NAZARXONLIK AYoL-QIZLAR IShTIROKIDA “YaNGI OʻZBEKISTONNING BAXTLI AYoLLARIMIZ!” MAVZUSIDA MAʼNAVIY-MAʼRIFIY TADBIR BOʻLIB OʻTDI
Nazarxon OFY masʼullari tomonidan ayol-qizlarga, yosh bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish, ovul fuqarolarining oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan samarali foydalanishlarini taʼminlash maqsadida hudud aholisi ishtirokida huquqiy mavzulardagi davra suhbatlari, masʼul mutaxassislar ishtirokidagi targʻibot-tashviqot tadbirlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Xususan, Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana – 8-dekabr arafasida, shuningdek, xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor ayol-qizlarimiz” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tadbiriga ovulning turli yosh toifasidagi ayol-qizlar vakillari toʻliq qamrab olinib, ular bilan samimiy va oshkora suhbatlar oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda Amudaryo tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi G.Saburova, xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo namunali tumanlararo Markazi direktori G.Chimboychiyeva, Nazarxon OFY xotin-qizlar faoli G.Ibragimova, shuningdek, hududdagi umumtaʼlim maktablarining amaliyotchi-psixologlari A.Bekmuratova, D.Aynazarova hamda koʻcha boshchi ayollar, pedagoglar, ovuldagi yosh kelinlar ishtirok etishdi.
Ayol baxtli boʻlsa, oila muhiti sogʻlom, tinch va osoyishta boʻladi. Oila tinch boʻlsa, jamiyatda taraqqiyot, baxtiyorlik hukm suradi. Shu bois, yoshlar oʻrtasidagi bir-biriga moyillik, sevgi-muhabbatdan tashqari, yuksak aql-idrok, maʼnaviy yetuklik ham talab etiladi. Buni turmush, deydilar, turmushning baʼzan “musht”lari ham boʻlishini yoshlarimiz bilishlari, bunday sinovlarga tayyor turishlari kerak. Sababi, oila hayoti doimo bir tekis, ravon kechmaydi, yetar-yetmaslik, baʼzan gʻam-tashkish soya solishi mumkin. Bunday paytlarda oila bekalari boʻlgan ayollarimizda sabr-toqat, oila aʼzolari bilan ogʻzibirchilik, oʻzaro hurmat-eʼtibor xislatlari boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Ana shunda hech bir oilada bir-birini kamsitish, farzand va ota-onalar oʻrtasida tushunmovchilik, hurmatsizlik kabi salbiy holatlar boʻlmaydi va oila albatta baxtli hayot kechiradi.
Erkak ayolga qachon qoʻl koʻtaradi? Ayoli tilini tiymaganda, erining nafsoniyatiga tegadigan nojoʻya gap aytganida yoki kaysidir maʼnoda erini mensimaganida!
Boʻlib oʻtgan muloqotlarda nazarxonlik onaxonlar va tadbir mehmonlari bu kabi masalalarda oʻzlarining hamfikr ekanliklarini yosh kelinlarga bergan maslahat va oʻgitlari orqali ifoda etdilar.
Shuningdek, tadbirda ovul fuqarolaridan A.Rametova, Z.Tayirova, U.Durdiboyevalar oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolari yuzasidan masʼullarga murojaat qildilar.
Nazarxonlik ayollarning murojaatlariga Amudaryo tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi G.Soburova hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ayollarni reabilitatsiya qilish Amudaryo namunali tumanlararo Markazi direktori G.Chimboychiyevalar batafsil javoblar berishdi.
“Yangi Oʻzbekistonning baxtli ayol-qizlarimiz” mavzusida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir nazarxonlik ayol-qizlar uchun oila mustahkamligini taʼminlash, zoʻravonlikning har qanday koʻrinishidan saqlanish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Tazaxon Qdirniyazova, 3-sonli maktab kutubxonachisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶