BOBOMNING NURAFShON ChIROFI
Biz urushni koʻrmaganmiz. Ming-ming shukurki, bolaligimiz, yoshligimiz tinch-osoyishta oʻtmoqda. Lekin bolalik xotiralarim tasavvurimda jonlanganda rahmatlik bobomning olovli yillar haqidagi hikoyalari yodimga tushadi. Ikkinchi jahon urushi jangohlarida oyogʻidan, yelkasidan yaralangani sababli to umrining oxirigacha aziyat chekib yashaganlariga guvohman.
"Choykoʻl” ovulining "Shayx qalʼa” mahallasida yashab, shu ovul va mahallaning gullab-yashnashi, farovonligi uchun juda koʻp fidoyiliklar qilgan bobom Chorsham Seytakov oʻta halol va mehnatkash inson edilar. Beozor, kamsuqum, kamgap bobomni el-yurt "Chorsham kolxoz” deb eʼzozlardi. Ikkinchi jahon urushining boshidan to buyuk gʻalaba kunigacha fashizmga qarshi mardonavor jang qilgan bobom baʼzilarga oʻxshab: "Men urush ishtirokchisiman”, – deb hukumat idoralari eshigini ochib bormas, hatto Ikkinchi jahon urushi faxriylari uchun yaratilgan imkoniyatlardan ham foydalanmas edilar.
– Qoʻy, bolam, – derdilar doim shukronalik bilan, –urush maydoni – doʻzax oloviday joy edi. Men ana shu jahannam ogʻzidan qaytib kelib, unib-oʻsib, shu kunga yetdim. Urushdan keyingi umrimning har lahzasi bir yilday qadrli. Shundan ulugʻ mukofot bormi?!
Ovulimizdagi maktablarning oʻquvchilari bayram kunlari, ayniqsa, 9-may – Xotira va qadrlash kunida bobomning urush xotiralari haqidagi suhbatlarini tinglagani kelishardi. Shunda bobom:
– Urushning nomi oʻchsin, bolalarim, – derdilar koʻzlari namlanib. – Mana bu tinchlik zamonidan soʻzlaylik. Urushni biz koʻrdik, sizlar aslo koʻrmanglar. Oltinga teng dorilomon kunlarning qadriga yetinglar!
Bobom Chorsham Seytakov Ikkinchi jahon urushidagi jasorati uchun bir necha jangovar medallar, "II Darajali Vatan urushi” ordeni bilan taqdirlangan edilar. U kishi to umrining oxirigacha "Choykoʻl” ovulida agrar sohani rivojlantirish, mahalla obodligi yoʻlida fidoyi xizmatlar qilib, kamtarona hayot kechirdilar.
Har gal 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ovuldagi bobom yashagan katta xonadonga uning oʻgʻil-qizlari, nevara-chevaralari yigʻilishib, bobomning xotirasiga hurmat-ehtirom koʻrsatishadi, qabri poyiga gullar qoʻyib, haqlariga qurʼon tilovat qilishadi. Bobom yashagan qutlugʻ makon – Chorshamovlar oilasi sifatida ovul ahlining hurmat-ehtiromiga munosib, bu xonadondan aslo yaxshilar qadami uzilmaydi. Tinchlik uchun kurashgan bobomning nurafshon chirogʻi el-yurtga soʻnmas nur taratib turganidan hamisha faxrlanamiz.
Gulbahor ChORShAMOVA, "Choykoʻl” ovuli.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶