SOʻNMAS YuLDUZ
Zulfiya – XX asr oʻzbek sheʼriyatining yulduzi, oʻzbek millati gʻururi.
Betakror isteʼdod egasi, joʻshqin va sermazmun ijodkor, oʻtkir qalam sohibasi, mahoratli tarjimon, jamoat arbobi, oʻzining butun hayotini oilasiga, xalqiga, ona Vataniga, ijodga baxshida etgan. Uning hayot yoʻli har bir inson uchun ibrat maktabi boʻla oladi.
Zero, Zulfiya ismini tilga olishimiz bilanoq koʻz oʻngimizda sinovlarda toblangan, qiyinchiliklarga dosh bergan, kuchli irodali, aql-zakovatli, shijoatli, sadoqatli ayol siymosi gavdalanadi. U sadoqat, matonat timsoli, unda haqiqiy oʻzbek ayoliga xos barcha fazilatlar mujassam.
Zulfiya har bir sheʼrida, har bir satrida bahor tarovatini, sof sevgini, vafodorlikni, vatanparvarlikni, baxtni, hayotni kuyladi.
“Hayot kemasi” nomli sheʼrida:
Hayot ishq boʻlib undaydi olgʻa,
Kimningdir pinhon tashvishi.
Kemamni surar naq dargʻa,
Shu kimsa taqdiri boʻlib menga kuch,
Olib yurur toʻlqin oppoq yoʻlida.
Bunda baxtli ekanidan gʻururlansa, goh baxtining kemtikligidan afsuslanadi. Lekin baribir u yashashga, ijod qilishga tashna!
Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
Uning ijodi ingliz, frantsuz, nemis, yapon, hind, rumin, polyak, moʻgʻul, bolgar, arab, fors, rus hamda qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan. Zulfiya – tinchlik va doʻstlik kuychisi. U Osiyo-Afrika birdamligi Kengashi, Yozuvchilar uyushmasining, Xotin-qizlar qoʻmitasining vakili sifatida Hindiston, Avstraliya, Yaponiya, Birma, Shri-lanka, Yugoslaviya, Bolgariya va yana koʻplab boshqa mamlakatlarda boʻldi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov shunday degan edi: “Zulfiyaning jahon minbarlaridan yangragan sheʼrlari Sharq ayolining zakovati, fazl-u kamolining ifodasi sifatida millionlab sheʼriyat muxlislariga odamiylik, muhabbat va sadoqatdan saboq bergan”.
Zulfiyaning quyidagi oltin satrlari bugun xalqimizning unga boʻlgan eʼtiborini tasvirlaganday goʻyo:
Eʼzozlar, ardogʻlar uchun tashakkur,
Asli siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin, dorilomon hur,
Baxtim shul – oʻzbekning Zulfiyasiman.
Bugun Zulfiya qizlari har sohada ildamlab, unga munosib boʻlmoqda.
Zulfiyaning oʻlmas asarlari, betakror sheʼrlari va porloq siymosi barchamizning qalbimizda mangu yashaydi.
Nasiba YeShMUPODOVA, 55-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶