Uzumchilikni daromad manbasiga aylantirgan tomorqachi
Tumanimizda qishloq xoʻjaligining barcha sohalarini, shu jumladan meva - uzumchilikni jadal rivojlantirish, tuproq unumdorligini yaxshilash, meva - uzum hosildorligini oshirish hamda ularni qish va bahor oylarida sifatli saqlash, halqimizning meva va uzum mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla qondirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tuman qishloq xoʻjalik korxonalarida jami 815 gektar bogʻ va 290 gektar uzumzorlar mavjud boʻlib, ushbu bogʻlardan joriy yil mavsumida 6687 tonna meva, 2949 tonna uzum hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Sohibkor-bogʻbonlar yetishtirgan meva mahsulotlari Mangʻit dehqon bozorida savdo yarmarkalari orqali arzon narxlarda aholiga yetkazib berilmoqda.
Bugungi kunda tumanda bogʻdorchilikka ixtisoslashgan 35 ta qishloq xoʻjaligi korxonalari va 4 ta uzumchilikka ixtisoslashgan tadbirkorlik subʼektlari mavjud boʻlib, pakana va yarim pakana turdagi, yaʼni intensiv yangi mevali bogʻlar 154 gektarni tashkil etadi.
Tumanda meva eksporti hajmini koʻpaytirish hamda yurtimiz dasturxoniga sifatli va arzon meva mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida 2021-yilda Turkiya texnologiyasi asosida, jahon standartlariga mos keladigan 500 gektar yangi intensiv bogʻlar barpo etish rejalashtirilgan boʻlib, erta bahorda 28 ta qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 461 gektar maydonda har xil turdagi mevali daraxt koʻchatlari ekildi.
Bundan tashqari, 2021-2023-yillarda tumanimizda uzumchilikni rivojlantirish maqsadida 339 ta qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 1000 gektar maydonda tokzorlar barpo etish maqsadida koʻchat yetkazib beruvchi korxonalar bilan shartnomalar tuzilib, bahor mavsumida yangidan 299,8 gektar tokzorlar barpo qilindi va kuz mavsumida yangidan tokzorlar barpo etish uchun qolgan maydonlarda agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tumanimizda uzumchilikka ixtisoslashgan “Mangʻit Omad savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatida jami 11,7 gektar tokzorlar mavjud boʻlib, 2021-yil bahor mavsumida 5,2 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilindi va ayni paytda kuz mavsumida 6,5 gektar yangi tokzorlar barpo etish uchun maydonlarga ishlov berish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, aholi tomorqa xoʻjaliklarida ham uzumchilikni rivojlantirisha alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uzumchilik, umuman olganda, bogʻdorchilik tumanimiz sohibkor-bogʻbonlari uchun yangilik emas. Mirishkor, usta sohibkor-bogʻbonlar azaldan bogʻ yaratish va undan moʻl hosil olib, oʻz xonadonlari uchun meva yetishtirishni daromad manbaiga aylantirishning hadisini olishgan. Tumanimizning qaysi hududiga bormang, albatta, har bir xonadon tomorqasining bir qismida moʻʼjazgina mevazor bogʻni koʻrasiz.
Bu borada Qilichboylik tomorqachilarga teng keladigani yoʻq. Ayniqsa, bu hududda uzumchilik bilan shugʻullanib, yuqori natijalarga erishayotgan mohir sohibkorlar talaygina. Biz ijodiy guruhimiz bilan ovuldagi Jabborbergan ogʻa Mangliyev xonadonida boʻlganimizda, uning nafaqat tajribali tomorqa yer egasi, balki uzumchilik boʻyicha oʻziga yetarli bilimdon sohibkor-bogʻbon ekanligiga guvoh boʻldik.
20-25 sotix atrofidagi tomorqa yerida tartib bilan ekilgan sarxil mevalar koʻzni qamashtiradi. Hosili moʻlligidan shoxlariga tirgaklar qoʻyilgan anjir, olxoʻrining bir necha xil turi, olma, shaftolining eng sara navlari saf tortgan mevazor bogʻning hovliga tutash qismidagi uzum soʻritoklarida marjonday uzum tizilgan goʻra (gʻoʻla)larining sanogʻiga yetish qiyin.
Jabborbergan ogʻa farzandlari bilan har yili bahorda uzum toklarini alohida eʼtibor bilan ochib, soʻri bagʻazlariga novdalarini erinmay, avaylab bogʻlab chiqadi. Har bir tup uzum tokiga agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazadi. Ayniqsa, uzum toklariga oʻgʻit solish, zararkunanda hashoratlardan, turli kasalliklardan saqlash maqsadida belgilangan muddatlarda ishlov berib boradi. Natija esa kutilganidan ziyoda boʻladi. Unga bu ishlarda umr yoʻldoshi, 15-sonli maktab oʻqituvchisi Gavhar opa Qurbonboyeva hamda farzandlari yaqin koʻmakdosh.
Tomorqaning oila iqtisodini koʻtarishdagi ahamiyatini yaxshi bilgan Jabborbergan ogʻa Mangliyevning nafaqat bogʻ-rogʻidan oladigan daromadi, balki mevali daraxtlar oralariga ekiladigan turli sabzavot, poliz ekinlari, chorvasi-yu parrandasi ham oila farvonligining asosiy mezoniga aylangan. Jabborbergan ogʻa shu bogʻ-rogʻi, tomorqasi tufayli 4 nafar oʻgʻil-qizini kam-koʻstsiz voyaga yetkazgani, “Kobalt” rusumli avtomobil sotib olishgani, hovli-joyini koʻngildagiday qilib yasatib olishganini yashirmaydi.
Ayni paytda Jabborbergan ogʻaning tomorqasida uzumning toifi, xusayni, chillaki, charos, xirmoni, kishmish kabi navlari yetishtirilmoqda.
Ishkomlarda tizilib turgan uzum marjonlarini koʻrgan kishining dilida havas uygʻonadi. Yana uzogʻi bilan ikki oydan soʻng Jabborbergan ogʻaning uzumzoridan kuzgi xirmon koʻtariladi. Sohibkor-bogʻbonning aytishicha, uzum gʻoʻralarini qishga saqlash uchun birma-bir osib qoʻyishar ekanlar. Gʻoʻralardagi mevalar soʻlib qolmasligi uchun gʻoʻralar bandiga tez-tez bitta uzum mevasini kiydirib qoʻyishsa, mevalar bahorgacha yangi uzilganday saqlanar ekan.
Jabborbergan ogʻa ayni kunda pishib-yetilgan husayni, xirmoni navli uzum mevalarini boshqa meva-chevalar qatori bozorga olib chiqmoqda. Bogʻ-rogʻdan xonadon gʻaznasiga har kuni daromad kelayotganidan ogʻaning kayfiyati baland.
Biz ham Jabborbergan ogʻaga tomorqada uzumchilikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan ishlarida yuksak unum va samaradorlik tiladik.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶