21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 11:41
Jamiyat 👁 576

AJDODLAR MATONATI VA JASORATI BIZ UChUN HAMIShA IBRAT

AJDODLAR MATONATI VA JASORATI BIZ UChUN HAMIShA IBRAT

Ikkinchi jahon urushi boshlangan damlarda sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan Oʻzbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan boʻlsa, shuning 1,5 milliondan ziyodi urushda qatnashgan. Ularning 500 mingdan ziyodi yurt ozodligi yoʻlida janglarda jasorat, matonat bilan dushmanga qarshi kurashib, halok boʻlishgan, qancha-qancha yigitlar ayni navqiron yoshida mayib-majruh boʻlib qaytgan. Urush keltirgan talofatlar, jabr-sitamlar shulargina emas.

Bu haqda tumanimizda istiqomat qilayotgan front orqasida gʻalabaga hissa qoʻshish uchun kun-u tun mashaqqatli mehnat qilgan, bugungiday dorilomon kunlarga yetganiga hayotining har lahzasida shukrona aytib yashayotgan tabarruk faxriylar xotiralarini tinglab koʻring-a!

 

Erlapas Boboniyozov – Oʻrta qalʼa ovuli:

– Urush boshlangan vaqtda men 15 yoshli bola edim. Ovulimizdan boʻyga yetgan yigitlar, kuchli-qoruvli erkaklar armiyaga olindi. Urush boshlanmasidan oldin ham hayot ogʻir, qahatchilik edi. Hammaning ustida bir yozlik, bir qishlik kiyimigina boʻlar, topgani qozon qaynatishga goh yetsa, goh yetmas edi. Urush boshlangach, xoʻjalik yerining ham, tomorqasining ham barcha ishlari ayollar va bolalar zimmasiga tushdi.

U paytlarda har brigadada ikki-uch hoʻkiz boʻlar, ayollarning bel bilan agʻdargan yeri qaytadan omochda haydalib, mola bosib, tekislanib, bir joʻyalik ot seyalkada chigit ekilardi. Texnika qayoqda, hamma ish qoʻlda bajarilardi. Ayollar, bolalar kun boʻyi paxta dalasida ishlasa, kechasi yoz kunlarida bugʻdoy, arpa oʻrar, tongda uyiga kelib, tegirmon tortib, zogʻora, patrak yopardi. Zogʻorasi, patrak, yaʼni joʻxori unidan qozonda qotirib pishirilgan noni bor odam eng oʻziga toʻq odam hisoblanardi, kim arpa, kim kepak yegan vaqtlari koʻp boʻldi. Odamlarning kunjara yeb shishib oʻlganlari ham boʻldi.

Endi ana shunday mashaqqatlar bilan ekilgan don-dunning hammasi frontdagi askarlarga joʻnatilar, hatto odamlarning tomorqasida yetishtirgan arpa, bugʻdoyini tortib olishardi.

Eslayversam, urush davrining har bir kuni xalqimiz uchun azob-uqubatlar bilan oʻtdi. Biroq hech kim zamondan nolimadi, urush tezroq tugashi uchun, gʻalaba uchun kurashdi.

 

Otaxon Xudoyorov – Mangʻit shahrining Boyovul mahallasidan:

– Yosh bola boʻlsak-da, men tengilar ham urush xabarini eshitgan vaqtimizda juda dahshatga tushganimiz, yov xuddi hozir ustimizga bostirib kelib qolayotganday qoʻrqqanlarimiz yodimda. Oilamizdan mendan katta uch oʻgʻil – Qurbonboy, Nurulla, Bobojon ismli  jondan aziz akalarim birin-ketin armiyaga olindi. Ota-onamning har kuni ilhaq boʻlib, ulardan xabar kutib, parishon boʻlib yurishlari hamon koʻz oʻngimda. Baxtga qarshi ikki akam urushda halok boʻldi, Bobojon akam sogʻligʻiga putur yetgan boʻlsa-da, omon qaytganiga quvondik. Akam keyinchalik oilali, toʻrt farzandli boʻldi. Biroq ota-onam hayotining soʻnggi kunlarigacha Nurulla, Qurbonboy akalarimning yoʻllarini qaradi. Doim xuddi baravariga eshikdan kirib keladiganday, pishgan ovqatdan nasibasini qoʻyib oʻtirishardi.

Urush tufayli musibat yetgan faqat bizning oilamiz emas edi. Salima opa degan qoʻshnimizning bir oy ichida uch nafar oʻgʻli urushning ilk davrida armiyaga ketdi. Ulardan keyinchalik xat-xabar kelmay qoʻydi. Qoraxat kelganidan soʻng, halok boʻlishganini bildik. Opa uch oʻgʻil judoligini koʻtarolmay, savdoyiga oʻxshab qoldi. Yakka-yolgʻiz oʻzi qachon ovqatmi, nonmi olib borsak, oʻzicha oʻgʻillari bilan gaplashib oʻtirardi. Unga juda achinardik, biroq qoʻlimizdan nima ham kelardi. Musibatlar ustiga ayollar, bolalarni ogʻir mehnat juda ezib yubordi.

Urush tugagach, oradan yillar oʻtib, hayotimiz yaxshilana boshladi. Biroq yuraklardagi jarohat bitmadi. Ha, Ikkinchi jahon urushining xalqimiz boshiga solgan jabr-sitamlari qalbimizdan oʻchmaydi. Urushda gʻalaba qozonilgan kuni butun yurtimiz boʻylab, odamlarning quvonchi koʻkka yetgan, hamma shodligidan bir-birini quchib-qutlagan, bosh kiyimini osmonga otib oʻynagan, gʻalaba, gʻalaba deb ovozi boricha baqirishgan edi.

 

Rimboy Madiyorov – taʼlim faxriysi, Mangʻit shahrining Chordara mahallasidan:

– 13 yoshda edim. U paytlarda Qipchoq arnadan sal oʻtilgach, soʻlim bir bogʻda, pionerlar lageri joylashgan edi. Tumanning eng aʼlochi, faol oʻquvchilari yozgi taʼtilda lagerga yuborilar edi. Urush boshlangan vaqtda men lagerda dam olayotgan edim.

Bir kuni ertalab odatdagiday uyqudan uygʻotuvchi gorn chalinmadi. Tarbiyachilar ham hang-mang boʻlib oʻtirishibdi.

Hech kim bolalarni nazorat qilay, ertalabki nonushtaga chaqiray demaydi. Men odatimcha erta turganim uchun u yoq-bu yoqni aylanib yurib yana oʻrtoqlarim yoniga qaytdim.

Bir payt Primbetov degan lagerning rahbari hammani yigʻib urush boshlanganini aytdi. Urush nimaligini toʻla tushunmasak ham sovuq xabardan angrayib qoldik.

Primbetov esa lagerdan uylarimizga qaytishimizni, esli-hushli boʻlib ota-onalarimizga suyanchiq boʻlishimiz lozimligini maʼlum qildi.

Shunday qilib, bir guruh bolalar lagerdan qaytayapmiz, hech kimdan sado chiqmaydi. Urush xabaridan ana shunday gangib qolgan edik. Urush yillarida koʻrgan – kechirganlarimiz, qiyinchiliklarimizni aytsam, bugungi  kun yoshlariga ertakdek tuyular. Biroq front orqasidagilarning mashaqqatli mehnatlari ham urushdagi askarlarnikidan kam boʻlmadi, desam lof boʻlmas. Butun tirikchilik, kolxoz ishi ayollar, bolalar zimmasida. Yosh yigitlar urushga, yoshi kattalar ishchi batalonlarga olingan, qancha ogʻir mehnat boʻlsa-da, gʻalaba umidi bilan bardosh berayotgan ayollarning qoʻli ishda, koʻzi pochtalonning yoʻlida boʻlardi. Hamma uni ham oshiqib, ham bir hadik bilan kutardi. Axir qoraxatlardan ham yuragi bezillab qolgan edi-da.

Ana shunday kunlardan oʻtib, dorilomon, farovon kunlarga yetib kelganimdan juda quvonaman. Maktabda dars berib yurgan damlarimda ham, mahallaga rais, kotib boʻlgan damlarimda ham doim yoshlarga bugungiday baxtiyor davrning qadriga yeting, bu kunlar qanday ogʻir mehnatlar, yoʻqotishlar evaziga kelganini unutmang, deb uqtirardim, hozir ham. Ha, u kunlarni unutishga hech kimning haqqi yoʻq.

 

Yoqut Sultonova – Xolimbeg ovulidan:

– Otam erta vafot etib ketgach, men, onam va ikki akam yashardik. Urush boshlangach, ikki akam ham armiyaga ketdi. Uyda onam ikkimiz mungʻayib qoldik.

Kuni boʻyi paxtada, kechasi bugʻdoy, sholi oʻroqda boʻlamiz. Uyga kelib, hovlimiz atrofidagi ekinlarga qaraymiz. Qozonga ikki-uch patrak  non yopsak, birini onam ikkimiz boʻlib yeb, birini olib, erta bilan yana paxta oʻtashga ketamiz. Ogʻir mehnat  oʻz yoʻliga, odam temir emas axir, baʼzan uxlab qolib, dalaga kun chiqquncha yetib  kelolmay qolsak, rahbarlarning beradigan azobi ortiqcha boʻlardi.

Xudoga shukur, urushdan soʻng, hayot asta-sekin yaxshilanib, bugungiday obod, farovon kunlarga yetib keldik. Yaratgan bu kunlarni bardavom qilsin, deb  kun-u tun tilayman. Bu kunlarga yetganimga beadad shukronalar aytaman.

 

Toʻxta  Boltaboyeva – Ayoqchi mahallasidan:

– Urush boshlanganida men oʻsmir qizaloq edim. Ikki akam urushga ketgach, harbiy libos kiygan kishilar kelib, uyimizdagi bor don-dunimizni urushdagi askarlarga deb tortib olib ketishdi. Onam ikkimiz hech vaqosiz shum-shayib qolaverdik. Oʻsha kunlari kolxozning bugʻdoyi oʻrilayotgan kunlar edi. Paxta oʻtoqdan kelib, odamlar uyidagi borini yeb-ichib, kechasi bugʻdoy oʻroqqa borardi. Uch-toʻrt oʻsmir bolalar eski latta-puttalarni xodaga bogʻlab, lampa moyga botirib, sham qilib yoqib bizga, ayol-qizlarga tutib turardi. Ustimizda hosilot bizni bugʻdoydan oʻgʻirlab ketmasin, deb kuzatib turardi. Bugʻdoyi yigʻishtirib olingan daladan mashoq tergan vaqtlarimizda oʻgʻriga chiqarib, qoʻlimizdagi bugʻdoyimizni olib qoʻyishgan vaqtlari ham boʻlgan. Chigʻir bilan sugʻoriladigan tomorqadan hosil olish juda mushkul, tirikchilik ham ogʻir edi. Shunda ham butun el topganini frontdagi askarlarga joʻnatayotganidan xursand boʻlardi. Axir deyarli hamma oilaning ham urushda kimidir bor edi.

Eh... u kunlarni eslasam, yuragim hamon orqaga tortib ketadi. Xudoga shukur, hozir farzandlarim, 95 nafar nevara, chevara, evaralar ardogʻidaman. Hayotimiz tinch, osuda. Bu – tinchlik sharofati.

 

Yoʻldosh Matmurodov – Doʻrman ovulidan:

– Urush boshlanganida men oʻsmir bola edim. Oradan besh-olti oy oʻtgach, otamni ishchi batalonga olishdi. Onam kolxozda ishlagani uchun ozgina don-dun olardi, xolos. Bu tirikchiligimizga yetmasdi. Shunday qilib, 15 yoshimda dalalar chetlaridagi boʻyanlarning poyalari – choʻkirdagini oʻrib, Toshhovuzga olib borib sotib, har kungi topganimga non olib keladigan boʻldim. Urush yillarida toʻyib uxlagan, non yegan odamning oʻzi boʻlmagandir-ov. Katta-katta kanal, ariqlarni qishning qahratonida qazib chiqarar edi odamlar. Kattaroq ayollar lom bilan toʻnglab yotgan yerni yorib, qazib olingan toshday qotib yotgan tuproqni biz bolalarga uzatadi, biz uch-toʻrt qadam koʻtarib borib, roshga qoʻyib kelamiz. Toʻrt faslda ham kolxozning ishi ado boʻlmas, biroq evaziga mahalliy rahbarlar gʻazabini sochgani sochgan edi. U kunlarni aytaversam hozir farzandlarim, nevaralarim ham hayron qoladi.

Ha, biz oʻsha urush yillari inson aqli bovar qilishi qiyin boʻlgan kunlarni boshimizdan kechirdik, urush dahshatini yurak-yurakdan his qildik. Eng yomoni qishlogʻimizga tez-tez kelib turadigan mashʼum oʻlim xabari edi.

Tinchlik – juda ulugʻ neʼmat. Buni qadrlash, avaylash, bardavom boʻlmogʻi uchun intilmoq kerak.

 

Yoʻldosh Rajabov – Qilichboy ovuli:

– Men hozir 92 yoshdaman. Biroq qarab oʻtirgim kelmaydi. Yaqin-yaqinlargacha hovlimdagi bogʻimga oʻzim qarardim. Mevalarning turidan, eng hosildor, aʼlo navlaridan bor bogʻimda.

Koʻpchilik charchab qolmaysizmi, deb soʻrashardi. Oʻylab koʻring, shunday tinch, farovon zamonda yashab ham charchaydimi odam, derdim ularga.

Ha, azizlar. Men bu gaplarni bejiz aytayotganim yoʻq. Urush yillarida boshimizdan oʻtgan ogʻir kunlar, zahmatli mehnatlarni eslasam, hozir ham yuragim zirqirab ketadi. Oʻshanda men ham 12 yasharligimda kecha-yu kunduzi ishlaganman, brigadada tabelchi boʻlganman, desam koʻpchilik ishonmas.

Ha, gʻalabaga boʻlgan umid kuch bergan, qornimizni nonsiz toʻydirib qoʻygan edi.

 

Haytim Obdolov – Qilichboy ovulining Beshovul mahallasidan:

– Oʻshanda 5-sinf oʻquvchisi edim. Urush boshlangach, avval ham bor iqtisodiy qiyinchiliklar yana ham kuchaydi, maktab ham goh ochilsa, goh oʻqituvchi yetishmay, yopilib qolardi.

Otam, akam urushga ketgach, roʻzgʻorimizga koʻmakchi boʻlish uchun temirchiga shogird tushdim. Umr boʻyi shu hunarim bilan oilamni boqib keldim.

Allohga shukur, hozir hayot farovon, toʻkin-sochinlik. Yoshlar yetar-yetmas neligini bilmay kamolga yetishayapti. Ilohim, ularning baxtiga koʻz tegmasin, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishsin. Boisi bugungi hur zamon tinchlik tufayli.

 

Tursun Yoʻldosheva – Beshovul mahallasidan:

– Qoʻlida qurol tutishga yaroqli erkaklar urushga ketib, hamma ish ayollar, bolalar zimmasiga tushib, ogʻir mehnatda ezilgani yetmaganday, barchani  urushdagi yaqinining xavotiri tark etmasdi. Buning ustiga bugʻdoy, goʻsht, sariyogʻ, tuxum soliq ham toʻlar edi aholi.

Akam armiyaga ketgach, onamga suyanchiq boʻlish uchun shu yoshda ham kattalar bilan kecha-yu kunduz baravar ishlaganman. Aytaversam, urushning xalqimiz boshiga solgan azob-uqubatlari ado boʻlmaydi. Bir nonni tushlikda boʻlib yesak – kechqurun nima yeyishimizning qaygʻusi bosib yeganimiz ham tatimasdi. Ammo shunday kunlarda xalqimiz borini birga yedi, hech kim mehnatdan qochmadi, quvonch va tashvishni birga baham koʻrdi.

 

Pardagul Bekniyozova  – Qilichboy ovulining Xizr eli mahallasidan

– U kunlarni biz koʻrdik, endigi avlodlar koʻrmasin. Hozir 105 yoshdaman. Umrimda bugungiday hur, farovon hayotni koʻrmaganman. Hozirgi avlod buning qadriga yetib, asragay. Erta-yu kech tilagim shu.

Bekman Allaberganov va Oygul RAJABOVAlar suhbatlashdi.

Mahmudjon Shomurodov olgan suratlar.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026