BAHOR — ONALAR FASLI!
Derazamni ochdim tong sahar,
Mart havosi toʻldi xonamga.
Silaganda yuzim sabolar,
Oʻxshab ketdi munis onamga.
Iliqqina mehr taftidan,
Yuragimda uygʻondi sogʻinch.
Xayolimda tuydim dafʼatan,
Bahoriy his, yoqimli ovunch.
Shu yoqimli ovunch hamrohim,
Har bahorda dilim allalar.
Yodga tushar baxtli onlarim –
Onam bilan kechgan pallalar...
Sogʻinaman onajonimni,
Bahordayin qaytib kelsaydi.
Mart kelganda xonadonimni,
Bahor boʻlib kezib yursaydi...
Bahor asli – ONAlar fasli,
Yashnatuvchi jumla jahonni.
Gulga oʻrab odamzot naslin,
Uygʻotguvchi mudragan jonni.
Axir udir bolam, deb giryon,
Oilam, deb yashar jonsarak.
Bahordayin charx urib har yon,
Ezguliklar yoʻlida halak!
Yoningizda onangiz bormi?
Demak, baxt tojin kiyibsiz.
Va oralab mehr gulzorin,
Haroratli taftin tuyibsiz.
Shul mehrni iching sipqorib,
Onangizni koʻtaring boshga.
Vujudingiz nurlarga qorib,
Singib yashang oʻshal QUYoShga!
ROBIYa.
Rasm sunʼiy intellekt tomonidan chizilgan.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶