Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishdagi yangi tizimning huquqiy asoslari
Maʼlumki, mamlakatimizda 2020-yil 1-martdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish bilan bogʻliq yangi tartib oʻrnatiladi. Tabiiyki, har bir fuqaroda avval kundalik hayotimizda uchramagan bu yangi tizim afzalliklari va qulayliklari nimadan iborat, degan savol tugʻilishi mumkin. Bu savolga javobni biz “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunidan bilib olishimiz mumkin.
Ushbu Qonun 2019-yil 13-avgustda qabul qilingan boʻlib, u 44 ta moddadan iborat. Unda Qonunning maqsadi, printsiplari, xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari, xususiylashtirilgan yer uchastkasini mulkdordan olib qoʻyish asoslari va tartibi hamda shu kabi boshqa masalalar sodda, xalqchil tilda yoritib berilgan.
Mazkur Qonunga koʻra endilikda yer uchastkalari doimiy foydalanish (egalik qilish), yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish hamda yer uchastkalarini elektron onlayn-auktsion (“ye-auksion.uz” sayti) orqali sotib olish orqali xususiylashtiriladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, asosiy bosh qomusimiz- Konstitutsiyamizning 55-moddasida ham yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boyliklar hisoblanib, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi belgilab qoʻyilgan.
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obʼektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek, ularga tutash boʻlgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur oʻlchamlardagi yer uchastkalari, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari, boʻsh turgan yer uchastkalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasiga berilgan yer uchastkalarigina xususiylashtirish obʼekti boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, mazkur Qonun xususiylashtirish subʼektlari roʻyxatini ham aniq belgilab bergan. Xususan, xususiylashtirish subʼektlari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar eʼtirof etilgan.
Obʼektlar va subʼektlar masalasida Qonun qator cheklovlarni qatʼiy belgilab oʻtgan, yaʼni quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
- tasdiqlangan va eʼlon qilingan rejalashtirish sxemalari boʻlmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari;
- roʻyxati qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan, xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obʼektlar joylashgan yer uchastkalari;
- tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun moʻljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek oʻrmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sohil boʻylari, skverlar, xiyobonlar);
- xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor boʻlgan yer uchastkalari;
- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.
Shuningdek, chet ellik fuqarolar va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish subʼektlari boʻlmaydi.
Xulosa qilib aytganda, bir necha yillar davomida fuqarolik muomalasi obʼekti sifatida qonunchilikda oʻrin egallay olmagan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari endilikda qonunda belgilangan tartibda sotilishi, ijaraga berilishi, garovga qoʻyilishi yoki mulk huquqining boshqacha koʻrinishida ifodalanishi mumkin. Asosiysi bu mulk huquqimizdan foydalanishimizda majburiyatlarimizni ham unutib qoʻymasligimiz zarur.
Tuman Adliya boʻlimi boshligʻi M.Matyusupov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶