BIR QOʻShIQ JOZIBASI
Bir qoʻshiq taralayapti.
Ne-ne qalblarni sehrlab, koʻngillarni sel qilib, yuraklarga huzur-halovat, rohat-farogʻat baxsh etib, ezguliklarga chorlab, ruhiyat iqlimlariga aʼlo kayfiyat ato etib, mumtoz sheʼriyatimizning beadad xazinasiga mansub bebaho durdona bilan oshno qilib yangrayapti bu qoʻshiq!
Zulfung ochilib orazi diljoʻ bila oʻynar,
Xindubachaye shoʻxdurur suv bila oʻynar.
Qoʻshiq davom etgani sari ovoz kuchaytirgich yordamida ijro etiladigan “zamonaviy” atalmish qoʻshiqlarning quloqni batang etuvchi tovushiga oʻrgangan ayrim tinglovchilarda ham bu jonli ijro qiziqish uygʻota bordi.
Hofiz esa vujudining har bir hujayrasi bilan kuylayotganday, qoʻshiq soʻzlariga mast boʻlib, gʻazal ruhiyatining ummoniga shoʻngʻib borar edi. Pardadan pardaga, baytdan baytga oʻtgan sayin qoʻshiqning sehrli jozibasi tinglovchilarning diqqatini butunlay jalb qilar edi. Bunda shoirning ushbu satrlari oʻz tasdigʻini topganday edi:
Hofiz avj pardada kuylagani chogʻ,
Goʻyoki taxtida oʻtirgan podshoh.
U senga jonini berishga tayyor,
“Oh” chekkan chogʻida torta olsang “oh”.
Mumtoz sheʼriyatimizni sevgan, buyuk ajdodlarimizga mansub shoirlarimizning gʻazallari jon-diliga singib ketgan muxlislar bu ijrochi qiyofasida oʻzlari yetolmagan maqsadga – gʻazalni kuy joʻrligida maromiga yetkazib, oʻziga ham, tinglovchiga ham manzur qila oladigan darajada ijro qila olishga – erishgan insonni topganlaridan xursand edilar.
Bu qoʻshiq ijrochisi, tumanimizdagi iqtidorli xonandalardan biri – Toʻliboy Yoʻldoshev ham bu davrada qoʻshiqning qadriga yetuvchi muxlislar topganidan benihoya shod edi va bu tuygʻu yanada joʻshib kuylashga undardi. Qoʻshiqqa qoʻshiq ulana bordi.
Soʻz va musiqa uygʻunligini, soʻzni toʻgʻri anglash, bu soʻz zamiriga yashiringan maʼnolarni his qilish, musiqani tushunish, lozim boʻlsa, ular dunyosida yashashni qismat bilgan hofiz goʻyo uqtirayotganday:
“Hayotga bir marta kelasan, shu vaqtgacha nelarni anglading, nelardan bahramand boʻlding, qarabsanki, hali koʻp narsaga erishmabsan, demak, komillik istasang, mana senga imkoniyat – buyuk ajdodlarimizning merosini oʻrgan, anglashga intil va shular orqali oʻzingdan balandroq koʻtaril, hayotning maʼnosini angla, goʻzalligini topishga harakat qil va buni yosh avlodga ham oʻrgat!”.
Muxlislarimizni rom etgan, ijodi umummaʼnaviyat xazinasi, milliy maʼnaviyatimizning qomusi boʻlgan Navoiy qalamiga mansub ushbu gʻazal sehrini anglamoq maqsadida uni tahlil qilishga urinib koʻramiz:
“Badoyeʼ ul-vasat” devonining 166-gʻazali shu matlaʼ bilan boshlanadi:
Zulfung ochilib, orazi diljoʻ bila oʻynar,
Hindubachaye shoʻxdurur, suv bila oʻynar.
Navoiyning oʻrta yosh lirikasiga mansub bu gʻazal shoirning shu davrdagi kamolotini, oʻrta yosh goʻzalliklariga maftunligini va ehtiroslari aks etganligini ifodalab turibdi.
Asarning mazmuni bir qaraganda maʼshuqa jamolini taʼriflashday koʻrinadi. Ammo undagi taʼrif anʼanaviy tavsifiy gʻazallardan keskin ajralib turadi. Maʼshuqadagi har bir xususiyat taʼrifi maʼlum bir qiyosiy tasvir asosiga qurilgan, chunki mumtoz gʻazalnavislikning asosiy shartlaridan biri gʻazalning har bir baytida bir sheʼriy sanʼat namunasi hamda bir yangilik boʻlishi kerak. Zulfning eshilib, silkina-silkina yuz tegrasida oʻynoqlashi shunchaki quruq tasvirlanmay, unga hayotiy tamsil (oʻxshatish) topilgan.
Tamsil usulida suv bilan oʻynab turgan hindubachani zulfga oʻxshatadi. Bu qiyosga hindubacha va zulfning ikki oʻxshash belgisi – qoraligi va shoʻxligi asos boʻladi. Shuningdek, bu oʻxshatishdan maʼshuqa yuzining suvday tiniq, musaffo va hayotbaxshligi aniq anglashiladi. Shoir gʻazalning mazmuniga mos, shoʻx va oʻynoqi ohang tanlagan.
Gʻazalning mumtoz qoʻshiqqa aylanishi va xalqqa manzur boʻlishida ham mana shu holat muhim ahamiyatga ega. Gʻazal radifiga “oʻynamoq” feʼli tanlangani ham bejiz emas. Buning sababi, gʻazal mazmuni va badiiy tasvir mosligiga erishishga intilishdan iboratdir.
Zulfning bolalarga xos oʻyinqaroqligi tasviri keyingi baytlarda ham oʻsha maromda saqlangan:
Ul shoʻx koʻngil lavhin etib tiyra nafasdin,
Bir tifldur, alqissaki, koʻzgu bila oʻynar.
Oʻynay-oʻynay bogʻladi uy-qumni fusundin,
To gʻamzasi ul nargisi jo-du bila oʻynar.
Hayotiy lavhalar bilan qiyoslab tasvirlash, tamsil usuli bu gʻazalda uslubiy vositaga aylangan. Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, Navoiy poklik, begʻuborlik, oʻyinqaroqlik, chaqqonlik kabi bolalarga xos xususiyatlardan koʻpgina gʻazallarida foydalangan.
Masalan:
Qalagʻay safhada ruqʼangni koʻrub oqti yoshim –
Tifldekkim, yugurur koʻrsa mulavvan koʻpalak
baytida “ruqʼa” – xat, maktub, “tifl” – yosh bola, “mulavvan” – rang-barang, “koʻpalak” – kapalak. Oshiq yorining maktubini oʻqir ekan, uning koʻzlaridan tomayotgan sogʻinch yoshlari maktub bitilgan oppoq qogʻozga tomib, uning chetlariga, hoshiyasiga tomon sirgʻalib ketadi, bamisoli yosh bola qanotlari gulrang kapalakni quvlab ketayotganday.
“Qalagʻay safha”ni ham qadimda atrofi guldor hoshiyali roʻmolning “qalagʻay roʻmol” deb atalishini lugʻatlar orqali bilib olganimizdan keyin atrofi rangli guldor hoshiyali, lirik qahramonning maktubi bitilgan oq qogʻoz ekanligini tushunib olamiz.
“Tifl”, “hindubacha”, “mugʻbacha” timsollari Navoiy gʻazallarida koʻp uchraydi.
Navbatdagi baytda maʼshuqaning koʻzi tasvirlanadi:
Tong yoʻqki, koʻzing boʻlsa koʻngil birla muloyib,
Majnungʻa ajab yoʻq, agar ohu bila oʻynar.
Baytning mazmunini shunday ifodalash, mumkin: “Sening koʻzing mening koʻnglim bilan oʻynashgani taajjublanarli emas, chunki Majnunning ohu bilan oʻynashi tabiiy”. Bundan yana shuni anglasa boʻladiki, shoir maʼshuqaning koʻzi ohuniki singari goʻzal, oʻynoqi ekanligini, shuningdek, lirik qahramon koʻnglining majnunholligini ham soʻz orasida tasvirlab oʻtgan.
Maʼshuqa yuzidagi xol ham hayotiy asoslarda aks etgan holda tasvirlanadi:
Bir loʻliyi bozigar erur chanbar ichinda,
Xolingki, oʻshal halqayi gesu bila oʻynar.
Bu baytda taʼriflanayotgan xolning jozibadorligi yorning tebranib turgan sochlari orasidan oʻynaganday boʻlib koʻrinayotgani chambarak ichida oʻyin koʻrsatayotgan loʻlivash goʻzalga taqqoslangan.
Mustaqilligi bilan ajralib turuvchi, maqtaʼ (oxirgi bayt)dan oldingi baytda shoir zohidga tanqidiy munosabatini tamsiliy usulda qistirib oʻtadi:
Zohid ila nafs etsa tamasxur, ne ajabkim,
It sayd qilur vaqtida tulku bila oʻynar.
Bu baytda itning ov chogʻida tulki bilan oʻyini lavhasi zohidning nafsga munosabatini ochib berishiga xizmat qilgan. Bayt zaminiga nafsning tulkidek hiylagarligi ham singdirilgan. Nafsning kuchi, uni yengish oson boʻlmasligi, boshqa mumtoz shoirlar, xususan Pahlavon Mahmudning ushbu ruboiysida ham oʻz aksini topgan.
Oʻz nafsingga boʻlsang amir – shunda mardsan,
Oʻzgalarga boʻlma haqir – shunda mardsan.
Yiqilganni tepib oʻtmoq mardlik emas,
Aftodaga boʻlsang dastgir – shunda mardsan.
Gʻazal ixlosmandlarini juda qiziqtirib kelgan tilsimlardan biri yettinchi, tugallanma baytning mazmunidir.
Mugʻ dayrida mast oʻlsa, Navoiyni koʻringkim,
Bir olma kibi gunbazi minu bila oʻynar.
Bir qarashda baytning mazmuni juda soddadek tuyuladi. Goʻyoki “Mayxonada mast boʻlgan chogʻida Navoiyni koʻringki, u olam gumbazini qoʻlida bir olma kabi oʻynatish qudratiga ega boʻladi”.
Ammo gʻazal maqtaʼsining falsafiy tus olishi Navoiy gʻazaliyoti uchun umumiy xususiyat ekanligiga koʻp bora amin boʻlgan gʻazalxonning bu sharhdan koʻngli toʻlmaydi.
Mumtoz sheʼriyat tadqiqotchilari boʻlgan olimlarimizning fikricha, bu bayt ichida soʻfiyona mazmun yashiringan. Bu fikrlarga koʻra baytdagi “mugʻ” – maʼnaviy mayxona, unda mast boʻlish – Haqqa erishish timsolidir. Bunda maʼnan shu darajaga erishgan lirik qahramonning olam gumbazini bir olma kabi oʻynashi (borliqni maʼnaviy jihatdan tugal anglab yetishi)ni aniqroq tasavvur etish mumkin.
Gʻazal yozishdagi maqsadiga erishmoq uchun Navoiy koʻp marta zulf tasviriga murojaat qilgan. Fikrimizning isboti sifatida turli gʻazallardagi ushbu baytlarni keltirishimiz mumkin:
Ikki zulfung telba koʻnglumgʻa qarongʻu kechalar,
Zaʼfdan behudlugʻum uyqu ancha bu kechalar.
Yoki:
Ikki zulfung toʻlgʻonur har dam sabo tahrikidin,
Ikki hindu nagʻma birla zohir etgandek usul.
Gʻazaldagi har bir soʻz, ibora, tashbeh tasvirlanayotgan manzara yoki timsolga qanchalar munosibligi oʻquvchida zavq uygʻotuvchi, hayratga soluvchi xususiyatga ega. Bunga qoʻshimcha ravishda esa gʻazal soʻziga mos musiqani mohirona chaluvchi sozandalik, gʻazal soʻzlarini sohir ovozda kuylovchi xonandalik iqtidoriga ega hofiz Toʻliboy Yoʻldoshev ham oʻz ijrolari bilan yanada yuksak parvozlarga eltuvchi qanot bagʻishlab kelmoqda. Zero, har bir gʻazal yoki sheʼrning muxlis qalbini zabt etishida uning musiqa bilan uygʻunlashuvi va mohirona kuylanishining ahamiyati benihoya kattadir.
Amudaryo tumanining A.Temur nomli ovuli hududida tugʻilib, voyaga yetgan Toʻliboy oʻrta maktabni tugallagach, 1986-yilda Nukus shahridagi J.Shomurodov nomli bilim yurtiga oʻqishga kirdi. Oʻzidagi ixlos va iqtidoriga koʻra, nazarga tushib, ustozlar olqishiga sazovor boʻldi. Shuning natijasida 1988-yilda Moskvada oʻtkazilgan Ittifoq yoshlari festivaliga qatnashgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari qatorida Qoraqalpogʻiston vakillari, jumladan, O.Xudoyshukurovlar bilan birgalikda qatnashdi va oʻz isteʼdodini qoʻshiqlar kuylash orqali namoyish qildi.
T.Yoʻldoshev 1992-yildan buyon tumanimizdagi 4-maktabda musiqa fani oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritib, shogirdlarini sanʼat olami bilan tanishtirib, ustozlik qilib kelmoqda.
Oʻziga talabchan boʻlganligi sababli oʻz bilim va malakasini oshirish maqsadida 2017-yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat pedagogika institutiga oʻqishga kirib, oʻqish va ish jarayonini birga olib bormoqda.
Izlanishlar tufayli Toʻliboyning repertuari tobora boyib bormoqda.
A.Navoiy, Bobur, Ogahiy gʻazallari bilan aytiladigan mumtoz, durdona asarlar, zamonaviy shoirlar sheʼrlari asosida yaratilgan oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, tojik tillaridagi qoʻshiqlar bilan birga afgʻoncha taronalar ham uning ijrosida diltortar navolar sifatida kishini maftun etadi. Toʻliboyning mashhur hofiz va bastakor Abdulaziz Imomov ijodiga ham ixlosi nihoyatda baland. Shu sababdan hofiz qoʻshiqlarini oʻrganayotgan paytda ustoz yashagan, ijod qilgan muhit bilan tanishish maqsadida 2014-yilda Termiz shahriga borib A.Imomovning xonadonida mehmon boʻlib, uning oila aʼzolari bilan tanishib, ustozga boʻlgan hurmat-ehtiromini bildirib, ijod maktabidan saboq olib qaytdi.
T.Yoʻldoshevning oʻz mahorati va bilimini oshirish, repertuarini boyitish borasidagi saʼy-harakatlarini koʻrib, kelgusida ulugʻ sanʼatkorlar safidan joy olishiga, munosib izdosh boʻlishiga ishonch paydo boʻladi.
Atoqli hofiz Sherali Joʻrayevning faoliyati haqida gapirar ekan, adabiyotshunos, professor Nurboy Jabborov: “Siz oʻz ijodingiz bilan Navoiyni xalqqa shunchalik yaqin qildingizki, bu xizmatingiz shoir oʻz qoʻli bilan toʻn kiydirishiga arziydi”, degan edi.
Toʻliboy Yoʻldoshev ham shoir gʻazallari bilan kuylanadigan qoʻshiqlarni aytib, Navoiy asarlariga eʼtibor va ehtiromni kuchaytirayotgan ekan, albatta, katta mukofotlarga sazovor boʻlishga arziydi.
Bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekistonimiz butun dunyo afkor ommasi nazarida yuqori mavqega koʻtarilayotgan paytda oldimizda yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlarning tarbiyasiga eʼtibor, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, maʼnaviyatini yuksaltirish vazifasi turar ekan, buni ado etishda asosiy manbalardan biri ajdodlarimizning maʼrifiy, falsafiy va badiiy merosi boʻlmogʻi lozim.
Yurtboshimizning Parlamentga Murojaatida koʻrsatilgan vazifalarni ado etishda ham asosiy faoliyatning debochasi yurtimizni butun dunyoga tanitgan allomalarimiz qoldirgan bebaho merosni oʻrganishdan iborat boʻlishi kerak. Shunda hamma ishlarda muvaffaqiyatlarga erishuvimizda buyuk vatandoshlarimiz ruhi bizga madadkor boʻladi.
Mashhur shoirimiz E.Vohidov: “Kishi farzandlarining kamolga yetishida qancha koʻp jon kuydirsa, otasi oldidagi qarzidan qutula boradi”, degan edi. Demak, biz farzandlarimiz oldidagi burchimizni qanchalik chuqur his qilsak, harakatlarimiz yoʻnalishi shunchalik aniq boʻlib boraveradi.
Ahmad NAFASOV,
mustaqil tadqiqotchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶