21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 07:35
Adabiyot 👁 2,915

SIZ ONAMGA OʻXShAYSIZ

SIZ ONAMGA OʻXShAYSIZ

(Badia)

(Birinchi ustozim Aqboʻlish opa Jayliyevaga)

Bahor kelganiga yarim oy boʻlay deb qoldi-yu kunlar iliy demaydi. Xuddi qish hukmronligini bergisi kelmayotganday. Osmonni qalin bulut qoplagan bugungi rutubatli kun  ertalabdan taʼbimni xira qildi. Har-har zamonda selgilab turgan yomgʻir yoʻllarni biroz namlagan. Kuzakda yoʻl chetlaridagi daraxtlar shoxlaridan uzilib yerga tushgan yaproqlar shamol zabti bilan loy yoʻlga yopishib qolgan. Har qadamingda oyogʻingga ilashib badtar gʻashingga tegadi odamning. Bu manzaralar  xuddi kech kuz kunlariga mengzaydi. Oʻzimning bu oʻxshatishimdan kayfiyatim badtar buzildi. Koʻklamni qarshi olmoqqa chogʻlanib turganingda kuzga duch kelsang... Bilmadim boshqalarga qanday, lekin kuzak keldi deguncha mening koʻnglim buzilaveradi. Kuz mening nazarimda koʻklamda odamlarning koʻzlarini yashnatib jonlangan oʻt-oʻlanlaru ekinlar umriga xotima  yasab, har qancha totli boʻlsa-da tiriklikning intihosi muharrar ekanligini uqtirayotganday, foniy dunyo omonatday, yashashning qizigʻi yoʻqday. Hayotning ikir-chikir tashvishlari, ushalmagan armonlarim, bu dunyoning men javob topolmagan soʻroqlari, bitirishga ulgurmagan ishlarim yuragimni tirnayveradi, koʻksimdagi qavariqlar simillab ogʻriydi. Shunday damlarda onam - mehribon, munisgina onamni qattiq qoʻmsayman, beadad azoblarimga yupanch izlab kuz nasimlaridek sarosar kezaman. Shunda... shunda... koʻz oʻngimda Siz paydo boʻlasiz. "Kel bagʻrimga” deganday nigohingizda soʻngsiz mehr jilvalanadi. Shunday damlarda Mangʻit-u Toʻlqin orasini bir qadam qilib siz tomon yugurgim, xuddi men armon bilan qoʻmsab, sogʻinib yashayotganim - onamniki kabi keng, mehrga toʻlugʻ bagʻringizga singib ketgim, to koʻnglim taskin topguncha qolib ketgim keladi. Chunki... chunki... siz juda-juda onamga oʻxshaysiz. Buni men birinchi sinfga borgan ilk kunim-oq anglagandek boʻldim.

Bu voqea ehtimol, sizning esingizda ham yoʻqdir (axir siz men kabi necha-necha oʻgʻil-qizlarni birinchi sinfga qabul qilib olib, boshlangʻich taʼlim berib, yuqori sinflarga kuzatib qoʻygansiz), ammo mening xuddi kechagidek yodimda. Oʻsha kuni maktab degan qutlugʻ dargoh salobati bosdimi yo tasodifmi, pishgan gʻisht toʻshalgan (u paytlarda taxta pol qayoqda deysiz) torgina pastak koridordan sinf eshigiga endi kirayotib qoqilib yiqildim. Ikkala tizzam ham shilindi. Qoʻlimdagi onam tuni boʻyi bejab-naqshlab tikib  bergan quroq papkam ichidagi daftar, ruchka, besh-olti dona oʻrik qoqi va shapaloqday nonim har yoqqa sochilib ketdi.

Yigʻilgan bolalar gurr kuldi. Xoʻrligim kelsa-da nomus kuchlilik qilib chidadim. Siz tezda kelib meni oʻrnimdan turgʻizib bagʻringizga bosib ovutdingiz. Bolalar buyrugʻingizga koʻra mening sochilib yotgan narsalarimni yigʻishtirib berdi, siz papkamga solib qoʻydingiz. Keyin yiqilganning ustidan kulish bemaʼnilik ekanini, endi bunday qilmaslik lozimligini tushuntirdingiz.

- Endi hammangiz bir sinfda oʻn yil oʻqiysizlar. Sinfdosh doʻst, bir onaning farzandlariday bir-biringizga mehribon boʻling, - deya uqtirdingiz.

Esingizdadir, sinfimizda 12 oʻquvchi edik. Hech birimiz gapingizni ikki qilmasdan vazifalarimizni bajarib kelar, darsda toʻpolon qilmasdik. Bizning nazarimizda sizning topshirigʻingizni bajarmaslik mumkin emasdek edi. Bizni shunday bir sehrli, qiziqarli olamga yetaklar edingizki, hech birimiz orqada qolishni istamasdik. Sizning saboq berishingiz ham, ovulimiz shevasini qoraqalpoqchaga aralashtirib gapirishingiz ham (Nukusdan ovulimizga kelin boʻlib tushganingizni keyin angladim), orasta kiyinishingiz ham biz uchun bir moʻʼjizadek edi. Siz esa shu qishloq bolalariga darsimni oʻtsam boʻladi-da demasdingiz, bizning hatto uyimizda kimlarimiz bor, nima ish qilishi-yu, darsdan soʻng nimalar bilan shugʻullanishimizgacha qiziqardingiz, yoʻl-yoʻriqlar berar, erinmay suhbatlashardingiz. Qishning ayozli kunlarida darsdan soʻng tarqalar mahalimiz har birimizning birin-ketin ust kiyimlarimizni kiyishimizga yordamlashib, roʻmollarimizni yuzimizga tushirib oʻrab, tugmalarimizni qadab, yuqori sinfda oʻqiydigan opa-akalarimizga yo qoʻshnimizga birga olib ketishini tayinlardingiz. 60-yillarning oxirlarida koʻpchilik oilalar nochor yashashar edi-da, bizni kiyintirayotib baʼzan kiyimlarimiz yupunligidan joningiz achib, boshingizni chayqardingiz.

- Kimning opasining yo akasining tor kelib qolgan kiyimi boʻlsa, uyalmay kiyib kelaveringlar, axir sizlar oʻz opangizning, akangizning izidan boradigan oʻrinbosarlarisizlar. Muhimi, shamollab kasal boʻlib qolishdan ehtiyot boʻlish kerak. Hali katta yigit-qizlar boʻlib, har biringiz har kasbda ishlab, oʻzlaringiz pul topasizlar. Shunda yaxshi-yaxshi kiyimlar olib kiyasizlar.

Sizning yaxshi soʻzlaringiz taftida uyimizga qanday yetib kelganimizni bilmay qolardik.

Esimda, sinfimizda baland kungurador pech boʻlardi. Qish kunlarida maktabimiz farroshi, qorovuli Habish buva (xudo raxmat qilsin!) oʻtin yorib berar, siz dars oʻqitib yurib pechkaga oʻtin qalar, kelganning ustki kiyimini yechib olib, isintirib soʻng joyiga oʻtirgʻizardingiz. Qiziq! Endi – hozirlari oʻylayman. Kommunizm qurayapmiz, deb jar solib yurgan rahbarlar 60-yillar oxirlarida bolalarning shunday ahvoldagi maktablarda ilm olayotganidan uyalishmaganmikan? Tagʻin bor-yoʻgʻi 2 ta sinfxonasi bor, har birida 2 ta sinf yaʼni 1-va 3-,2-va 4-sinflar birga dars oʻtadigan boshlangʻich maktabimiz sirtqi eshigi ustida "Hamma yaxshi narsalar bolalarga” degan yozuv osigʻliq turardi. Pastak tomidan sal yomgʻir yogʻsa, chakka oʻtadigan, bir partada uch-toʻrtovimiz oʻtirib oʻqiydigan maktabimizga bu shior nima zaril edi, bilmayman. Biroq biz ertalabdanoq yana maktabga, shirin-suxan, xushbichim, farishtamisol goʻzal va mehribon muallima opamizga bergan topshiriqlarini qanday bajarganimizni koʻrsatishga oshiqardik. Bir ogʻiz maqtov eshitsak, oʻzimizni osmonda hisoblardik. Chunki siz talabchan ham edingiz-da.

Oʻshanda qishning qahri ketmagan kunlar edi. Mening yonginamdagi partada oʻtiradigan Toʻlgʻonoy degan qiz (ilohim ruhi shod boʻlsin!) bir haftagacha darsga kelmay qoʻydi. Bir kuni siz sinfga xafahol kirib keldingiz. Hammamiz odatdagiday duvv etib oʻrnimizdan turdik. Salomlashib boʻlgach,

- Bolalar, - dedingiz-da xoʻrsinib jim qoldingiz. Nima derkinsiz, deb yuragimizni hovuchlab turibmiz. Keyingi eshitgan gaplarimiz undan-da ogʻir boʻldi: - Sinfdoshingiz Toʻlgʻonoy olamdan oʻtibdi. Qanday yaxshi qiz edi. Hali sizlar yillar oʻtib katta-katta oʻgʻil-qizlar boʻlasizlar. Maktabni tamomlab har biringiz har yoqqa sochilib ketasizlar. Shunday vaqtlarda ham, to umringizning oxirigacha bir-biringiz bilan doʻst boʻlib qoling. Orangizdan bevaqt  ketgan Toʻlgʻonoyni ham unutmang!

Biz, birinchi sinf bolalari sizning maʼyuslanib aytgan soʻzlaringizning maʼnosiga yetib-yetmasak-da oq sariqdan kelgan, bizga nisbatan boʻydor, aʼlochi qiz Toʻlgʻonoy endi yoʻq, biz bilan oʻqimasligini, biz uni unutmasligimiz kerakligini angladik.

Qiziq! Bir oʻquvchingiz – yaʼni men sizning har bir soʻzingizni koʻnglimga shunchalar muhrlagan ekanmanki, mana oradan 45-yilcha vaqt oʻtib hamki, oʻsha qiz hamon koʻz oʻngimda qolib ketgan. Men hozir katta-yu kichigini besh barmogʻimday biladigan ovulimizda Toʻlgʻonoy kimning qizi ekanligini hanuz bilmayman, ulgʻayganimda ham hech surishtirmaganman. Chunki oʻsha xotiralarni hech buzmasdan, qanday boʻlsa, shundayligicha eslagim keladi.

Odamzotning tabiati qiziq. Baʼzan togʻni urib talqon qilguday qudrat topasan oʻzingda. Tinmay yelib-yuguraverasan. Oylab navbat kutib yotgan ishlaringni zumda saranjomlab tashlaysan. Yana "shu ishni nega avvalroq qilib qoʻymadim ekan-a”, deb oʻylab qoʻyasan. Baʼzan esa oʻrningdan sal qoʻzgʻalib qoʻyish ham malol keladi. Men qish kunlarida, ayniqsa, havo rutubatli boʻlsa shunday holga tushaman. Oftobli, iliq, yorqin kunlarni xayol qilgancha koʻzlarimni yumib yotavergim keladi. Hech kim xalal bermasa deyman. Bolalikdan shunday edim.

Oʻsha yili, men ikkinchi sinfdaligimda qish judayam choʻzilib ketdimi yo mening bolalik tasavvurimga shunday tuyuldimi, hafta boʻyi quyosh yuz koʻrsatmadi. Bir kuni tunda boshlangan yomgʻir ertalab biz maktabga kelib darsimizni boshlaganimizda ham tinay demadi. Birimizning partamizga, birimizning ustimizga poʻttillab chakka tomadi. Kimning ustidan tomchi oʻtsa, partasini shifti omon joyga koʻchirib dars oʻtayapsiz. Matematika darsi edi. Derazaga chirsillab urilayotgan yomgʻir xayolimni qochirdi. Kun yarimlab qolgan boʻlsa-da bulut qalinligidan sinf nimqorongʻi. Dars tugab uyga loy kechib ketishimizni oʻylab dilim badtar xufton boʻldi. Xayolan qaniydi, hozir birdan ertaklardagidek koʻzimni bir ochib yumsam-da, gullab-yashnagan bahorda paydo boʻlib qolsam, deb oʻyladim. Shu manzarani shunday qoʻmsadim, shunday qoʻmsadim. Va xayolan orzuimga erishdim. Daftarim yuziga beixtiyor yozdim:

Toʻng qalbimga shodliklar indi,

Bir ajib his tuydim bu nahor.

Meni shoʻx-shan qarshilar edi –

Tushlarimda koʻrganim - bahor.

Keyin nima boʻldi, oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmayman.

- Senga aytayapman, tur oʻrningdan, nima  qilib oʻtiribsan?

Bolalarning gurr kulgusidan bildimki, bu savolni takror (ehtimol uchinchi marta) berayapsiz. Doska yuzida ayqash-uyqash misollar, qoʻlingizda boʻr. Jahlingiz chiqqani shundoq bilinib turibdi.

Oʻrnimdan turdim.

- Nima qilib oʻtiribsan, deb soʻrayapman?

Savolingiz yana javobsiz qoldi. Bir-bir odimlab yonimga keldingiz. Hamma  jim. Sizni menga urishadi, deb yurak hovuchlab oʻtirishibdi. Sekin daftarimni qoʻlingizga oldingiz. Oʻsha toʻrt qator sheʼrni necha marta oʻqidingiz, bilmadim, ancha turib qoldingiz. Soniyalar shunday ogʻir, shunday uzun tuyuldiki menga. Sizdan hadeganda sado chiqa qolmasdi. Daftarim qoʻlingizda, joyingizga borib oʻtirdingiz-da bolalarga uyga vazifa topshirib, qaytishlariga ruxsat berdingiz. Men yuzingizga qaray olmasam-da qoʻlingizdagi matematika daftarim yuzidagi men hozirgina yozgan sheʼrdan nigohingizni uzmayotganingizni sezib turardim. Koʻnglimda bir umr muhrlanib qolgan oʻsha manzara hozir ham koʻz oʻngimda. Men siz tushuntirgan misollarni koʻchirish oʻrniga beixtiyor xayol ogʻushida bir zum bahorda yashaganim-u, bunisi ham mayli-ya, undagi kechinmalarimni matematika daftarim yuziga  (kelib-kelib) tushirganim uchun oʻzimni yomon his qildim. Sizning koyishingizdan qoʻrqdimmi yo yaxshi ish qilmadim, deb oʻyladimmi, bilmayman. Derazaga qarab turaverdim. Ezilib yogʻayotgan yomgʻir tomchilari hamon oynaga chirs-chirs uriladi. Osmondan toʻkilayotgan tomchilar goʻyo adogʻsizday.

- Bahor kunlarida ertalab kun chiqishini hech koʻrganmisan? – nihoyat tilga kirdingiz. – Ufqning ilk qip-qizil shuʼlalari Qoratovning oʻrkach-oʻrkach choʻqqilariga sochiladi. Osmon shunday tiniq, shunday shaffof koʻrinadi. Men bahorni sogʻinsam nuqul shu manzara koʻz oʻngimda jonlanaveradi.

Bir zum xayol surib turdingiz. Keyin menga doskaga hozirgina ishlagan misolingizni qayta tushuntirib, uyga topshiriq berdingiz.

Oʻshanda-ku goʻdak ekanman. Oq-qorani taniganimdan beri ham har gal shu voqea esimga tushsa, men sizning oʻrningizda boʻlsam, nima  qilgan  boʻlardim, deb koʻp oʻylayman. Oʻylayman-u joʻyali bir fikrga kelolmayman. Biroq oʻsha damdagi muomalangiz menga bir umrlik yozishga ragʻbat boʻlganligini aniq ayta olaman.

...Bundan uch-toʻrt yil oldin, yangi yil bayrami arafasida tumanimizning bir maktabiga kam taʼminlangan oilalar farzandlariga qishki kiyim tarqatgani borayotgan yuqori tashkilotlar vakillariga hamroh boʻldim. Guruh rahbari oʻrta yashar ayol davlatimizning bolalarga gʻam-xoʻrliklari haqida, ayniqsa kam taʼminlangan oilalar farzandlariga qaratilayotgan eʼtibor haqida vaʼz aytdi-da, keyin mazkur maktabdan 50 nafar shunday toifadagi oʻquvchilarga qishki kiyim olib kelishganini misol qilib, ularning familiyalarini aytib chaqira boshladi. Yangi yil bayramiga deb maktab oʻquvchilari, ota-onalar, oʻqituvchilar yigʻilib turgan ulkan davradan ellik familiya oʻqilganda ham bir bola menman, deb oldinga chiqmadi.

- Qani, familiyalari oʻqilgan oʻquvchilar keling, sovgʻangizni oling!

Maʼruzachi ayol hayron boʻlib goh maktab direktoriga, goh yigʻilgan oʻquvchilarga qaraydi.

Hamma jim.

Bilasizmi, oʻsha daqiqalarda tomogʻimga shunday alamli bir xoʻrlik tiqildiki, nafas olishim ogʻirlashib qoldi.

- Qanday oriyatli xalqning farzandlarimiz-a, - deyman ichimda bolalarga qarab. Faqat buni ayrimlargina tushunmaydi. Shu kunni eslasam, 2-sinfda oʻqib yurganimizdagi bir voqea koʻz oʻngimda jonlanaveradi...

...Ertalab maktabimizning yana bir oʻqituvchisi Otamurod aka (joylari jannatda boʻlsin, iloyim!) bilan ulkan qop koʻtarib sinfga kirib keldingiz.

- Bolalar! – dedingiz oʻychan, - bilasizlarmi, sizlarning har biringiz har xil oilaning farzandlarisizlar. Har biringizning yashash sharoitingiz har xil. Biroq hammangizning yaxshi oʻqiyotganingiz, odobli bolalar boʻlib voyaga yetayotganingizdan judayam xursandmiz. Orangizdan yaxshi oʻqib, uyda roʻzgʻor ishlariga ham qarashadiganlarga rahbarlarimiz sovgʻa yuborishibdi. Keyin qopdan olib sinfimizdagi ovqat pishira oladigan yagona qiz Jumabikaga, suv tashiy oladigan qizga deb Qurbongulga, maktabga eng olisdan qatnaydigan Madrimga, choy damlay oladigan Xudoyberganga ketma-ket palto kiydirib chiqdingiz. Bundan hammamiz quvondik. Axir biz onasidan erta ajralib qolgan yolgʻiz qiz Jumabikani, otadan erta qolib, onasiga madad boʻlishga intiladigan Qurbongulni, urush nogironi farzandi Madrimni, onasidan goʻdakligida ajralib yolgʻiz otasi bilan yashaydigan Xudoyberganni  hammamiz ham yaxshi koʻrardik, koʻnglini olishga intilardik oʻzimizcha.

Agar oʻshanda siz ham yetimlarga yordam deya qoʻllariga ushlatib qoʻya qolganingizda faqat ularning emas, bizning ham dilimiz vayron boʻlishi tayin edi.

Endi-endi oʻylasam, siz bizga ustoz, muallimagina emas, haqiqiy ona ham boʻlgan ekansiz. Nafaqat oʻquvchilik davrimda to hayotimning shu kunigacha ogʻir damlarimda doimo yonimda boʻlasiz. Otamdan, onamdan ayrilganimda, taqdir zarbalaridan bemajol qolganim-da doimo  bagʻringizga bosib ovutgansiz. Koʻnglida kiri yoʻq, dali-gʻuli sinfdoshimiz Aminni, Gulmirzani, Madrimni bevaqt soʻnggi yoʻlga kuzatganimizda bizdan ortiq kuydingiz. Yo siz oʻqitgan hamma oʻquvchilaringizdan ham bizning sinfimizni yaxshi koʻrarmidingiz? Oʻz turmushingiz tashvishlaridan ortib, qoʻsha-qoʻsha farzandlaringizdan ortib bizga shunchalar mehrni, fidoyilikni qayerdan olgan ekansiz-a? Oʻylab qarasam, doimo men sizga suyanibman-u sizning biron tashvishingizga yelka tuta olmabman. Siz haqingizda yozgim kelib talay-talay qogʻoz qoraladim,  shuning ham uddasidan chiqolmadim.

Bahor deya eshik ochib, bugun kuz havosiga duch kelganimga ruhim tushib, bagʻringizga boshim qoʻyib taskin olgim kelayapti-yu bunga loyiqmanmi, degan yana bir savol alami dilimni tirnaydi. Bilasizmi, oʻquvchiligimning ilk yillarida – siz oʻqitgan damlarda sizdek boʻlishni juda-juda  orzu qilardim. Hatto tanaffusga chiqqaningizda yugurib borib, izingizni bosib yurardim. Izingiz bosib... izdosh boʻloldimmi? Bilmayman. Biroq bagʻringizga talpinaveraman. Chunki siz onamga juda-juda oʻxshaysiz.

Oygul RAJABOVA.
🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026