Deputatlar ishtirokida tanqidiy va tahliliy ruhda yigʻilish boʻlib oʻtdi
2023-yil 17-noyabr kuni Amudaryo tuman hokimligining katta majlislar zalida deputatlar ishtirokida tanqidiy va tahliliy ruhdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Joʻqorgʻi Kengesning qoʻmita raisi Sharapat Otemisov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari Maryam Ahmedova, tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, sektorlar rahbarlari, Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, tuman Kengashi deputatlari, tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbarlari hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda tumandagi maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarining sharoiti, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, tarbiyalanuvchi bolalarning davomadi, yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilinganligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish ishlarining borishi boʻyicha maxsus ishchi guruh tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevral kungi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 52-sonli Qaror hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-iyul kungi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 228-sonli Qarorlarining ijrosi yuzasidan ham maxsus ishchi guruhning hisoboti tinglandi.
Yigʻilishda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov bugungi kunning dolzarb masalalaridan kelib chiqqan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish uchun deputatlardan iborat tarkibda maxsus ishchi guruh tashkil qilinganini, ishchi guruh bir necha kun davomida ovul va mahallalarda boʻlib, tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻrganish ishlarini olib borganini qayd etib oʻtdi.
Yigʻilishda ishchi guruhlar aʼzolari oʻzining faoliyati haqida maʼlumotlar berib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha fikrlar tinglandi va istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Aytish joizki, davlat va jamiyat hayotiga doir keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda deputatlarning oʻrni juda ham katta. Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishidagi ishlarga ham deputatlar katta hissa qoʻshmoqdalar. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni qamrab olgan koʻplab dasturlar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazorati oʻrnatilib, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash kabi masalalarga masʼul rahbarlarning hisobotlari sessiyalarda tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda. Bu borada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarning zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklangan.
Yigʻilish davomida Farovon mahalla fuqarolar yigʻinida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi, tuman Kengashi deputati Muqaddas Beknazarova, 40-sonli maktab direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Sanobar Xoʻjamurodova, tuman Kengashi deputati Muyassar Rahmatullayeva, 31-sonli maktab direktori, tuman Kengashi deputati Nilufar Davletova, tuman prokurori Aziz Roʻzmetov va boshqalar soʻzga chiqib, mavjud kamchiliklar haqida aytib oʻtdilar.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish yakunida Joʻqorgʻi Kengesning qoʻmita raisi Sharapat Otemisov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari Maryam Ahmedovalar soʻzga chiqib, deputatlar va ishchi guruh aʼzolari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, kelgusida takrorlanishining oldini olish yuzasidan fikr bildirdilar.
Yigʻilishda qayd qilingan masalalar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga zarur koʻrsatmalar berildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶