YaNGI TAHRIRDAGI SUDLAR TOʻGʻRISIDAGI QONUNDA INSONPARVARLIK TAMOYILLARI USTUVOR AHAMIYaT KASB ETGAN
Yurtimizda inson huquq va erkinliklarini adolatli himoya qilish, insonparvarlikni ulugʻlash, shu orqali mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish kabilar eng ustuvor vazifalar hisoblanadi.
Shu yil 28-iyul kuni yangidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni aynan shu maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Qonun 101 moddadan iborat boʻlib, rasmiy eʼlon qilingan kundan, yaʼni 2021-yil 29-iyul kunidan qonuniy kuchga kirdi.
Mazkur qonun bilan sud tizim tasdiqlanib, 2021-yilning 1-yanvaridan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiy sudlari birlashtirilganligi hamda tuman maʼmuriy sudlari tugatilganligi munosabati bilan sud tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek tumanlararo maʼmuriy sudlar ish olib borishi koʻrsatib oʻtildi.
Qonunda belgilanganidek, sud majlisini fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirish tartibi belgilangan boʻlib, zalida hozir boʻlgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida fotosuratga olishi, video va audio yozuvini qonunda belgilangan tartibda amalga oshirishi mumkin.
Sud ishlari Oʻzbekiston Respublikasida oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi. Shuningdek, odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emasligi mazkur Qonunda qatʼiy koʻrsatilgan.
Sudlar faoliyatini nazorat qilib borish tartibiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Xalq maslahatchisining saylanishi tartibi va muddati, ularning yoshiga nisbatan ham talab quyilgan boʻlib 35 yoshdan kichik boʻlmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʻzbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi boʻlishi mumkinligi belgilangan.
Sudyalik lavozimiga tayinlanganda yoki saylanganda ushbu lavozimda boʻlish muddati koʻrsatilgan boʻlib, qonun talabiga koʻra sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda boʻlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanishi koʻrsatilgan. Shuningdek, Oliy sud sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etishligi belgilangan.
Qonunda sudyalarning ijtimoiy va moddiy himoyasiga ham alohida tartib belgilangan boʻlib, uy-joyga muhtoj boʻlgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan taʼminlanishi, sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi bilan bogʻliq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga egaligi koʻrsatilgan.
Yangi qonunning 28-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining vakolatlarida ishlarni nazorat tartibida koʻrish nazarda tutilmagan. Nazorat instantsiyasi oʻrniga kassatsiya instantsiyasida ishlarni takroran koʻrish instituti joriy etilganligi munosabati bilan qonunning 29-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari ishlarni birinchi instantsiya, apellyatsiya va kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instantsiyasi sudida takroran koʻrishi belgilandi.
Oʻz navbatida vakolat muddati tugagan sudyalarning ijtimoiy himoyalash tartibi ham belgilangan boʻlib, vakolatlari muddati tugagan sudyalarning oʻrtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin koʻpi bilan uch oygacha saqlab qolinishi, sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi beriladi. Bunday ish mavjud boʻlmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish berilishi belgilagan.
Xulosa sifatida aytish joizki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga qaratilgani bilan alohida aha-miyat kasb etadi. Yangi tahrirdagi Qonun ham sud hokimiyati mustaqilligini, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini keng himoya qilish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Qayrulla Atamuradov, Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶