USTOZ
(Barcha ustoz va murabbiylarga bagʻishlayman).
Biz hayot haqida koʻp va xoʻp aytdik,
Goho shodon aytdik, goh nolon aytdik.
Necha bor yolgʻonlar qoshidan qaytdik,
Yuraklar tubida armon ulgʻaytdik.
Oʻshal dam... dillarga eng yaqin hamroz
Va malham boʻldingiz, muhtaram Ustoz!
Bolalik dunyosin koʻchalari hur,
Sertuproq yoʻllari aro taft, hovur.
Qadamlar shu yoʻlga tushganga dovur,
Jon halak boʻlgan dil – fidoyi bovur.
Mehr gulzoridan tuzib gul bayoz -
Ilm baxsh etdingiz, mukarram Ustoz!
Yuraklarda hamon Siz aytgan ertak:
Ufqlari yorqin, nurli kelajak.
Bir daraxt misoli yozgancha kurtak,
Ertaklar ichida bizlar yashasak -
Oydin yoʻllar tilab va tilab parvoz,
Siz qanot berdingiz, mustahkam, Ustoz!
Hayot karvonida baʼzan toliqib,
Ortda qolsak agar, xatolar qalqib,
Nur izlab soyaga tursak yoʻliqib:
Oʻshal soyalardan necha opchiqib,
"Olgʻa!” – deb oldinga chorlagan ovoz –
Dilga kuch berdingiz bir olam, Ustoz!
Kim orzu qushini tutdi qoʻlida,
Kim lafzin unutdi umrin yoʻlida.
Bilaman, har ikki inson koʻnglida,
Bir niyat ulgʻaydi xobi, oʻngida:
"Ustoz duosini olmoq erur farz”,
Duongizdan osmon muazzam, Ustoz!
Barchamiz shul zotning mehrini tuydik,
"Ona!” deb yozdik, soʻng Vatanni suydik.
Barmoqlar qalamni tutgandagidek,
Dilda quvonch tuydik, matonat tuydik.
Otamiz timsolin ayladik qiyos,
Otamizday aziz, moʻʼtabar Ustoz!
Shunchalar mehribon, shunchalar hoksor,
Baxtimiz koʻrganda bizdan baxtiyor.
Koʻngilin koʻshkida zarra yoʻq gʻubor,
Bundayin fidoyi, ayting, qayda bor?!
Soʻz mulkin birma-bir aylab sarafroz
Inja soʻz topmadim, muhtaram Ustoz!
Gul tuting azizlar, zoti sharifga,
Ziyobaxsh umrlar sigʻmas taʼrifga.
Alar elga bergan ilmi maʼrufga,
Oʻrgatgan har soʻzi va har harfga,
Dunyo boyliklari yetmagaydir, oz,
Axir u dunyoni tanitgan Ustoz!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶