼl-u atvorini bir gapga jamladida, jizzakilik bilan baqirdi: – Hali boboy oʻlsin, qizlarining birontasini ham bu uyga yoʻlatmayman!

Uning bu gapini nafaqat shu yerda hozir boʻlganlar, hatto bir uy naridagi qoʻshnilar ham eshitishdi.

– Astagʻfurulloh! Niyatni yaxshi qilmadi-ya! – deya yoqa tutishdi eshitganlar.

Arslon boboning qizlari aqlli edilar. Boʻlib oʻtgan mojaroni ichlariga yutishdi. Shu kuni Saidmurodning vafot etgan xotini, rahmatlik Sanamjonning xotirasi uchun xayr-sadaqa oshi pishirib, tarqatishdi. Hech narsa boʻlmaganday, marosimni oʻtkazib, otasining va jiyanlarining kir-chirlarni yuvib, hovli-joyni tartibga keltirishdi. Tomorqadagi ekin-tikinlarga qarashdi.

Vaqt – oliy hakam. Mahallada gap oraladi: “Saidmurodning ikkinchi xotini yukli ekan, yuki ogʻirlashib, Nukusdagi shifoxonaga tushibdi” Yana bir kuni Bibisora enaning shifokor kelini dabdurustdan:

– Sojida ogʻirlashib qolgan ekan, bolasini dunyoga keltirolmagani uchun qornini yorib olishibdi, bolasi oʻlik tugʻilibdi, – deb qoldi.

Bibisora ena yoqasini tutamlab:

– Tavba, – dedi, – oʻzining joni omon qolsin-da.

Bir oydan ortiq Nukus shahridagi shifoxonalardan birida davolangan Sojida uyiga qaytdi. Qoʻni-qoʻshnilarga bosh boʻlib Bibisora ena uni koʻrgani kirdi. Ozib, rangi soʻlib qolgan Sojida divanda gʻujanak boʻlib yotardi. Qoʻshnilarini koʻrib, asta boshini koʻtardi, lekin Bibisora enaning yuziga betlanib qaray olmadi, yelkalari silkinib-silkinib yigʻlayverdi, yigʻlayverdi. Atrofida ogʻir-yengiliga parvona boʻlib Saidmurodning qizlari yurishar, hovlida esa Arslon bobo, aftidan pishib yetilgan kartoshka paykalida Saidmurod bilan hosil yigʻardi. Arslon boboning qizlari esa biri non yopsa, yana biri toʻplanib qolgan kirlarni yuvar, Sojida esa hayotning sinovi oldida yaxshi tomonga oʻzgarganday edi.

– Xastaga shifo, koʻngillarga kenglik, xotirjamlik bersin, oʻzingga shukur, – dedi Bibisora ena oʻrnidan turarkan.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita ▶ Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari ▶ Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda ▶ Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi ▶ Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi ▶ Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda ▶ Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ▶ Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi ▶ Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi ▶ Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi ▶ Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026