Mustahkam oila – jamiyat osoyishtaligining asosi
Oila — ezgu orzu-umidlarni oʻzida mujassam etgan va ularning roʻyobi uchun zamin yaratadigan muqaddas makon. Oila – avlodlar bardavomligini taʼminlaydi, kelajakning tamal toshini qoʻyadi. Unda goʻzal urf-odatlar, mehr-oqibat, mehnatsevarlik, halollik, ezgulik kabi olijanob fazilatlar shakllanib, ildiz otadi. Oila – jamiyat tayanchi, nikoh esa uning poydevori sanaladi.
Oʻzbekiston Respublikasi "Oila Kodeksi”ning 14-moddasida "Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun boʻlajak er-xotin oʻz roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taʼqiqlanadi”, deb belgilab qoʻyilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, bizning mamlakatimizda oilalar har ikki tomonning roziligi bilan bunyod boʻladi. Hech kimni majburlab nikoh tuzilmaydi. Chunki oila – bir umrlik qoʻrgʻondir.
Oila er-xotinning ixtiyoriyligi asosida tuzilar ekan, ular oʻrtasida bir qator huquq va majburiyatlar yuzaga keladi. Birinchidan, er va xotin oilada teng huquq va majburiyatlarga ega. Nikoh davomida orttirgan mol-mulki ularning birgalikdagi mulki hisoblanadi. Er va xotindan biri uy-roʻzgʻor ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band boʻlgan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega boʻlmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega boʻladi. Ikkinchidan, ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart.
Nima uchun mamlakatimizda oilaga juda katta eʼtibor bilan qaraladi?! Chunki inson birinchi navbatda oila bagʻrida dunyoga keladi, ulgʻayadi. Uning ham jismoniy, ham maʼnaviy kamol topishida oilaning oʻrnini hech narsa bosolmaydi. Muhtaram Prezidentimiz I.Karimovning "Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida shunday deyiladi: "Har qaysi millatning oʻziga xos maʼnaviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuygʻulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bagʻrida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan maʼnaviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Bu yorugʻ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho neʼmat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.
Tumanimizda ham har yili 1600-1800 gayaqin oila quriladi. Oʻgʻlini uylantirayotgan, qizini turmushga berayotgan ota-onalar ulkan orzu-havas va quvonch bilan toʻy qilishadi. Topganini toʻyga sarflashadi. Goʻyoki yosh oilaning baxt-u saodati shu toʻyga bogʻliqdek. Lekin oradan 2-3-yil oʻtmasdan ajrashib ketayotgan oilalar ham bor. Ajrashib ketayotgan er-xotin va ularning yaqinlari bilan ularni yarashtirish, oilalarni asrab qolish maqsadida olib borilayotgan har qancha saʼy-harakatlarga qaramasdan, oilaviy ajralishlar sodir boʻlmoqda. Ajralish sabablarini surishtirganimizda, ajrim boʻlayotgan oilalardan deyarli 85-90 foizida er-xotinning xulq-atvori biri-biriga toʻgʻri kelmasligi, bir-birini tushunmaslik, biri-biriga ishonmaslik, biri-biridan ustun kelishga urinish, ozgina sabrchidamning, qanoatning yetishmasligi, oʻzga oilaga koʻnika olmaslik kabi sabablarga koʻp bora duch kelinadi.
Xalqimizda azal-azaldan oilaga muqaddas dargoh sifatida qaralgan. Oila sirini koʻchaga chiqarishni nomus deb bilishgan. Kattaga hurmatda, kichikka izzatda boʻlish, oiladagi yoshi ulugʻ bobo-buvilarga ehtirom koʻrsatish, ayollarni eʼzozlash, qoʻni-qoʻshni, mahalla koʻy bilan yaxshi munosabatda boʻlish, lozim boʻlsa, oʻzaro yordam berish, eng muhimi farzandni eng oliy neʼmat deb bilish, uning oʻsib ulgʻayishi, sogʻlom voyaga yetishi uchun jon fido qilishga tayyor boʻlish kabi yuksak insoniy fazilatlar aynan oila bagʻrida kamol topadi. Oilada har xil vaziyatlar boʻlishi mumkin. Yosh niholni boshqa joyga koʻchirsak, birinchidan uning qurib qolmasdan oʻzini tutib ketishi, oʻzga muhitga koʻnikishi uchun, ikkinchidan oʻsib rivojlanishi uchun kerakli miqdorda parvarish lozim boʻladi. Oilaga yangi kelin tushganda ham xuddi shunday, unga qancha samimiy boʻlib, bilmaganini oʻrgatib, xatolarini tuzatishga imkon berib, yomon tarbiya koʻrgan boʻlsa, yaxshilikka undab, uning yangi oilaga koʻnikib, ildiz otib ketishiga koʻmaklashilsa, shu oilada sogʻlom muhit qaror topadi.
Afsuski keyingi paytlarda oila muqaddasligini anglab yetmaslik, oila qurishga yengil qarash koʻpayib borayotgandek.
Misol tariqasida keltiradigan boʻlsak, bir oila 3 farzandli boʻlgach, er-xotin oʻrtasidagi ziddiyatlar avj olib, erning tinimsiz spirtli ichimliklar isteʼmol qilishi natijasida oilada muntazam kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Mahalla faollari, xotin-qizlar qoʻmitasi aralashuvi ham naf bermadi. Har ikkala tomonning ota-onalari va boshqa yaqinlari bir-biriga tosh otishdan boʻshamadi. Natijada er-xotin ajrashib ketishdi. Bolalar ona bilan qolishdi. Bu oilada voyaga yetayotgan farzandlar taqdiri nima boʻladi? Ular "otang qani?” degan savolga qanday javob berishadi? Mayli, ular ham bir kunini koʻrar, bir kun kelib ulgʻayar, voyaga yetib ketar. Lekin qalbdagi maʼnaviy kemtiklikning oʻrnini nima bilan toʻldirish mumkin?
Yana bir oilada qaynotaning aytganini qilmagan kelinni oʻz ota-onasining uyiga olib borib tashlashadi. Oʻrtada 1 nafar farzand bor. Hali yosh oila. Ikkala tomon mahallalarining "Yarashtirish komissiyasi” aʼzolari bilan birgalikda yosh oilani saqlab qolish yoʻlidagi koʻrilgan barcha urinishlar foyda bermadi. Chunki kuyov boʻlmish yigit ota soʻzini "qaytara olmaydi”. Otaning esa oʻgʻliga yana "onasi oʻpmagan qizni” olib berishga "qurbi yetadi”. Ona faqat yigʻlaydi. Kelin tomonning ota-onasi yon bergisi kelmaydi. Kelin yarashish umidida, lekin qaynota "bir soʻzli”. Hatto agar xotinini desa, oʻz oʻgʻlidan ham kechishga tayyor. Oqibatda oila ajrashib ketishdi. Yana bir nafar oʻgʻlon ota mehridan bebahra oʻsadigan boʻldi. Mana shunday otalar ham, afsuski, oramizda bor.
Oilalarda eng koʻp mojarolarga sabab boʻladigan munosabatlardan yana biri bu qaynona-kelin munosabatidir. Shunday qaynonalar ham borki, "yoʻrigʻiga yurmagan” kelinni ajratish payida boʻlishadi. Ajrashgan kelin aliment undirish uchun sudga bergach, qaynonalar qanday boʻlmasin, alimentni toʻlamaslik yoʻllarini qidirishadi.
Oilaviy ajralishlarga sabab boʻlayotgan yana bir jihatlar borki, bu mobil telefonlardan foydalanish madaniyatini bilmaslik va tushunmaslik. Er-xotin bir-birining telefoniga kelayotgan xabar va chaqiriqlarni oʻqib ham bir-biriga shubha tugʻdirib, oqibatda bu ham baʼzan ajralishlarga sabab boʻlmoqda. Yana bir jihat – er ish izlab xorijga chiqib ketadi. Qaytib kelgach, xotiniga ishonmay, shubha bilan qaraydi, goʻyo u yoʻq paytida xiyonatga qoʻl urgan. Bunga baʼzi haybarakallachi "doʻstlar”ning xayrixohligi ham sabab boʻladi.
Demak, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, mustahkam oila barpo qilishga erishish borasidagi olib borilayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz, bunda koʻpni koʻrgan, hayotiy tajribaga ega nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, ibratli yoshlarimiz koʻmagidan foydalanishimiz darkor. Har mahallaning "Yusufbek hojilari”, "Anzirat buvilari” bor. Ular hamisha yoshlardan oʻz maslahatlarini ayamaydilar. Faqat mahalla faollari ularni bu ishga jalb eta bilishi kerak. Mahalla raisi (oqsoqoli) yoki mahallaning diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisining yolgʻiz oʻzining harakati bilan ish bitmasligi mumkin. Shunday paytlarda koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, kayvoni onaxonlarimiz, faol, har ishda chaqqon, oʻqimishli yoshlarimizga suyanishimiz kerak. Ularning purmaʼno soʻzlari eng qiyin muammolarning ham yechimini topishi mumkin.
Aytmoqchi boʻlganimiz, oila – muqaddas qoʻrgʻon, uning buzilishi juda koʻplab muammolarga sabab boʻlishi mumkin. Xalqimizda "Qushning ham uyasi buzilmasin”, degan hikmatli gap bor. Shuning uchun yoshlarni oilaviy hayotga ham maʼnaviy, ham jismoniy jihatdan tayyorlash, ularni bilimli, biron kasb-hunarli boʻlmaguncha uylantirmaslik, yoki uzatmaslik, oilada baʼzan uchraydigan qiyin vaziyatlarda ogʻir, bosiq, murosali boʻlishga, adolatli boʻlishga oʻrgatish, eng muhimi oilani boshqara olishga oʻrgatish ishlarini hech qachon eʼtibordan chetda qoldirmasligimiz lozim. Bu ishda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorligini yanada yaxshilashimiz zarur.
Zero, oila sogʻlom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir.
Maryam AHMEDOVA,
tuman hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶