21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 16:41
Adabiyot 👁 4,989

ShEʼR – KOʻNGIL GAVHARI, RUHIYaT ChAShMASI

ShEʼR –  KOʻNGIL GAVHARI, RUHIYaT ChAShMASI

(Havaskorlarning ijodiga bir nazar)

Men har gal tahririyat ostonasidan umid bilan hatlab, ilk maqolasi, sheʼr yoki hikoyasini koʻtarib kelgan yosh ijodkorlar bilan suhbatlashganimda ham-yurtimiz, taniqli shoir va tarjimon Muzaffar Ahmadning gazeta tahririyatini uchuvchilarning samolyotni parvozga tayyorlash paytidagi uchish-qoʻnish joyi – "parvoz maydonchsi”ga oʻxshatgani esimga tushadi. Haqiqatan ham tumanimiz xalqining maʼnaviyat dorilfununi hisoblangan "Taraqqiyot koʻzgusi” (avvalgi "Amudaryo haqiqati”) gazetasi koʻplab ijodkorlar uchun haqiqiy "parvoz maydonchasi” – oʻziga xos adabiy-badiiy ijod maktabi vazifasini oʻtab kelmoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, ushbu "parvoz maydonchasi”da oʻzlarini ijod osmoni uzra parvozga shaylagan shoir-u jurnalistlar bugungi kunda oʻzlarining betakror ijod maktablarini yaratgan ilm-fan, badiiy ijod dargʻalari boʻlib yetishdilar. Filologiya fanlari doktorlari Norboy Xudoyberganov (Alloh rahmat qilsin), Pirmat Shermuhammedov (Alloh rahmat qilsin), (rahmatlik) Ahmad Ishayev, pedagogika fanlari doktori Safo Matjon, tarix fanlari nomzodi Tursunboy Sultonov, shoir va tarjimon Muzaffar Ahmad, Mansur Ahmad (rahmatlik), shoir va jurnalist Sobir Yusufiy (rahmatlik), bir nechta badiiy asarlar muallifi (rahmatlik) Xushnud Yoqubjonov, shoir va jurnalistlar Saʼdulla Xoʻjaniyozov, Gulnora Matyoqubova, Xonimjon Rajabova, Oygul Rajabova, Ahmad Nafasov, Oʻrozali Reyimov, Zulfiya Olloyorova, Shomurod Xoʻjanov, Farhod Avaz (bu roʻyxatni juda uzoq davom ettirish mumkin) kabi olim-u ijodkorlar nomi bugungi kunda nafaqat Qoraqalpogʻistonda, balki mamlakatimiz miqyosida tanish. Tuman gazetasi tahririyatining "parvoz maydonchasi”dan ijod osmoni sari keng quloch yozib, parvoz qilgan va ijodda oʻz ovozi, uslubiga ega ajib bir maktab yaratgan bu ustozlar tahsilini olib, parvozga shaylanayotgan bugungi avlod ijodkorlari orasida ham oʻz uslubi va ovoziga ega yoshlar anchagina. Oʻlmasbek Xoʻjayev, Qunduzoy Yusupova, Yulduz Yusupova, Aziza Madrahimova, Javohir Yoʻldoshev, Shahzod Qurbonboyev, Nilufar Qodirboyeva, Muqaddas Toirova, Sevara Sidabullayeva, Muhayyo Oʻrinboyeva, Nurbek Yoʻldoshev, Umida Yerdosheva, Surayyo Davlatboyeva kabi ijodkorlarning ilk ijod mahsullariga tuman gazetasi maʼnaviy muharrirlik qilgan va bu yosh iqtidor sohib va sohibalarini parvozga shaylagan. Katta ijod osmoni sari dadil qanot yozayotgan bu ijodkorlar haqida gap ketganida beixtiyor ularning ijod yoʻli "Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining "parvoz maydonchasi”dan boshlanganini faxr bilan aytgimiz keladi.

Ijod yoʻli – ogʻir, sermashaqqat yoʻl. Bu yoʻldan har kim ham ravon qadam tashlayvermaydi. Uning oʻnqir-choʻnqirlari, qir-u dovonlari, baland-baland togʻlari bor. Oʻnqir-choʻnqirida qoqilib-surinsa-da, qir-u dovonlardan, togʻlardan oshib, choʻqqilar tomon intilishdan toʻxtamagan, mashaqqatlar girdobida qiynalsa-da, ortga chekinmagan insongina ijod deb atalmish mehnatning rohatiga yetishadi. Oʻz bogʻ-boʻstonini yaratib, mevalarini teradi va ona xalqiga armugʻon etadi. Xalq – zakiy, xalq – bilimdon, xalq – oʻta maʼnaviyatli nuqtadon. Xalq – duch kelgan mevani totinavermaydi, tanlab-tanlab, eng yaxshisini, eng sarasini terib oladi u!

Demak, men shoirman, deganlarning barchasi ham zukko va maʼnaviyatli kitobxon xalqimizning elagidan oʻtavermaydi. Elakdan toza un toʻkiladi supraga. Kitobxon xalqimizning maʼnaviyat elagidan ham eng oʻqishli, xalqona ruhdagi sheʼr, hikoya, asarlar oʻtadi va dilidan joy oladi...

Ish stolim ustida dasta-dasta sheʼr, nasriy asarlar, hatto havaskor shoirlar oʻzlaricha tartib bergan "doston”lar. Qay birini avval oʻqishni bilolmay, ancha vaqtimni saralash bilan oʻtkazdim. "Doston”lar alohida, hikoya va qissalar, sheʼriy mashqlar alohida taxlandi. Mana endi yosh havaskor shoirlar-u shoiralar, (adib-u adibalar ijodi tahlilini keyingi galga qoldirdik R.Y)ijodiga bir nazar tashlash payti keldi. Sabohat Yerdosheva, Dildora Qurbonboyeva, Dildora Gulmonova, Tursunoy Olloyorova, Lolagul Rajabova, Sohiba Ahmadjonova, Dilnoza Sobirova, 2-sonli maktab oʻquvchisi Iroda Yoʻldosheva, Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Dildora Rajabova, 34-maktabdan Nodira Rahimova, Nargiza Ziyodboyeva, Mashhura Abdullayeva, Najmaddin Tajiyev, Nasiba Yembergenova, Gulnora Yeshimbetova, Madina Matyoqubova, Shahlo Ochilova singari havaskorlarning sheʼrlari (agar ularni sheʼr deb atash joiz boʻlsa) bilan tanisharkanman, nazarimda havaskor ijodkorlarimiz ijod deb atalmish olis va mashaqqatli yoʻlning boshidayoq charchab qolganday. Nega shunday-a? – deyman-u javobni yana oʻzim topaman. "Sheʼr”, yana birining ustiga "doston” deb taxlab, tahririyatga yoʻllagan bu havaskorlarning yozgan "asar”larida men mehnat mahsulini koʻrmadim. Vaholanki, ijod, haqiqiy ijod – mehnatni sevadi, mehnatkashlikni yoqtiradi. Mehnat mashaqqatini his etgan odamgina ijod mashaqqatini yuragidan oʻtkazib, teran anglaydi va haqiqiy  ijod mahsulini dunyoga keltiradi. Garchi, ijodkor ijod mashaqqatini his eta bilmas ekan, uning oʻzgalar dilini anglamogʻi mushkul, qalblarni tebratmogʻi dushvor. Yaxshi sheʼr, yaxshi asar inson qalbini zabt etib, shundoq koʻngil koʻshkidan joy olmogʻi kerak.

Balki men yosh havaskor ijodkorlarga juda katta talablar qoʻyayotgandirman. Lekin shunchaki oddiy soʻzlar tizmasini sheʼr deb atashga ham maʼnaviy haqqim yoʻqligini hisobga olsak, adabiyotimizning sofligi, halolligi, adabiy jarayonning oʻta zukko tahlillari oldida har bir ijodkor, xoh u professional boʻlsin, xoh boshlovchi havaskor, albatta zimmasidagi masʼuliyatni, ayniqsa, soʻz yukini har lahzada his etib, qoʻliga qalam tutsa, yomon boʻlmas-di.

Men shoir emasman!!!

Faqat qalam ushlab.

Suzdim dunyo qaʼrida, (?)

Boshlar yorugʻ jahonga (?)

Ushbu satrlar T.O. ismli shoira qizimizning bir dasta "sheʼr”laridan keltirildi. Men bu qizimizning ism-sharifini aytib, qizginaning nozikkina koʻnglini xijil qilish fikridan yiroqman. Faqat aytmoqchi boʻlganim, shoiralikni orzu qilgan qizimizga bu yoʻl mashaqqatini salgina idrok etgin-da, ana undan keyin "qalam ushlab”, oʻzi aytmoqchi "dunyo qaʼrida” emas, dunyoning bepoyon, musaffo osmonida qanot yozishini istardim. Asli dunyo qaʼri nima? U zulmat emasmi? Shundayin tinch, osuda va obod yurtning qizi ne uchun "dunyo zulmatlari qaʼrida suzib” yurishi kerak? Qolaversa, qoʻliga "faqat qalam ushlab”, dunyoning qaʼridan turib, yorugʻ jahonga yuz tutmoqchimi? Satrlarda mantiq, uzviylik, mazmun yoʻq.

"Sheʼr – ijtimoiy hodisa, - deb  taʼlim bergandilar bizga talabalik davrimizda ustozimiz, filologiya fanlari doktori O.Togʻayev. – u inson koʻnglining, orzularining kechinmalarining inʼikosidir”. Demak, qoʻliga qalam tutayotgan ijodkor nafaqat oʻz koʻngil kechinmalarini, balki umumning dilidagi orzu-armonlarni, gʻam-u iztiroblarni soʻz durlari ila ziynatlab, satrlarga jo etmogʻi kerak. Ana shunda soʻz gavharga, sanʼatga aylanadi. Satrlar aro tizilgan soʻz marjoni yuraklarga xush yoqadi, koʻngillarni tebratadi. Koʻngillarga oʻrnashib qolgulik ana shu satrlar – sheʼrdir, azizlar.

Yuqoridagi kabi tumtaroq soʻzlar qatorini bandma-band etib, "sheʼrimni gazetada yoritib bering”, - deb papkalarini qoʻltiqlab kelayotgan "shoir”-u "shoira”lardan baʼzan xafa boʻlib ketaman. Ular keltirgan "sheʼr”ining u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilab, sheʼriy talablar darajasiga keltirib, "xatolarini tuzatar, shu havaskor qalamkashdan balki bir kuni yaxshigina shoir chiqar”, degan umidda gazetada yoritamiz. Lekin "sheʼr”i gazetada yoritilgan havaskor "shoir” va "shoira”lar keyingi gal tahririyatga "sheʼr” keltirganlarida oʻzlarini katta shoirlarday tutishlarini koʻrib, baʼzan hayron qolaman. Axir shoirlik – Allohning inʼomi, ilohiy qobiliyat-ku, oʻz-oʻzini koʻz-koʻzlash yoki mansab emas-ku!

Endi mana bu satrlarga bir eʼtibor qiling:

Diyor osmonida soʻndi saraton,

Jazirama yozning tugadi zabti.

Endi derazadan boqar salqin tong,

Endi ozor bermas quyoshning tafti.

 

Axir oʻtib ketdi otashnok damlar,

Yurakni nechun bir mahzunlik chorlar.

Bu yurtni ehtiros tark etsa agar,

Oʻrnini olarkan mahzun xayollar...

Dilni tebratuvchi, koʻngilga xush yoquvchi  nedir topdingizmi, bu misralardan? Albatta, topdingiz! Yana, koʻz oldingizda osmonidan quyosh ketmas Vatan manzaralari jonlandi. Sheʼrda manzara bor, betakror ranglar qurshovidagi Vatan tabiati mujassam. Tabiat qonuni – fasllar almashinuvi paytidagi evrilishlar aro bir lahza koʻngillarni zabt etgulik mahzunlik ila kirib kelguvchi sunbula oyining sokinligini his etasiz goʻyo. Bu satrlar yosh  qalamkash qizimiz Chinoroy Oʻrinboyevaning  "Sunbula” sheʼridan olindi. Fikrlari teran, oʻzgalarga aytgulik oʻz soʻzi bor, izlanuvchan bu qizimizning mashqlari hali ancha tahrirtalab boʻlsa-da, uning kelajagiga ishongimiz keladi. Shuningdek, NDPI talabasi Anvar Allamberganov, 53-maktabdan Orifjon Qoʻziyev, 46-maktabdan Bogʻdagul Chorshamova, QDU talabasi Behzod Sobirov, Gavharoy Qurbonboyeva, Dinora Karimboyeva, 52-maktab oʻqituvchisi Otash Mirzo, 44-maktab oʻqituvchisi Manzura Sultonova, 8-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Gulasal Rahimova, 22-maktab oʻquvchisi Surayyo Davlatboyeva, 1-sonli maktab oʻquvchisi Madina Jabborova  kabi havaskorlarning izlanish va intilishlarini kuzatib, ularning ijodda oʻz oʻrinlarini topishlariga umid nazari bilan qarasak-da, bu qalamkashlar soʻz ustida ishlash, obraz va manzaralar yaratish borasida hali juda koʻp izlanishlari zarurligini taʼkidlagim keladi. Chunki, aynan shu qalamkashlarning sheʼrlarida umumiy bir nuqson borki, bu - soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllay olmaslik, qofiyabozlik, vazn buzilishi, ichki ohangning, obrazlilikning yetishmasligi, bundan tashqari, bayonchilikka, taqlidga berilish holatlaridirki va bu qusurlardan xoli ijod etishlari uchun ular juda koʻp oʻqib-izlanishlari kerak boʻladi.

Shu yerda bir haqiqatni  tan olishimiz kerak. Yaʼni, hamma sheʼr yozishi mumkin, lekin hammaga ham shoirlik nasib  etavermaydi. Shoirlik – ilohiy neʼmat. Qolaversa, shoir inson koʻnglini anglaguvchi, dillar hamrozi, yuraklarni ogʻritgan dardlarni olguvchi, eng zarur paytda eng maqbul soʻzni aytguvchidir. Barcha insonlar koʻnglini anglab, dardlariga malham, gʻam-u  tashvishlariga oshno boʻlib, el-yurt gʻamini yelkalab, quvonchini, qadr-u qimmatini oʻz "men”idan ustun qoʻyib yashamoqdir shoirlik. Lekin...

Afsus bilan aytishni lozim topganim, yana bir toifa "shoir”larimiz borki, toʻgʻrisi, ularning "ijod”larida   umuman maʼni yoʻq. Bu toifa "shoir”lar yo adabiyot atalmish maʼnaviy xazinaning nimaligini bilmaydilar yo bu xazinaning javohirotlariga nisbatan dillarida zarracha hurmat yoʻq. Yaxshisi, quyidagi misralarga bir eʼtibor qilingda, xulosani oʻzingiz chiqaravering.

Oʻxshataman,

Seni faqat baxtli bir yorga,

Bulbul xonish qilmagan bilan.

Xandon urar qumrilar, qara!

Koʻrmaganlar koʻrmaydi abad,

Eshitganning yodidan chiqmas.

Jannatning xush nasimi kezar,

Sevgilim, ovozlaringda.

Sheʼr – chiroyli tashbehlarga boy, sheʼrdan nuqson topolmaysiz. Ammo... M.S. ismli "shoira” qizimiz "qalamiga mansub” bu satrlar menga (balki koʻplarga) juda tanish tuyuldi. Va esladim. Bu satrlardan uygʻur shoiri Aziziyning nafasi ufurib turardi. "Jayxun ilhomlari” NNT kutubxonasidan "XX asar jahon sheʼriyati” kitobini izlab topdimda varaqlay boshladim. 2011-yilda  "Turon Iqbol” nashriyotida chop etilgan antologiyaning 399-sahifasidagi uygʻur shoiri Aziziy  qalamiga mansub "Jiyda chechagi” sheʼri koʻzimga oʻtday bosildi. Mana oʻsha sheʼr:

Oʻxshataman,

Seni faqat tolesiz yorga,

Bulbul faryod chekmagan bilan.

Xandon urar ishqingda qargʻa,

Bilmaganlar bilmas toabad,

Bilganlarning yodidan chiqmas,

Bogʻi behisht saslari kezar,

Bekam sening ovozlaringda.

Agarda uygʻur shoiri Aziziy yuqoridagi M.S. "ijod etgan” misralarni oʻqiganida "dod” deb yuborarmidi! Yoki noʻnoq "shoiracha”ga qoʻl siltab qoʻyarmi-di? Balki uni plagiatlikda ayblar? Bunisi bizga qorongʻi. Lekin men beadad afsus va nadomat bilan qayd etgim keladi:

- Baraka topgur shoircha-yu, shoiracha qaroqlarim! Sizlardan iltimos, adabiyot, sheʼriyat atalmish muqaddas dargohga nopok qadam qoʻymangiz. Sheʼr – koʻngil gavhari, inson ruhiyatining jonbaxsh chashmasi. Bu gavhar har bitta koʻngilning  mulkiga aylangandagina, har bir inson ruhiyatiga jon baxsh etgulik chashmai-obga aylangandagina qadr topadi. Shoirning oʻz koʻnglida oʻzga bir koʻngilga hadya etgulik oʻz gavhari, oʻzga dilga orom berib, chanqogʻini qondirgulik zam-zam chashmasi boʻlmas ekan, boshqalarning dil gavharini oʻgʻirlagani bilan u, bilʼaks hech qachon shoir boʻlolmaydi. Bu – nainki koʻzboʻyamachilik, va oʻgʻirlik, balki koʻngil mulkiga tajovuzkorlik hamdir.

Afsus, afsus, sheʼriyatdek begʻubor, musaffo boʻston aro yuqoridagi kabi nopok qadam qoʻymoqqa intilguvchilar borligi dilni xira qiladi. Xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo, Mirzo Kenjabek, Ahad Qayum, Toʻlan Nizom, Guljahon Asqarova, Malika Mirzayeva, Muhtarama Ulugʻova singari bugungi oʻzbek adabiyotining yetuk namoyondalari sheʼriyatidan ustamonlik bilan "foydalanib, oʻz sheʼriga aylantirib” olayotgan va uni tahririyatga qoʻltiqlab kelayotganlar, nadomatlar boʻlsinki, yoʻq emas.

Soʻzimning muxtasarida yosh ijodkorlarga ijodiy yutuqlar tilagan holda, bir fikrni takror-takror bildirmoqchiman:

- Tahlid – ijodkorni oʻstirmaydigan kasallik. Koʻchirmakashlik esa ijodkorning ijodini (agar unda iqtidor boʻlsa) oʻldirguvchidir. Har ikkisidan ham yiroq boʻlib, ijod mashaqqatini cheking, oʻqing va yana oʻqing, izlaning! Ana shunda oʻzbek tilimizning jozibasini, ijodning moʻʼjizasini koʻrasiz. Zinhor-bazinhor oʻzgalarning koʻngil gavhariga koʻz tikmang, azizlarim!

 

Robiya YOʻLDOShEVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist. 

🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026