28.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
28.09.2026, 09:53
Maqolalar 👁 1,216

DUNYoNI ROM ETGAN MANFITLIK SARTAROSh

DUNYoNI ROM ETGAN MANFITLIK SARTAROSh

(Ocherk)

Insoniyat yaralibdiki, goʻzallikka intiladi: yursa – yoʻllardan, oʻtirsa – yon atrofidan goʻzallik izlaydi va koʻngilni ruhlantiruvchi mazmunlar kashf etadi, mohiyatlar topadi. Ana shu mazmun va mohiyat uning umrini ziynatlaydi. Bilʼaks, bunday goʻzal umr sohibi boʻlmoq hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun nihoyatda sabrli, oʻqib-oʻrganishdan, izlanishdan tolmaydigan, el-yurt xizmatiga hamisha, har lahzada kamarbasta yashamoq fazilatlari zohir boʻlishi joiz inson feʼlida.

Asli mangʻitlik, ayni paytda xizmat taqozosiga koʻra, Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston Sartaroshlar assotsiatsiyasi raisi, mashhur stilist-modeler Farhod Shomurodov oʻz umr manzillarini orzu chechaklari ila bezatishga intilganida hali oʻsmir bola edi. Serfarzand oilada tugʻilib-oʻsgan Farhodjonning, ota-onasi (Alloh rahmat qilsin) Yavqash ota bilan Shamsiniso aya 10 nafar oʻgʻil-qizni halol mehnat, pokiza va sarishta xonadon, shirin orzular ogʻushida tarbiyalashar, farzandlarining yozgi taʼtil paytlarida biron bir kasbni oʻrganishlariga alohida eʼtibor qaratardilar.

– Insonda hamma narsa goʻzal boʻlishi kerak, – derdi Yavqash ota farzandlariga. – Ayniqsa, kiyinishi, oʻzini tutishi uni koʻrgan, u bilan muomalada boʻlgan insonlarda havas uygʻotsa, bunday odam hayotda kamdan-kam qoqiladi, yaxshi yashaydi. Buning uchun ilm-hunar oʻrganish kerak, bolalarim.

Shunday deb Yavqash ota bilan Shamsiniso aya farzandlarini oʻqishdan boʻsh paytlari birini kosibga, birlarini oshpaz yoki chevarga shogirdlikka berardi. Farhodjonni mangʻitlik taniqli Qoʻshjon sartarosh ismli ustaga shogirdlikka berishganida u 14 yashar oʻsmir edi.

– Ham hunar oʻrganasan, ham hayotdan taʼlim-tarbiya olasan, boraqol bolam, – tong bilan uygʻotardi uni onasi.

Qoʻshjon sartarosh juda dilkash odam edi, mijozlarining keti uzilmas, lekin barchasiga ulgurardi. Odamlar uning ustaxonasidan yuzlari yorishib, kayfiyati chogʻ boʻlib chiqib ketishardi. Farhod bu hunarga shunchalik mehr qoʻydiki, hatto ustasidan ancha barvaqt kelib, atrofni supurib-sidirib, suv separ, albatta, ustaning ish stolining bir burchagiga uch-toʻrt dona rayhon keltirib, suvga solib qoʻyishni odat qildi. Pakkini qanday tutish, mijozlar bilan muomala qilish madaniyatini oʻrgandi.

Yillar oʻtdi. Yillar bilan Farhod Shomurodov ham ulgʻaydi. Pokizalik, sarishtalik va goʻzallikka intilish uning hayot mazmuniga aylandi. Koʻplab insonlar uchun oʻta oddiy kasb hisoblangan sartaroshlik hunari bilan el-yurtga tanildi, xalq ichida yashab, xalq hurmatini qozondi, shaxs sifatida shakllandi. Mangʻitdagi Qoʻshjon sartaroshning oddiygina “budka” ustaxonasidan boshlangan zavqli mehnat tomon eltuvchi sertuproq koʻchalar uni dunyoning serhasham mashhur shaharlariga, modeler-stilistlarning biri-biridan nufuzli xalqaro anjumanlariga, Farhod Shomurodov shaxsini ulugʻ qilgan koʻrik-tanlovlar, xalqaro koʻrgazma va festivallar pavilonlari tomon eltdi. Bungacha u hayot mashaqqatlariga sabrli boʻldi, intildi, oʻqib-izlandi, oʻz ustida tinimsiz ishladi va neki ezgu ishga qoʻl ursa, iroda kuchiga, oʻziga ishondi. Pirovardida qalbidagi aziz orzusi – sartaroshlik kasbining qadr-qimmatini oshirdi, oʻzbek sartaroshligi maktabini yaratdi va uning dovrugʻini dunyoga tanitdi.

Eh-he, Farhod Shomurodov usta sifatida tanilguncha ozmuncha mehnat qildimi?

1970-yilda Mangʻit shahridagi 30-sonli umumtaʼlim maktabini aʼlo baholarga tugatgan Farhod Shomurodovga ustozlari: “Sendan yaxshi oʻqituvchi chiqadi” deyishgani hamon esida. Lekin oilaviy sharoit taqozosiga koʻra, ikki yil Qoʻshjon ustaning yonida sartaroshlik qilib, oila iqtisodiga harna quvvat boʻlgan Farhod Shomurodov 1972-yilda harbiy xizmatga chaqirildi. Ikki yil davomida sobiq SSSRning Murmansk viloyatida yigitlik burchini bajargan Farhod harbiy xizmat davrida ham sartaroshlik kasbini tashlamadi, harbiy qismda u oʻz mijozlariga ega boʻldi. 1974-yilda harbiy xizmatdan zahiraga boʻshatilgan Farhod bir jomadon kitob bilan samolyotda toʻgʻri Toshkent shahriga uchdi. Hujjatlarini ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning tarix fakulteti kechki boʻlimiga topshirdi. U 6-yil davomida Universitetning kechki boʻlimida oʻqib, kunduzi sartaroshlik bilan shugʻullandi. Uni koʻpchilik tanirdi. Hali talaba boʻlgan bu yigitni universitet talabalari “usta”, ustozlari esa “usta bola” deb hurmat qilishardi.

Oʻtayotgan vaqt – kim uchundir orzu-intilishlariga eltuvchi yoʻl, kim uchundir boy berilgan imkoniyat, Farhod Shomurodov uchun vaqt – hamma moddiyatlardan ham aziz boylik. Uning har lahzasi qadrli, har bir kuni qimmatli. Uni boy berish – Farhod Shomurodov uchun umrdan chegirish degani. Shuning uchun ham u mashaqqatlar oldida chekinmadi. Hayot ziddiyatlariga duch kelganida ham atrofidagilarga goʻzal chehra bilan boqdi, sabrga suyandi. Ana shu fazilati bilan Oʻzbekistonning chekka bir tumanidan kelgan oddiy sartarosh, oddiy talaba Toshkentday shahri azim xalqiga tanildi, el boʻldi. Shuning uchun ham 1980-yilda Universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan Farhod Shomurodovni hech ikkilanmay, Toshkent shahar sartaroshlar kombinatiga boʻlim mudiri sifatida ishga qabul qilishdi. Oʻz sohasi boʻyicha iqtisodiy bilimini boyitish maqsadida 1983-1989-yillarda Toshkent Davlat xalq xoʻjaligi universitetida tahsil olib, iqtisodchi mutaxassisligiga ega boʻldi.

Inson uchun yaxshi mutaxassis boʻlishdan tashqari, yaxshi xulq-atvor sohibi boʻlish ham muhim. Farhod Shomurodovdagi ishchanlik, oʻziga nisbatan talabchanlik, yuksak madaniyatlilik, chiroyli xulq-atvor, xushmuomalalik fazilatlari uni el aro nafaqat mashhur qildi, balki martabasini ham yuksaltirdi. 1983-86-yillarda Toshkent shahar sartaroshlar kombinati bosh muhandisi, 1986-1989-yillarda Oʻzbekiston maishiy xizmat vazirligi boshqarma boshligʻi muovini, 1989-2006-yillarda “Oʻzbekiston” maishiy xizmat koʻrsatish uyi direktori vazifalarida xalqqa samarali xizmat qildi. 2006-yildan to hozirgacha Oʻzbekiston Sartaroshlar Assotsiatsiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Farhod Shomurodov oʻz kasb-kori – sartaroshlikni sanʼat darajasiga koʻtara olgan va shu kasbi tufayli dunyo kezgan inson. U oʻzbek sartaroshlik sanʼatini bundan 35-40-yillar avval dunyoga tanitgan yetuk usta. 1980-yilda sobiq SSSR miqyosida oʻtkazilgan sartarosh-kosmetologlarning butunittifoq koʻrik-tanlovida faxrli 2-oʻrinni egalladi. Keyinchalik Belarus, Ukraina, Litva va Bolgariya davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro tanlovlar sovrindori sifatida tanildi. Germaniyaning dunyoga mashhur “Vela” va “Londa” firmalarida malaka oshirdi. 1986-yilda boʻlib oʻtgan sartarosh-kosmetologlarning butun-ittifoq va xalqaro koʻrik-tanlovlarida hakamlar hayʼati aʼzosi boʻldi. Koʻrik-tanlovlarning odillik va shaffoflik asosida oʻtkazilishiga juda katta hissa qoʻshgan Farhod Shomurodov xalqaro miqyosdagi “Usta-modeler” va “Xalqaro toifadagi hakam” sifatida tanildi.

Farhod Shomurodovning maʼnaviy goʻzal qalbi, orasta hayoti oila chamaniga ham koʻrk bagʻishlagan. Umr yoʻldoshi Ravajon opa bilan toʻrt nafar oʻgʻil-qizni el-yurt xizmatiga munosib farzandlar qilib voyaga yetkazishdi. Ota-onasidan rang olgan oʻgʻil-qizlarning barchasi oʻqimishli, hayotda faol. Asli kasbi iqtisodchi boʻlgan Ravajon opa ham taniqli ayollar usta-sartaroshi. Qizi Umidaxon vrach-kosmetolog. Irodaxon ham bu kasb-kordan bahramand. Ayniqsa, oʻgʻli Farruxning parvozi baland. Yaqinda Rossiya davlatida boʻlib oʻtgan xalqaro tanlovda “Yil sartaroshi” yoʻnalishi gʻolibi boʻlgan Farruxjon Sankt-Peterburgdagi madaniyat Universitetini tugatgan. U dunyoning koʻplab shaharlarida – Antaliya va Dubayda, Norvegiya davlatida master-klass mashgʻulotlarini oʻtkazib, allaqachon mashhur boʻlib ketgan. Farrux Shomurodov ayni paytda dunyo boʻylab oʻz mahoratini namoyish qilmoqda. Rossiyada, Yevropa davlatlarida, hatto AQShda Farruxjonni mohir stilist sifatida tan olishgan. Sartarosh-stilistlik boʻyicha jahon chempioni. Ayni paytda AQShda master-klass mashgʻulotlarini olib bormoqda.

– Oilamdan, farzandlarimdan hamisha koʻnglim toʻq – deydi Farhod aka mamnuniyat bilan. – Sababi, ularning barchasi oʻz yoʻllarini tanlab boʻlishgan va kasb-korlaridan rozi. Shomurodovlar xonadonidan 50 nafarga yaqin sartarosh-usta va stilist-modelerlar yetishib chiqqan. Hali nevaralarimizning ham oʻgʻil-qizlarim va jiyanlarimga havas qilib shu kasbga qiziqishlari boshqacha.

Agar Farhod akadan: “dilda armoningiz bormi? deb soʻrasangiz, hech ikkilanmay:

– Yoʻq, aslo! – deb javob beradilar.

Oʻzbekistonning barcha viloyat va tumanlarida, hatto chet davlatlarida ham Farhod Shomurodov sartaroshlik maktabi tahsilini olgan insonlar juda koʻp. Ular yuzlab, minglab. Umrining 66 bahoridan hatlab, muborak 67 yoshga qadam qoʻygan, koʻrinishidan hamon yosh yigitlarday navqiron, samimiy qiyofali, koʻrkam va salobatli Farhod Shomurodov dilida tugib qoʻygan ezgu niyati haqida ishonch bilan soʻzlaydi.

– Oʻzbekistonda Goʻzallik institutini tashkil etish eng katta orzuim, – deydi u. – Bunday institut xalqimizga juda zarur. Chunki insonning suvrati ham, siyrati ham goʻzal boʻlsa, hayotimizda hech qanday muammo boʻlmaydi. Bu institut insonlarni maʼnaviy barkamollik sari yetaklaydi. Barkamol inson jamiyatni gullatib yuboradi, har jihatdan rivojlantiradi.

Xalqaro toifadagi usta-modeler, Xalqaro toifadagi hakam, Oʻzbekiston Sartaroshlar Assotsiatsiyasi raisi Farhod Shomurodov amudaryolik, bizning eldoshimiz. Uning erishgan va erishayotgan yutuqlari, dilidagi ezgu niyatlari bizga, xalqimizga quvonch va faxr bagʻishlaydi. Zero, elim, xalqim, ona Vatanim deb yashaguvchi har bir inson oʻz eli, xalqi va Vatani ardogʻiga, iftixoriga munosibdir.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita ▶ Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari ▶ Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda ▶ Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi ▶ Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi ▶ Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda ▶ Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ▶ Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi ▶ Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi ▶ Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi ▶ Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026