JASUR JANGChI XOTIRALARI
Yaqinda Ikkinchi jahon urushi faxriysi, "Qipchoq” ovuli markazida istiqomat qiluvchi, ayni kunda toʻqson ikkinchi bahorni qarshilayotgan tabarruk inson Oʻtamurod bobo Bozorboyev xonadonida boʻlib, u bilan samimiy suhbatlashdik. Bu oddiy, kamtar, ochiqkoʻngil, inson bilan suhbatlashishning gashti va zavqi boshqacha.
U urush voqealari haqida hikoya qilarkan, jumladan shularni aytdi.
- Men 1943-yil martda Qipchoq tuman harbiy komissariatidan oʻz tengqurlarim bilan birga jangga otlandim. Dastlab Xivada uch oylik harbiy-taktik mashgʻulotlarni ado etdik. Bu yerga Qoraqalpogʻiston boʻyicha yigitlar toʻplangan edi. Oʻsha paytda men oʻn toʻqqiz yoshda edim. Bizlar daryo paroxodiga va unga tirkalgan barjalarga minib, Moʻynoqqa yetib keldik. U yerda dengiz kemasiga chiqib, katta Aralsk portida tushdik. U yerdan bir eshelon boʻlib poyezdda yoʻlga chiqdik va Chelyabinsk viloyatidagi Chubarkul stantsiyasiga yetib bordik. U yerdan bizlarni 1-Ukraina fronti tomon joʻnatishdi. Xarkov shahri tomon yoʻl oldik. Bu paytda Xarkov dushmandan endigina ozod qilinib tozalangan ekan. Qolgan-qutgan dushmanga sezdirmaslik uchun tuni bilan yayov yoʻl yurib, u yerga yetib bordik. Ertasiga Dnepr daryosidan kechib oʻtish uchun bir necha yuzlab qaragʻay daraxtlarini kesib undan katta-katta sollar yasadik va bu sollarga harbiy texnikalarni yuklab, daryodan omon-eson oʻtib oldik. Negaki, ilgari daryoga qurilgan katta koʻprik dushman tomonidan buzib tashlangan ekan. Daryo boʻyida joylashgan Dnepropetrovsk shahri yaqinidagi bir qishloqda dushmanning qoldiq kuchlari bilan yuzma-yuz kelishimizga sal qoldi. Darhol mudofaa uchun okoplar qazidik. Shu payt dushman tanklari biz tomonga oʻq yogʻdirib kela boshladi. Biz ularga yetarli qarshilik koʻrsata olmadik. Chunki bizda tankka qarshi otadigan qurollarimiz yoʻq edi. Tanklar ustimizga yetib kelganda bizlar okopda yotib oldik. Tanklar esa okoplarni rosa ezgʻilab, aylanib-aylanib ketdi. Mening yonimdagi 13 nafar jangchilarning 10 nafari okop tubida qolib ketdi. Bir amallab tuproq ostidan yer yuzasiga chiqib oldim. Qolgan 2 nafar jangchilarning tuproq tagidan chiqishiga yordam berdim. Keyin oldimizdagi qishloqqa yetib borganimizda uchta nemis bombardimonchi samolyotlari bizlarni ayovsiz ketma-ket bombalay ketdi. Bu dahshatli bombalardan yeru osmon bir boʻlib qoldi. Bir payt qarasam, yonimga tushgan bomba tuprogʻi tagida koʻmilib qolibman. Bir quroldosh jangchi doʻstim meni zoʻrga tuproq ostidan kovlab olibdi. Men kontuziya boʻlgan ekanman. Bu 1943-yil oxirlarida yuz bergan edi. Yangi 1944-yilni Saratov gospitalida kutib olib, may oyigacha davolandim...
Shunday ogʻir damlarni boshidan kechirgan Oʻtamurod bobo urush tugagach ona yurtiga qaytib kelib, oilali boʻldi va baxtli hayot kechirdi.
- Hozirgi kunda 25 nevara va 30 evaralar davrasida baxtli hayot kechirmoqdaman. Mening yagona tilagim endi hech qachon yer yuzida urush boʻlmasin! Har kuni, har soatda va hamisha tinchlik qadriga yetaylik. Bugungi obodlik va farovonlik tinchlik tufaylidir, - deydi tabarruk inson Oʻtamurod bobo Bozorboyev duoga qoʻl ocharkan.
Ha, tinchlik – oliy qadriyat. Uning qadriga yetishni barchamizga muyassar qilsin!
Qobul ShOMURODOV.
Suratda: Oʻ.Bozorboyev.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶