Oʻzbekistonning goʻzal goʻshalari: sizni kutayotgan 20 ta maskan
1. Borsa kelmas koʻli (Orol dengizidagi orol bilan adashatirmang!)

Foto: Stampsy.com
Ustyurt platosida joylashgan Borsa kelmas koʻli choʻkmasi taxminan 30 million yil oldin tarixdan avvalgi Tetis dengizining bir qismi boʻlgan. Hozirda dengiz oʻrnida Qoraqum, Qizilqum sahrolari, Ustyurt platosi va mana shu, shoʻr suvli koʻl qolgan. “Ismi jismiga mos” deganlaridek, Borsa kelmas koʻliga borish juda mashaqqatli – jarliklar va suv ustini qoplagan yupqa tuz qatlamlari har qadamda uchraydi. Nobop qadam bosilsa bas, qanchalik chuqurga qulashni hech kim bilmaydi. Biroq, mahalliy aholining soʻzlariga koʻra, rezina etik kiyib, qirgʻoqboʻyi botqoqlik kesib oʻtilsa, koʻl yuzasiga chiqish mumkin. Ha, tom maʼnoda chiqish mumkin – koʻlning usti shunchalik qattiqki, bemalol chiqib, suv ustida yursa boʻladi. Oʻta shoʻr suv boʻlsa-da, baribir suv ustida yurish, ishonavering, oʻzgacha huzur baxsh qiladi.
2. Paltov daryosi vodiysi

Foto: Jeka SnoOff, Pixland.uz
Paltov – “temir togʻ” deganidir. Qadimda bu vodiyda temir qazib chiqarganlar. Paltov daryosi vodiysi Toshkentdan 100 km uzoqlikda, Boʻstonliq tumanida joylashgan boʻlib, diqqatga sazovor bir qancha joylarni oʻz ichiga oladi. Odatda, sayyohlik marshruti 38 metrli Paltov sharsharasidan boshlanadi. Undan yuqoriroqda qayinzor yastanib yotadi, bu yerda Qizil kitobga kiritilgan jonivorlarni uchratish mumkin. Paltov vodiysi oʻzining xushmanzara releflari bilan eʼtiborni tortmay qolmaydi – ularda tabiat va vaqt ulugʻvorligi tajalli etadi. Paltov daryosi boʻylab sayohatning qiziqarli jihatlaridan biri, shubhasiz, Obi Pahmat gʻoridagi paleolit davri qadimiy odamlarining manzilgohlaridir. Yilning iliq paytlarida bu yerda arxeologlarni ish ustida uchratish mumkin. Darvoqe, Obi Pahmatdan yuqoriroqda kattagina gʻor bor, uni ham “ziyorat” qilishni unutmaslik lozim.
Bu maskanga, yaxshisi, aprel oyida, lolalar gullaganda kelgan maʼqul – Kaufman lolasi, Greyg lolasi va yana bir qancha turdagi lolalar butun vodiy boʻylab bamisoli osmonni qoplagan yorqin yulduzlardek barq urib ochilgan boʻladi.
3. Varaxsha

Foto: Doncronerblog.com
Buxoroga borganingizda, albatta Varaxshani – arablar kelguniga qadar Buxoroda hukmronlik qilgan Buxorxudotlarning qarorgohi joylashgan qadimiy shaharni ziyorat qiling. Varaxsha Buxoro gʻarbida, bir soatcha yoʻl narida joylashgan, umumiy maydoni 100 ga. Varaxsha saroyining koshinlari oʻrganilganda, shahar eramizdan avvalgi V asrdan to davlat tanazzulga uchragunicha – XI asragacha mavjud boʻlganligi aniqlangan. Olimlarning taxminlariga koʻra, Varaxshada hayotning soʻnishiga mintaqada suv yetishmasligi sabab boʻlgan. Holbuki, oʻz vaqtida bu shahar ulugʻvorlikda Buxorodan qolishmagan. Bugungi kunda Varaxsha – eski shahar qoldiqlari, ular ichra kezar ekansiz, xayolotingiz qadim tarixni qayta tiklashga tinimsiz urinadi.
4. Sitorai Mohi xosa – yulduzlar va oyga mengzalgan saroy

Foto: www.buxstat.uz
Buxoroning soʻnggi amiri – Sayid Olimxonning shahar tashqarisidagi qarorgohi. Bino amir saroyida xizmatda boʻlgan ikki nafar rus muhandisi tomonidan loyihalashtirilgan, binoni bezashda esa, oʻz davrining eng yaxshi ustalari ishtirok etganlar. Meʼmoriy uslublarning bu yerdagichalik gʻayrioddiy uygʻunligi boshqa hech yerda kuzatilmaydi. Hozirda qarorgoh hududida amaliy sanʼat muzeyi joylashgan, unda Buxoro amaldorlari va XIX–XX asrlardagi shahar aholisining maishiy buyumlari namunalari namoyish etiladi. Biroq, eng asosiy eksponat, albatta, saroyning oʻzi sanaladi.
5. Fozilmon (Sarbast) koʻli

Foto: «Tainstvenniy Uzbekistan»
Dengiz sathidan 1650 metr balandlikda (bu Eyfel minorasidan besh yarim barobar baland degani), Nurota togʻlarning qoq oʻrtasida gʻayrioddiy togʻ koʻli – Fozilmon joylashgan. Unga bittagina buloq suvi kelib quyiladi, shunday esa-da, u ayniqsa bahor oxirlariga kelib, suvga boy, chiroyga toʻliq boʻladi. Afsuski, koʻlda suzish tavsiya etilmaydi, lekin Sarbast (bu uning ikkinchi nomi) koʻlidagi osmonning aksi (ayniqsa yulduzli tunda) makonning cheksizligini his etish imkonini beradi.
6. Chilpiq qalʼa – “Sukunat minorasi”

Foto: mr-shor.livejournal.com
Nukusdan janubga qarab (Xiva, Samarqand, Toshkentga tomonga) 43 chaqirim yoʻl bosilsa, 35–40 metrli tepalik choʻqqisida Chilpiq qalʼa boʻy choʻzib turgani koʻrinadi. Zardushtiylarning diniy marosimlar ado etuvchi maskani boʻlgan bu osori atiqa qadimgi rimliklar, yunonlar, hindlar, shumerlarning ibodatxonalariga oʻxshab ketadi. Tarixi eramizning II–IV va IX–XI asrlariga borib taqaladi. Dastlab Sukunat minorasi dahma – otashparastlar vafot etganlarning jasadlarini qoʻyadigan joy sifatida barpo etilgan. Zardushtiylikda, suv, olov va yerni bulgʻamaslik uchun, jasadlarni ochiq yerga qoʻyish odati boʻlardi. Bu yerda yovvoyi hayvonlar, qushlar va quyosh tufayli faqat suyaklargina qolardi. Suyaklar esa, ossuariy atalmish idishlarga toʻplanib, yerga koʻmilgan. Chilpiq qalʼaning 15 metrli devorlari haligacha mana shunday “dafina”larni oʻz ichida saqlaydi.
7. Zomin qoʻriqxonasi

Foto: Safari.uz
Zomin – Oʻzbekiston hududidagi eng birinchi tuzilgan davlat qoʻriqxonasi. Uning ilk ilmiy tavsifi 1916-yilda yozilgan. Shundan toʻqqiz yil oʻtib, keng koʻlamda daraxtzorlashtirish amalga oshirilgan va 1929-yilda Guralash qoʻriqxonasi (8,5 ming ga) tashkil etilgan, u 1951-yilgacha mavjud boʻlgan. Bugungi kunda Zomin milliy parkining umumiy maydoni 24 ming gektardan oshadi. Park Jizzax viloyatida, Pomir-Oltoy togʻlarining Turkiston togʻ tizmasining gʻarbiy qismi shimoliy yonbagʻrida joylashgan. Qoʻriqxona ajoyib togʻ choʻqqilari va yam-yashil tekisliklarning goʻzal manzaralariga boy. Bu oʻrmonning florasi benihoya turfa xil, faunasi esa yuzlab turdagi jonivorlarni oʻz ichiga oladi, ular ichida Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilganlari ham bor. Qoʻriqxona hududida sayyohlar uchun rekreatsiya hududi mavjud – u tabiatga singib ketish, ruhiy oʻzlikni anglash va, albatta, hammaning havasini keltiruvchi selfi qilish uchun eng zoʻr joy sanaladi.
8. Tuzkon koʻli

Foto: www.nat-geo.ru
Tuzkon koʻli Jizzax viloyatida, Jizzax shahridan 56 km shimoli-sharqda – Qizilqum choʻlining shimoliy chekkasida joylashgan. Koʻl, Arnasoy tizimidagi boshqa koʻllar (masalan, Aydarkoʻl)dan farqli oʻlaroq, qadimiy tabiiy kelib chiqishga ega. Taxminlarga koʻra, Tuzkon Orol-Kaspiy suv havzasidan qolgan yodgorlikdir. U turgʻun koʻl sanaladi, biroz shoʻr, shimoli-gʻarbda Aydarkoʻl bilan birlashadi. Bu koʻllarning umumiy maydoni – 3750 km2. Bu koʻllar tizimida baliqchilik rivojlangan, asosan sazan, sudak, laqqa baliq, ilonbaliq uchraydi.
9. Pishton kulolchilik ustaxonalari

Foto: Meros.uz
Fargʻona vodiysidagi qadimiy Pishtonga taxminan eramizdan avvalgi II yilda asos solingan. U azaldan kulollari va ajoyib sopol buyumlari bilan shuhrat qozongan. Pishtonda kulolchilik buyumlarini yaratish, pishirish va ishlov berishning betakror oʻziga xos texnologiyasi ishlab chiqilgan. Pishton kulolchiligining yana bir afzalligi shundaki, vaqt oʻtgan sari koʻplab mintaqalarda kulolchilik sanʼati anʼanalari unut boʻlgan esa-da, Pishtonda bu soha oʻz texnikasi va uslubiga sodiq qolgan holda rivojlanavergan. Hozirda Pishtonda mingdan ziyod kulollar mehnat qiladilar, ularning yuzdan ortigʻi kulolchilik sanʼatining barcha sir-asrorlarini egallagan ustolardir. Pishtonlik ustalar yaratigan sanʼat asarlari dunyodagi turli muzeylar kollektsiyalariga kirgan.
10. Qanqa qadimiy shahri

Foto: nasimov.pro
Toshkentdan 60 km janubi-gʻarbda, tekislik uzra yakkash tepalik qad choʻzgan. Bu tepalik Toshkent vohasidagi qadimiy shahar qoldiqlari ekanligi birovning xayoliga ham kelmaydi. Arxeologlar bu shahar eramizdan avvalgi III asrdan to eramizning XII asrigacha mavjud boʻlganligini aytadilar. Uning eng soʻnggi nomi Qanqa boʻlgan. Undan oldin esa Xarashket (Xarashkent) deb ham atalgan. Olimlarning taxminlariga koʻra, Qanqa – bu yunonlar harbiy qoʻmondoni Demodam tomonidan, Iskandar Zulqarnayn vafotidan soʻng, qirol Antiox sharafiga bunyod etilgan Yaksartorti Antioxiyasi shahridir. Hozirda Yaksart daryosi Sirdaryo deb ataladi, shaharning oʻzi esa bir uyum tuproqqa – oʻt bosgan tepalikka aylangan. Shunday boʻlsa-da, bu yerdan taralayotgan ijobiy energiyani his etish vaqtingiz va yoqilgʻingizni achinmay sarflashingizga arziydi.
11. Zangi ota maqbarasi

Foto: www.nat-geo.ru
Toshkent yaqinidagi shu nomdagi shaharchada joylashgan bu maqbara Amir Temur farmoniga binoan bunyod etilgan. Unda islom tarizida oʻz oʻrniga ega boʻlgan tabarruk zot – Zangi ota va u kishining rafiqasi Ambar bibi qabrlari joylashgan. Maqbara majmui bir necha hududlardan iborat: keng daraxtzor hudud, XIV–XIX asrlarga tegishli turli inshootlar majmui – uning ichiga masjid, madrasa, minora va Ambar bibi maqbarasi kiradi. 1014–1915-yillarda masjid oldida oʻziga xos minora qurilgan. 2013-yilda esa, ziyoratchilar va sayyohlar oqimi ortgani sababli, bogʻni va Nomozgoh masjidini kengaytirish ishlari olib borildi.
12. Omonqoʻton gʻori

Foto: veter-s.ru
Omonqoʻton gʻori Zarafshon togʻlarining shimoliy yonbagʻri (Samarqand viloyati)da joylashgan. Gʻorni 1947-yilda arxeolog David Lev aniqlagan. Gʻor ichida qadimiy oʻchoqlar, hayvonlar suyaklari va tosh buyumlar qoldiqlari aniqlangan. Lekin, bu yerdagi eng muhim topilma qadimiy odam son suyagi boʻlgan – u zamonaviy Oʻzbekiston hududida qadimiy odamlar yashaganligiga dalolat qiluvchi eng qadimiy topilma sanaladi. Gʻor uzunligi 80 metr, u bir-biri bilan tor yoʻlaklar orqali bogʻlangan bir necha zallardan iborat. Ixchamroq dahlizdan keyin kenggina zal mavjud, u qadimiy odamlarning manzilgohi boʻlgan. Omonqoʻton gʻoriga yozning ikkinchi yarmida borgan maʼqul – iyun oyi oʻrtalarigacha u suvga toʻla boʻladi.
13. Qonbeshbuloq meteorit koʻli

Foto: «Tainstvenniy Uzbekistan»
Nisbatan kichik (koʻndalangiga 800 metrlar chamasi) Qonbeshbuloq koʻli Surxondaryo gʻarbidagi Xomkon manzilida joylashgan. Koʻplab belgilariga koʻra, u meteorit qulashi oqibati – tabiatning haqiqiy kosmogonik yodgorligi sanaladi. Tuproqda, koʻl qirgʻoqlaridagi qumda tektitlar koʻp miqdorda topildi, ular esa meteoritlarning yerga urilishi natijasida, oʻta yuqori harorat ostida yuzaga keladigan oynasifat mayda zarralardir. Qolaversa, Qashqadaryo vohasini Sharqdan oʻrab turuvchi togʻlarda oyna koʻrinishidagi meteorit parchalari va kosmogonik xarakterga ega boshqa toshlar aniqlangan. Markaziy Osiyo meteoritlarining Yerga tushishi undan yuz minglab, baʼzi maʼlumotlarga koʻra – millionlab yillar oldin roʻy bergan. Krater-koʻlga albatta tashrif buyuring va koinotga tegining – zero meteoritlar koinotdan kelgan “mehmon”lardir.
14. “Yodgorlik” fabrikasi

Buyuk Ipak Yoʻlining qoq markazida – Margʻilonda 1972-yilda keyinchalik Fargʻonadagi eng yirik ishlab chiqarishga aylangan fabrikaga asos solindi. 2000-yilda bu fabrika “Yodgorlik” xususiy korxonasiga aylandi. Qadimda shoyi ortilgan karvonlar Buyuk Ipak Yoʻli orqali Margʻilonga, undan Qashqarga, Bagʻdodga va, hatto, Yunonistonga yoʻl olardi. Margʻilon shoyisi goʻzallik va sifat borasida xitoynikidan kam emasdi, axir fargʻonalik ustalar toʻrt ming yil oldinoq pilladan ip yigirish va tolalarni boʻyashning oʻziga xos noyob texnologiyasini ishlab chiqqandilar. Hozirgi kunga qadar Margʻilon shoyisi oʻz yoʻnalishida yagona sanaladi. “Yodgorlik” fabrikasi butun dunyodan sayyohlarni qabul qiladi – bu yerda ipak matolarni qoʻlda ishlab chiqarishning butun jarayoni namoyish etiladi va ekskursiyalar oʻtkaziladi.
15. Oq Ostona bobo maqbarasi (Turkmanistondagi Ostona bobo maqbarasi bilan adashtirmang)

Surxondaryo viloyatidagi Telpak Chinor qishlogʻi yonida, qadimiy qabriston hududida joylashgan. Maqbara X–XI asrlarda qurilgan deb taxmin etiladi, unda, baʼzi olimlarning fikrlariga koʻra, Muhammad alayhissalom sahobalaridan Abu Hurayra dafn etilgan. Bu meʼmoriy obida tashqi yuzasidagi oʻrta asrlar musulmon meʼmorchiligiga yot boʻlgan gʻayrioddiy naqsh-belgilar mavjudligi bilan hanuzgacha mutaxassislarni oʻylantirib keladi.
16. Teshiktosh

Foto: mr-shor.livejournal.com
Samarqanddan janubda, Boysun togʻ tizmasida Shiroboddaryo darasi bor. Teshiktosh – bir qancha gʻorlar majmui mana shu yerda joylashgan. 1938-yilda aynan shu yerda neandertal bola qoldiqlari topilgandi. Jami bu yerda 2858 ta buyum qoldiqlari topilgan, ularning asosini kesuvchi-chopuvchi qurollar tashkil etgan. Bu esa, topilmalarning neandertallarga taalluqli ekanligini shubha ostiga qoʻygan. Uzoq davom etgan tadqiqotlardan keyin Teshiktosh manzilgohi qadimiy odamlar tomonidan kamida besh marta oʻzlashtirilgan, bir necha bor butunlay suv ostida qolgan degan xulosaga kelingan. Nima boʻlganda ham, Teshiktosh topilmalari haligacha arxeologlarning bahs-munozaralariga sabab boʻlmoqda.
17. Krasnogorsk. Oʻtmishga sayohat

Foto: avivas.ru
Krasnogorsk shaxtyorlar shaharchasi 1953-yilda Toshkent viloyatida tashkil etilgan. Bir yil oʻtgach, bu yerda Chovli konidan uran qazib chiqarishga ixtisoslashgan “2- radioboshqarma” korxonasi ishga tushgan. Oʻz paytida oʻta zamonaviy shahar tipidagi posyolka boʻlgan. Qimmatbaho ruda evaziga shaxtyorlar sobiq ittifoqning unchu-muncha shaharlarida tanqis boʻlgan kolbasa, pishloq, baliq va goʻsht konservalari kabi oziq-ovqat mahsulotlari, poyabzal, kiyim va mebelga ega boʻlganlar. 90- yillarda odamlar shaharni yoppasiga tark eta boshladilar, uy-joylari shundoq qolib ketdi. Krasnogorsk koʻchalarini sayr etsangiz, oʻzingizni XX asrning 80- yillariga tushib qolgandek his qilasiz – eski peshtoqlar, metall ventilyatorlar, xira oynali peshtaxtalar va hakozolar oʻtgan kunlarni yodga soladi.
18. Zarautsoy

Foto: Meros.uz
Hisor togʻ tizmasi janubi-gʻarbiy tarmoqlaridagi togʻ darasi (Surxondaryo viloyati). Bu yerda Markaziy Osiyodagi eng qadimiy qoyaga ishlangan rasmlar topilgan, ular mezolit, neolit va yanada qadimroq davrlarga taalluqli boʻlgan. Ularda uzun oyoqli uch burchak figuralar va ov jarayoni tasvirlangan. Zaraut kamar gʻoridagi qoya rasmlari mineral boʻyoq yordamida tushirilgan va juda yaxshi saqlangan, vaholanki, ularga kamida yetti ming yil boʻlgan!
19. Qoʻy qirilgan qalʼa

Foto: smileplanet.ru
Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl shahridan biroz naridagi qadimiy qalʼa. Qadimiy Xorazm davlatchiligining noyob, juda tarixiy yodgorligi va zardushtiylik ibodatxonasi. Shuningdek, qadimiy shoh yoki malikaning dafinasi vazifasini ham bajargan.
Qalʼaning qurilishi Markaziy Osiyodagi boshqa qalʼalarnikidan tubdan farq qiladi – muhofaza qalʼasi odatdagidek toʻgʻri toʻrtburchak shaklda emas, balki aylana koʻrinishida barpo etilgan. Pishitilgan loydan qurilgan bu inshoot juda baquvvat boʻlgan – markaziy bino diametri 42 m, nisbatan yaxshiroq saqlanib qolgan qismi balandligi taxminan 8 m, butun inshoot diametri 90 m atrofida boʻlgan.
20. Qirq qiz qalʼasi

Foto: dostoyanieplaneti.ru
Qirq qiz qalʼasi Xorazm hududidagi arxeologik qazilma ishlari davomida, 1938-yilda aniqlangan. U Beruniy shahridan 30 km shimolda joylashgan. Olimlarning yakdil xulosalariga koʻra, qalʼa qadimiy Xorazmning shimoli-sharqiy tomonlarini himoya qilish uchun qurilgan muhofaza inshootlari silsilasiga kirgan boʻlib, eramizning I–VI asrlariga oiddir. Afsonalarga koʻra, bu qalʼada qirolicha Guloyim qirqta kanizagi bilan istiqomat qilgan va chegarani dushmanlardan qahramonona himoya qilgan. Qalʼaning shinaklar oʻyilgan tashqi devori va baʼzi ichki devorlari 1500 qish-u yozni boshidan kechirib, bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Manba: http://kommersant.uz

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶