XALQ DEPUTATLARI AMUDARYo TUMANI KENGAShINING NAVBATDAGI 26-SESSIYaSI BOʻLIB OʻTDI
Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining navbatdagi 26-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada tuman hokimining oʻrinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sessiya ishini Kengash raisi Alisher Yoʻldashev olib bordi. Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi. Sessiya kotibligiga 24-Qangli saylov okrugidan deputat Dilnoza Otabayeva nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Kun tartibidan oʻrin olgan masalalar yuzasidan tuman hokimining oʻrinbosarlari hamda tegishli tashkilot va idoralar rahbarlarining hisobot va axborotlari tinglandi. Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar koʻrib chiqilib, berilgan savollarga masʼullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi. Dastlab, tuman mahalliy byudjetining 2026-yil 9 oylik ijrosi hamda byudjet mablagʻlarini yoʻnaltirish masalalari muhokama qilindi. Tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Jahongir Yoʻldoshevning axborotiga koʻra, hisobot davrida mahalliy byudjet daromadlari rejasi 111 milliard 178,7 million soʻm etib belgilangan boʻlib, amalda 123 milliard 417,5 million soʻm tushum taʼminlandi. Natijada daromadlar rejasi 111 foizga bajarilib, belgilangan koʻrsatkichdan 12 milliard 238,8 million soʻm ortiq tushum taʼminlangan. Shuningdek, hisobot davrida mahalliy byudjetdan jami 154 milliard 691 million soʻm mablagʻ sarflangani qayd etildi. Mablagʻlar qishloq xoʻjaligi va obodonlashtirish, maktabgacha taʼlim, umumiy taʼlim, madaniyat va sport, boshqaruv organlari faoliyati hamda boshqa yoʻnalishlarga sarflangan. Fuqarolar tashabbusli jamgʻarmasi va mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan mablagʻlardan foydalanish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sessiyada tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Mahsud Sherimbetovning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti ham tinglandi. Qayd etilishicha, voyaga yetmaganlar tarbiyasiga masʼuliyatsiz yondashgan 1 471 nafar ota-onaga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrilgan, tarbiyasi ogʻir 236 nafar oʻquvchi bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilgan. Mahallalarda oldini olish mumkin boʻlgan 62 ta jinoyat muhokama qilingan. Oilalardagi nizolarni bartaraf etish va ajrimlarning oldini olish maqsadida muammoli 148 ta oila bilan tegishli ishlar olib borilib, ularning 114 tasida yarashuvga erishilgan. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan 1 036 nafar ayolga himoya orderlari berilgan, himoya orderi talablarini buzgan 27 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanilgan. Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 8 044 nafar shaxs “E-ijtimoiy profilaktika” elektron axborot tizimiga kiritilgan. Shundan soʻng tuman soliq inspektsiyasi boshligʻi Jahongir Rahimovning mahalliy byudjet daromadlari ijrosi, qoʻshimcha daromad manbalarini aniqlash va soliq tushumlarini oshirish borasidagi axboroti tinglandi. Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil 1-oktyabr holatiga byudjetga 73,9 milliard soʻm tushum taʼminlanib, 66,5 milliard soʻmlik reja 110,9 foizga bajarilgan. Oʻtgan yilning mos davrida 58,5 milliard soʻm tushum qayd etilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkich 73,9 milliard soʻmga yetgan. Jismoniy shaxslarning daromad soligʻi tushumlari esa 8,5 milliard soʻmni tashkil etgan. Sessiya kun tartibida 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish bilan taʼminlash uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va ularni zaxiraga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi. Tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Ruslan Narimbetovning maʼlumotiga koʻra, 162 ta tashkilot tomonidan jami 861 ta ish oʻrnini zaxiraga qoʻyish taklif etilgan. Shundan 362 tasi nogironligi boʻlgan shaxslar, 53 tasi oilaviy zoʻravonlikdan jabrlanganlar, 411 tasi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar aʼzolari uchun ajratilishi rejalashtirilgan. Qolgan ish oʻrinlari yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganlar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinganlar hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni ishga joylashtirishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, Amudaryo tumani Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori Baxtiyor Davekovning suv yetkazib berish xizmati faoliyati hamda 2027-yil hosili uchun shoʻr yuvish davrida suv olish limitlarini belgilash yuzasidan hisoboti tinglandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2026-yil 2-sentyabrdagi 146-sonli buyrugʻiga muvofiq, tumanga shoʻr yuvish davri uchun jami 186 million kub metr suv olish limiti ajratilgan. Shundan 35 million kub metri tizim orqali, 151 million kub metri esa daryodan nasoslar yordamida olinishi belgilangan. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ajratilgan limitlarni isteʼmolchilar kesimida toʻgʻri taqsimlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, tuman Kengashining maishiy chiqindilarni olib chiqish va obodonlashtirish xizmatlari tariflarini tasdiqlashga oid qaroriga oʻzgartirish kiritish masalasi ham tegishli tartibda koʻrib chiqildi. Sessiya yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul tashkilot va idoralarga belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida hamda sifatli bajarish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶