KELINLIKKA NOMZOD QIZLAR... yoxud oila boylik asosiga quriladi...mi?
Munosabat
Nukusdagi oliygohlardan birining bitiruvchisi boʻlgan qiz shunday hikoya qiladi:
–Shanba kuni darsdan chiqib, uyimga qaytish uchun toʻgʻri Mangʻitga qatnaydigan taksilar toʻxtash joyiga bordim. Bir mashinada ikki ayol semichka chaqib, gurung qizdirib oʻtirishgan ekan. Taksichi bilan yoʻl haqini kelishib olib, men uchinchi yoʻlovchi boʻlib mashinaga chiqdim. Ovqatlanishga ham vaqtimni qizgʻanib yoʻlga chiqqanimga qornim och, qolaversa, uch para dars ham charchatgan shekilli, yoʻlovchi ayollarning suhbati ham yoqmay, atrofga alanglayman, qani endi toʻrtinchi yoʻlovchi kelaqolsa-yu, “qaydasan Mangʻit” deb yoʻlga tushsak. Yoʻq, aksincha.... hamrohlarim yonimizda odam bor-ov, deb ovozini pasaytiray, demaydi. Men istasam-istamasam tinglashga majburman. Endi suhbat mavzu oilaviy ikir-chikirlardan kelin tanlashga oʻtdi.
–Hey, men senga akamning oʻgʻliga bir sovremenniy, oʻqigan, ishlaydigan qiz kerak, degandim-a, esingdan chiqmadimi? Qarab yuribsanmi?
–Qiz koʻp. Qaygʻurma, - dedi bamaylixotir ikkinchisi. Keyin taniydiganlarini bir-bir taʼriflay boshladi. – Oʻzimizning koʻchamizdagi Sanobarning singlisi ham yaxshi, qaysi maktabdaligini bilmayman, biroq institutni bitirib kelib, ishlab yuribdi.
–Singlisi ham Sanobarga oʻxshab boshidan roʻmolini tashlamay, oʻziga bir qaramaa-ay (aftidan pardoz qilmay, demoqchi) yursa, boʻlmaydi-da. Onamga, sovremenniy, oʻziga qarab yuradigan qizlar yoqadi. Oʻzimizning oilamizga mos boʻlsa, deydi.
–Tursunoy xolamni bilasan-a? Kichik qizi bu yil institutni bitirayapti, oʻzing ishga joylashtirib olaver shuni, - ular qoʻshilishib kulishdi.
–Ha, Sayyorami? Besh-olti yilcha oldin koʻrganim, oʻzgarib ketgandir-a?
–Bir suluv qiz boʻlgan.
–Radikka (jiyani shekilli-da), onamga aytib koʻrsam boʻlar ekan.
–Keyin oʻzimiz oʻqigan maktabdagi fizkulʼturachi Hasanboy aka esingdami? Shuning ham ikki qizi bor, yomon qizlarga oʻxshamaydi, biroq ikkovi ham medsestra.
Ayollar menga sen ham biz bilan bir mashinada oʻtiribsan-ov, gurungimiz ogʻir botmayaptimi, degan oʻyni xayollariga ham keltirmay, yana necha-necha qizlarni sanab muhokama qilishdi, kamiga mening qunishibgina oʻtirganimga “bechora yey” deganday bepisand qarab qoʻyishardi.
Eshitganlarim (garchi menga daxlsiz boʻlsa-da) juda alam qildi. Sababi bir necha oylardan soʻng men ham oliygohni bitiraman. Meni ham kimlardir oliy maʼlumotli-ku biroq, nochorroq oilaning (axir men toʻrtinchi farzand, toʻrtinchi talabaman, necha yillardan beri ota-onamizning topgan-tutgani bizni oʻqitishga sarflanyapti) qizi-da, deb aytadiganlarday tuyuldi. Qolaversa, yigitlarning taqdirini nahotki amma, xolalar, dugonalar belgilasa? Nahot oʻsha ayollar aytganlariday, boshyalang, boʻyanib-bezanadiganlar zamonaviy, roʻmol oʻraganlar qoloq boʻlsa? Nahot odam hayotda juftini diplomiga, xizmat lavozimiga, mavqeiga, oilasiga mos (yaʼni badavlat) ligiga qarab tanlasa?
Talaba qizning mulohazalari necha kunki bot-bot esimga tushaveradi. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiganim mana bu xabar esa yana ham “oʻtib” tushdi: “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oʻtkazgan soʻrovnoma natijasiga koʻra, oila qurish yoshidagi yigitlarning 57 foizi (yarmidan koʻpi!) ota-onasi badavlat qizga uylangan yigitlarning hayoti moddiy qiyinchiliklarsiz oʻtadi, deb hisoblashi aniqlangan. “Oila” markazi yigitlardagi bunday qarashlar kelajakda katta oilaviy muammolarni keltirib chiqarishidan xavotirda, deyiladi xabarda.
Shu oʻrinda bir mulohazani aytmoqchi edimki, koʻpchilik ota-onalar qiziga kuyov, oʻgʻliga kelin tanlaganda, ochigʻi, eng avvalo iqtisodiy ahvoliga qiziqadi, nomzodning topish-tutishiga qiziqadi. Endi shunday fikr singdirilgan yoshlardan nimani kutishimiz mumkin?
Oʻzim aniq biladigan bir oila haqida aytsam, ishonishingiz qiyinroq boʻlar. Kiyim-kechak doʻkoni egasi boʻlgan ayol yosh qaynona boʻlib yuraman, deb havas bilan 20 yoshida oʻgʻlini uylantirib qoʻydi. Hamshira boʻlib ishlaydigan kelin boʻsh vaqtlarida qaynonasining savdo-sotigʻiga ham koʻmaklashdi, hovli-joyini orasta qilib ham qoʻydi. Oilaviy tadbirkorlikka aralashgani bois, barchasi bozordan kech qaytishar, koʻchada ovqatlanishar, uyda deyarli qozon qaynamasdi. Kelinning vaqtliroq uyga qaytib biron ovqat qilay, degan taklifi qaynonaning gʻashiga tega boshlabdi.
Oradan yil oʻtib-oʻtmay, badavlat oila qiziga ikkinchi oʻgʻlini uylantirib qoʻydi. Oliy maʼlumotli buxgalter kelinning tezda yangi oilasida mavqei koʻtarilib ketdi. Boisi oyligi yaxshi, yana kunda-kunora ota uyidan hammaga yetgulik isiq ovqat, turli pishiriqlar kelib turarkan. Bergan yoqadi-da, birinchi kelin esa... oradan koʻp oʻtmay, noʻnoqsan, ota-onang chiqimsiz, qilgan ishing unmaydi, oyliging oʻzingga yetmaydi kabi nooʻrin tanbehlarning egasiga aylandi.
Tavba, deyman har safar oʻsha ayolga koʻzim tushganida, qudangnikiga koʻz tikkuday nima kaming bor? Sovgʻa-salomni deb bechora toʻngʻich kelinga ozor berish – noinsoflik emasmi? Hozir-ku kuch-gʻayratli, keksalikka yetganida kuni shu kelinlarga qarab qoladi-ku! Ayollarda mol-mulkka hirs qoʻyish nega bunchalik kuchayib borayapti?
Mangʻit shahrining Farovon mahallasida istiqomat qiladigan bir oilada ota-ona (afsuski ismlarini bilmayman) doimiy ish oʻrniga ega emas, mavsumiy ishlarda ishlab ham uch nafar qizini baravariga oliygohda oʻqitayapti. Qoraqalpoq Davlat universitetida biri davlat granti asosida, ikkovi toʻlov kontrakt asosida toʻrtinchi, uchinchi, ikkinchi kurslarda tahsil oladigan Iroda, Xurshida, Goʻzal ismli qizlarning ota-onasini tanimasam ham koʻnglimda doim ularga havas qilaman. Axir ilmli, maʼnaviyatli yoshlar hayotda oʻz oʻrinlarini topa oladi, ertaga elning koriga yaraydi. Bunday insonlar koʻp oramizda. Biroq ota-onasining mol davlatiga, mansabiga qarab eshik qoqadigan sovchilar ham borki, bunday asosda bunyod etilgan oilalar koʻp oʻtmay darz ketayotgan boʻlsa-da, negadir bundan kerakli xulosa olmayapmiz. Aslida eng ulkan boyligimiz sogʻlom, es-hushli, odobli farzandlarimiz emasmi? Ulardan bizga eng keragi mehr-oqibat, keksayganda gʻamxoʻrlik emasmi? Koʻzimiz nuri, belimiz madori farzandlarimizga hayotda toʻgʻri yoʻlni koʻrsatmogʻimiz lozim emasmi? Nima dedingiz?
Oygul RAJABOVA, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶