SOʻZ ERKINLIGI VA MASʼULIYaT
Bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etish jarayonida soʻz va fikrlash erkinligi taʼminlanayotgani juda muhimdir. Bu – fikrlar va qarashlar xilma-xilligiga, fuqarolarning demokratik jarayonlarda toʻlaqonli ishtirok etishiga zamin yaratadi.
Bizning yurtimizda jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch hisoblanmish fuqarolarning oʻz fikr mulohazalarini, qarashlarini amalda oshkora bildira olishi uchun qonuniy asoslar mavjud. Xususan Bosh qomusimiz hisoblanmish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida "Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʻlgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”, deyilgan.
Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi hamda uni ifodalash fuqarolarning erkin yashash, turli xizmatlardan foydalanish, dam olish, zarurat tugʻilganda tibbiy xizmatdan foydalanish, ilmiy izlanish kabi daxlsiz huquqlaridan biridir.
Mamlakatimizda bu borada qonuniy asosda erkin faoliyat yuritayotgan mustaqil ommaviy axborot vositalari fuqarolar ong-tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilayotgani juda ahamiyatlidir.
Xususan tumanimizdagi "Amudaryo telekanali”, amunews.uz veb-sayti, "Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining ilovasi boʻlmish "Mening oilam” gazetasi kabi mustaqil ommaviy axborot vositalari tumanimiz ahlining fikrlari va qarashlarining muhim jihatlarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, har birida mamlakatimizda va shu jumladan, tumanimizda kechayotgan jarayonlarga oʻz munosabati va nuqtai nazari aks etmoqda.
Konstitutsiyamizning 4-moddasida "Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deyilgan.
Xalqimizning bagʻrikengligi va doʻst-birodarligi Asosiy Qonunimizda ana shunday aks etgan.
Yurtimizning qay bir goʻshasiga bormang, turli millat vakillarining ahil-inoq yashayotganini, har biri oʻz urf-odatlari, anʼanalarini saqlab, amal qilib kelayotganini kuzatishingiz mumkin. Oilada yangi goʻdak dunyoga kelishi, unga ism qoʻyish yoki yigitlarni harbiy xizmatga joʻnatish, muchal yoshini nishonlashdagi urf-odatlar turlicha. Ammo bir-biri bilan doʻst, birodar, qoʻshnichilik qilib yashayotgan turli millat vakillari ham bu marosimlarda ishtirok etaveradilar, biri-birining quvonchiga sherik boʻladilar, qaygʻuli kunlarida yelkadosh boʻladilar. Ular qaysi millat vakili boʻlsa-da, oʻz tilida yoki oʻzbek tilida muomala qilishi erkindir. Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi xalqlarning millati, tili turlicha boʻlsa-da, maqsadi yagona: ona yurtining gullab-yashnashiga xizmat qilish.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶