Tomorqalardan samarali foydalanish aholi daromadini oshirmoqda
Har bir xonadon yonidagi yer maydoni qanchalik unumli ishlatilsa, oila dasturxonining toʻkinligi ham, qoʻshimcha daromad manbai ham shunga mutanosib ravishda ortadi. Shu bois tomorqachilikni rivojlantirish soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi siyosatining amaliy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Aholi bandligini taʼminlash va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan toʻldirish vazifalari ham ayni shu yoʻnalish bilan bevosita bogʻliq.
Amudaryo tumanida mavjud tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish hamda fuqarolarning barqaror bandligini taʼminlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yil bahor mavsumida boshlangan ushbu yoʻnalishdagi amaliy harakatlar bugun aniq raqamlarda oʻz ifodasini topmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 49 ta mahallada 38 ming 953 ta xonadon mavjud boʻlib, ularga jami 6 ming 619,7 gektar tomorqa yer maydoni toʻgʻri keladi. Ushbu maydonlardan yil davomida foydalanish darajasi mahalla kesimida muntazam tahlil etib borilmoqda.
Jumladan, 5 ming 520 gektar maydonga ertaki ekinlar, 3 ming 368 gektarga sabzavot, 1 ming 516 gektarga kartoshka, salkam 300 gektarga poliz hamda 335 gektarga boshqa turdagi ekinlar ekildi. Ertaki ekinlarga alohida eʼtibor qaratilgani mahsulotlarni bozorga boshqa hududlardan ilgari olib chiqish imkonini beradi.
Bu jarayon tomorqalardan unumli foydalanish, ichki bozorni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, xonadonlar oʻz ehtiyojidan ortiqcha mahsulotni sotish hisobiga qoʻshimcha mablagʻga ega boʻlmoqda. Tomorqa hosili mahalliy bozorlardagi narx barqarorligiga ham taʼsir koʻrsatadi.
Aholini, ayniqsa, ishsiz yoshlarni daromadli mehnatga jalb etish maqsadida ijara yer maydonlari ajratilmoqda. Hozirga qadar 4 ming 963 nafar yosh va fuqaroga jami 1 ming 815,2 gektar yer berilgan boʻlib, bu maydonlarda sabzavot, poliz, kartoshka, boshoqli va boshqa turdagi ekinlar yetishtirilmoqda. Natijada fuqarolar oilaviy daromadini mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Yer egalari faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish ham muhim vazifalardan biridir. Ayni paytda 3 ming 6 nafar yer egasi dehqon xoʻjaligi sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, qolgan yer egalarini ham belgilangan tartibda rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Rasmiy roʻyxatdan oʻtish dehqonga davlat koʻmagidan foydalanish yoʻlini ham ochadi.
Issiqxonachilikni rivojlantirish, yil boʻyi mahsulot yetishtirish va qoʻshimcha daromad manbalarini yaratishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Joriy yilda umumiy maydoni 4,1 gektar boʻlgan 81 ta issiqxona tashkil etilib, ularda pomidor, bodring, koʻkatlar, poliz va boshqa turdagi ekinlar parvarishlanmoqda. Bu esa mavsumdan tashqari davrlarda ham daromad olish imkonini beradi.
Tomorqachilikni rivojlantirish va oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda moliyaviy koʻmak muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida issiqxona tashkil etish uchun 13 nafar fuqaroga 240 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Qishloq xoʻjaligi asbob-uskunalarini xarid qilish uchun esa 57 nafar fuqaroga 1 milliard 123 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Shuningdek, mineral oʻgʻitlar, biologik va kimyoviy mahsulotlar hamda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini xarid etish uchun 367 nafar fuqaroga 3 milliard 563 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit berildi. Mazkur koʻmaklar hisobiga jami 437 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Imtiyozli kreditlar dehqonga mavsum boshida zarur resursni oʻz vaqtida jamlash imkonini bermoqda.
Qayd etish joizki, tumanda yer egalari va dehqonlarning ilgʻor tajribasini ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xolimbeg ovulida yashovchi Erkinjon Qoʻshayev oʻziga tegishli tomorqa hamda ijara yer maydonidan oqilona foydalanib, oilaviy mehnat asosida moʻl hosil va yaxshi iqtisodiy daromad olishga erishmoqda.
Uning faoliyati yerga mehr, mehnatsevarlik va tajriba orqali oddiy tomorqani barqaror daromad manbaiga aylantirish mumkinligini koʻrsatadi. Bu tajriba boshqa xonadonlar uchun ham amaliy oʻrnak boʻlib xizmat qilmoqda.
Tomorqadan samarali foydalanish, issiqxonalar tashkil etish va oilaviy tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshlangan ishlar tumanda davom etmoqda. Har bir xonadonning yer bilan bogʻliq imkoniyatini ishga solishi esa mahalla iqtisodiyotiga qoʻshilgan bevosita hissa sifatida qadrlanadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶