Erta turmush – sogʻlom avlod kelajagiga tahdid
Oila – inson tugʻilib, voyaga etadigan muqaddas makon, farzandlarning unib-oʻsadigan boʻstoni. Oila - ikki yoshning nikohga kirishishidan boshlanadi…
Abdurauf Fitrat "Oila” kitobida oila qurish boʻsagʻasidagi yoshlar toʻrt narsaga: mol, nasab, husn va imon-u eʼtiqodga eʼtibor qaratishlari zarurligini taʼkidlaydi. Bu oʻrinda :
"mol” – roʻzgʻor tebratish uchun etarli mablagʻning boʻlishi;
"nasab” – nasliy kasalliklarning boʻlmasligi va ijtimoiy mavqe, saviyadagi tenglikka tayanish;
"husn” – er-xotinning oʻzaro mos boʻlishi;
"imon” – maʼnaviy pok va axloqli boʻlishni anglatadi.
Oila qurishga chogʻlanayotgan er-kak va ayol ana shu toʻrt masalada mos tushishi va shundagina ularning turmushi baxtli, nasli pok boʻlishi uqtiriladi.
Farzand ota-onaning koʻz quvonchi, hayot shamchirogʻini yoquvchi, avlodlari davomchisi hisoblanadi. Shu sabab har bir ota-ona bolasining baxtli, saodatli boʻlishi, hayoti mazmunli oʻtishini oʻylaydi va shu yoʻlda elib-yuguradi. Ammo baʼzi ota-onalar oʻzlari bilib-bilmay farzandlari hayotiga rahna solib, ularning sogʻligi va ruhiy holati yomonlashishiga sabab boʻladilar. Jumladan, hali oila qurishga tayyor boʻlmagan yigit va qizni turmush qurishga majburlash ortidan turli koʻngilsizliklar kelib chiqadiki, bu haqida quyida toʻxtalib oʻtamiz.
Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar koʻpincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida oʻylamay, hali balogʻat yoshiga etmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona boʻlmasin, deb oʻgʻil uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni oʻn olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu koʻp hollarda boʻlgʻusi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tugʻilajak farzandning sogʻlomligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Mutaxassislar tomonidan aniqlanishicha, 16-18 yoshlarda ona boʻlish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Yaʼni, homiladorlik va tugʻruqlar jismonan ogʻirroq kechishidan tashqari, bolani parvarishlash, unga ruhan moslasha olmaslik kuzatiladi. Koʻp hollarda qizlarning 15-17 yoshdagi homiladorligi, ongli ravishda tayyor boʻlmasdan turib, astoydil istalgan homiladorlik boʻlmaydi. Bola tugʻilishi bilan oilaviy muammolar ham paydo boʻladi. Bu yoshdagi qiz farzandidan koʻra koʻproq dugonalariga qiziquvchan boʻladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda boʻlajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.
Nikoh qurish eng birinchi navbatda farzand koʻrishdek murakkab fiziologik jarayonlar bilan aloqador boʻlgani sabab juda erta turmush qurish bepushtlik, bolaning oy-kuni etmay tugʻilishiga, shuningdek, homila notoʻgʻri rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Ilmiy maʼlumotlarga koʻra, qizlar va yigitlar deyarli 20 yoshdan keyingina anatomik va fiziologik jihatdan butunlay kamolotga etadilar (bu hozirgi holat, avvallari boshqacha boʻlgan). Tibbiy jihatdan 17 yoshli qizlarga taʼrif beradigan boʻlsak, ularda fiziologik rivojlanish oxiriga etmagan va tos suyaklari hali rivojlanish bosqichida boʻladi. Shu davrda homiladorlik roʻy bersa, homila rivojlanishi, tugʻruq jarayoni juda ogʻir oʻtadi. Bola chala, vazni kam, nuqsonlar bilan tugʻilishi mumkin. Shu-ningdek, bola sogʻlom tugʻilgan taqdirda ham uni parvarishlash ogʻirlik qiladi.
Ruhshunoslarning aniqlashicha, 21 yoshda bosh miya deyarli toʻliq rivojlanib boʻladi, insonning jismoniy va ruhiy holati barqarorlashadi. Shuning uchun bu yosh onalik uchun eng ideal vaqt hisoblanadi. 21-27 yoshli ayol — etuk inson, shakllangan shaxs. Bu yoshdagi ayollarning homiladorligi nafaqat istalgan, rejalashtirilgan, balki ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadigan holat boʻlib, ayol oʻzining asosiy ayollik vazifasini bajarayotgan boʻladi va bu holatidan faxrlanadi.
18 yoshgacha ayolning boʻyida boʻlishini erta homiladorlik, deyish mumkin. Chunki aynan shu yoshda ayol organizmi bola oʻsishi va tugʻilishi uchun shakllanib, tayyor holga keladi. Bungacha yuz bergan homiladorlik koʻpincha abort, bola tushishi, oʻlik tugʻilishi, homilaning nuqsonli rivojlanishi bilan kechgani sabab ona va bola uchun nihoyatda xavfli hisoblanadi. Bunday asoratlar keyingi homiladorlikning oʻz meʼyorida kechishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Ayol qancha yosh boʻlsa, homiladorlik davridayoq turli patologiyalar, jumladan, kamqonlik, kuchli toksikoz, yoʻldosh etishmovchiligi, suyaklar tizimida salbiy oʻzgarishlar koʻp uchrashi kuzatiladi. Yosh ayollar koʻp hollarda tabiiy yoʻl bilan tugʻishga qiynaladi va odatda farzandini jarrohlik amaliyo-ti orqali dunyoga keltiradi. Muammo shu bilan tugamaydi: yosh onadan tugʻilgan farzandning ham hayoti qil ustida boʻlishi mumkin. 18 yoshgacha tuqqan ayollarning chaqaloqlari orasida uchraydigan oʻlim holatlari 20 yoshdan oshgan ayollarning farzandlariga nisbatan koʻproq kuzatiladi. Chunki ularda vazni kam (erta tugʻilish yoki surunkali kislorod etishmasligi tufayli ona qornida nimjon rivojlangan) chaqaloqlar, shuningdek, turli aʼzo va tizimlarida notoʻgʻri shakllanish tufayli bunday ayanchli koʻrsatkichlar yuqori boʻladi.
Yosh ona quyidagi salbiy holatlarga, qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin:
– homilaning erta tushish xavfi;
– ayol organizmida barqarorlashmagan gormonal holatning yuzaga kelishi;
– noturgʻun asab tizimi asoratlari;
– toksikoz ogʻir kechishi;
– ekstragenital kasalliklarning avjiga chiqishi (buyrak, endokrin kasalliklar, kamqonlik);
– gipertenziv holatlar (qon bosimining oʻzgaruvchanligi) paydo boʻlishi ehtimoli kuchayadi;
– homila suvining ortishi yoki kamayishi;
– tugʻruq davrida, tugʻruq faoliyatida sustlik koʻproq uchraydi va uni davolashda medikamentlar hamda jarrohlik usullaridan foydalanish koʻproq talab etiladi (bunday asoratlar yosh onalar orasida oʻlim holatining oshishiga sabab boʻlishi mumkin);
– keyinchalik vaznning ortib ketishi;
– bachadon boʻyni saratoni, yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli ortadi.
Erta homilador boʻlishning salbiy oqibatlari yana quyidagilardan iborat:
– oʻsmir qizlarda homiladorlik ogʻir kechadi;
– oʻsmir qizlarda homilaning rivojlanishi ogʻir oʻtadi, homila yaxshi rivojlanmaydi, bola chala tugʻilishi hamda oʻpka etishmovchiligi, bosh miyaga qon quyilishi va h.k kasalliklarga chalinish ehtimoli katta boʻladi;
– oʻsmir qizlarda tugʻish jarayoni ogʻir oʻtadi (tos suyaklari yaxshi rivojlanmaganligi sababli tabiiy yoʻl orqali tugʻish jarayoni qiyinlashadi);
– tugʻruqdan keyingi asoratlar kuzatiladi;
– oʻsmir qizlar homilador boʻlganlarida ularning ayrimlari zararli odatlarga beriluvchan, yaʼni kashandalik, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalarni isteʼmol qilishga moyil boʻladilar;
– erta homiladorlik sababli ularda ruhiy, yaʼni tushkunlik holatlari yuzaga keladi;
– erta turmush qurgan qizlarda ajralish ham koʻp uchraydi;
Shuningdek, erta uylangan yigitlar otalik vazifasini bajarishda koʻpgina qiyinchiliklarga duch keladilar (ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy, ruhiy, tibbiy, jismoniy tomondan).
Bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar etarli tibbiy bilim va tushunchaga ega boʻlishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmush, qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini koʻra-bila turib, shoshma-shosharlik va oʻzboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosogʻlom farzandlar dunyoga keladi, oilalar oʻrtasida sovuqchilik paydo boʻladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir oʻylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqadi.
Yuqorida erta turmushning tibbiy zararlari haqida toʻxtaldik. Bundan tashqari, buning ruhiy, maʼnaviy zararlari ham borki, bular katta hayotga endi qadam qoʻyayotgan yoshlarning hayotdan bezib qolishiga, eng achinarlisi, oilalarning buzilishiga sabab boʻladi.
Sogʻlom farzand sogʻlom onadan dunyoga keladi. Yoshlarda sogʻlom va ahil oila qurish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni ragʻbatlantirishdek ezgu ishlar zamirida, avvalo, barkamol avlodni voyaga etkazishdek ezgu maqsad mujassamdir. Zero, muhtaram Prezidentimiz aytganlariday: "Oila sogʻlom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir!”
Shahlo MADAMINOVA, tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶