KORRUPTsIYaGA QARShI KURAShISh – jamiyat hayotidagi dolzarb vazifa
Hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʻlgan eng birlamchi masalalardan biri korruptsiya muammosidir. Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro miqyosga koʻtarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yoʻliga jiddiy toʻsiq boʻlishi, balki oʻtish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tugʻdirishi barchaga maʼlum.
Mamlakatimizda ushbu muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy eʼtibor qaratib kelinayotir. Oʻtgan davr mobaynida korruptsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza va tizimli amaliyot shakllandi. Eng avvalo, respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi)ning Korruptsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq Kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korruptsiya va poraxoʻrlikka qarshi kurash haqidagi Deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash Konventsiyasi (2000 y.) va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini oʻtamoqda. 1997-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik Kontseptsiyasida korruptsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya eʼtirof etildi. Shu maqsadda «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi» qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonunni qabul qildi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi Konventsiya (2003-yil 31-oktyabr) asosiy xalqarohuquqiy hujjat boʻlib, u ushbu jinoyatning mohiyatini toʻliq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi. Bu hujjatga dunyoning 140 ta davlati qoʻshilgan va 80 ta davlati esa tarafdor sifatida qabul qilingan. Oʻzbekiston ham 2008-yil 7-iyulda mazkur Konventsiyaga bir nechta bildirishlar, bayonotlar va shartlar bilan qoʻshilgan.
Prezidentimizning «Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» deb nomlangan asarlarida korruptsiya – bu davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyat ekanligi taʼkidlangan edi.
Etimologik nuqtai nazaridan «korruptsiya» – lotincha «corruptio», yaʼni «buzish, sotib olish, pora evaziga ogʻdirish» degan maʼnolarni anglatadi. Yuridik entsiklopediyada taʼkidlanishicha, korruptsiya – bu mansabdor shaxslar oʻzlariga berilgan huquqlar va hokimiyat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir.
Shu narsani alohida taʼkidlash kerakki, korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan institutsional mexanizmlarni isloh qilishda Yurtboshimiz tomonidan 2010 yil 12-noyabrda eʼlon qilingan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasi» muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Korruptsiya koʻrinishidagi jinoyatlarning eng koʻp tarqalgani hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari obroʻsiga putur yetkazadigani bu – poraxoʻrlikdir. Poraxoʻrlik – bu boshqaruv organlari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan uch mustaqil mansab jinoyatlari – pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilishni oʻz ichiga oladigan atama.
Mazkur jinoyatning ijtimoiy xavfliligi shu bilan izohlanadiki, pora olish mansabdor shaxslar tomonidan oʻzlarining mansab vakolatlarini ijro etishning oʻrnatilgan tartibini keskin oʻzgartiradi va bu bilan davlat xizmati manfaatlarini qoʻpol ravishda buzadi. Pora, korruptsiya – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obroʻsiga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisaning nisbatan koʻp tarqalgan va oʻziga xos voqeligi hisoblanadi.
Oxirgi vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning niqoblangan ogʻir jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatida birmuncha samaradorlikka erishildi. Poraxoʻrlik jinoyatlarini ochish koʻrsatkichlari anchagina yaxshilandi.
Shunday boʻlsa-da, jinoyatchilikning bu turi koʻpayganligi, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyatimizni tashvishga solmoqda, bu esa oʻz navbatida, bu borada milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatdi.
Shu sababli Jinoyat Kodeksining 211- va 212-moddalari yangi tahrirda bayon etildi.
Endilikda, 211-moddaning yangi va oʻzgartirilgan tahririga muvofiq:
pora berish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini- oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish:
a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 210- yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) koʻp miqdorda sodir etilgan boʻlsa besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish:
a) juda koʻp miqdorda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Basharti, shaxsga nisbatan pora soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Bu qonun, hozirgi kundagi dolzarb muammolardan biri – poraxoʻrlikka qarshi kurashda nafaqat pora oluvchi, balki pora beruvchi va pora olish-berishda vositachilik qilish uchun javobgarlikni ogʻirlashtirib, jamiyatimizdan bu kabi illatni chiqarib tashlashda muhim oʻrin egallaydi.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan dalillarning oʻzi bu sohada bugungi kunda yurtimizda qilingan ishlarning koʻlami haqida tegishli tasavvur beradi. Korruptsiyaga qarshi qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarning amaliyotda qoʻllanishini har tomonlama oʻrganish, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish muhim vazifalardan biridir.
Alisher Qurbonov,
Shimoli-Gʻarbiy harbiy okrug harbiy prokurorining yordamchisi, adliya kapitani.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶