Yangi yil madhi
Yangi yil! Biz keldik yorugʻ yuz bilan,
Ortimizda porloq, nurli iz bilan.
Mashaqqatlar yukin yelkadan olib,
Hechda bukilmagan qadd-u tiz bilan.
Sinovlar koʻp boʻldi, sinovlar ogʻir,
Zahridan dil yara, yelkalar yagʻir.
Xalq birdam boʻlgan dam Vatan yuksalib,
Matonatga doxil boʻldik baribir.
Har uyda ochildi masjid, maktablar,
Birlashdi maqsadlar, imon, matlablar.
Bir yuz oʻttiz olti tilda soʻzlashgan
Birdam xalq boʻldik biz, birdam millatlar.
Tarix sahfasida yangi zarvaraq,
Yasharib ketganday atrof, tevarak.
Kumush gullar sochib boshlarimizdan,
Bizni qutlayotir hattoki falak.
Vatan doʻnib borar yam-yashil rangga,
Choʻl-u sahrolar ham jannat, qarang-a!
Mehr nurlariga limmo-lim Orol –
Orolqum aylanib kamalakrangga.
Biz yashab yuribmiz, orzular tengsiz,
Umidlar soʻnmagan, umidlar soʻngsiz.
Qaytib kelar, deya suvlar karvoni –
Orolqumni yuvib jonajon Dengiz!
Bir yilni qaritdik, dil toʻla tugʻyon,
Tarixiy lahzalar, ertaklar bir yon.
Ertaklardan xoli hayotga mushtoq
Qalblarda yuksalib Vatan va imon.
Har uyda boshlandi Yangi yil bazmi,
Jaranglar sochmoqda istiqlol nazmi.
Yashil yogʻdulardan charogʻon Vatan
Kengliklarin quchgan yaratish azmi.
Buyuk evrilishlar boshlanar yana,
Yaratmoq – irsiyat, mehnat – anʼana.
Yangi Oʻzbekiston bagʻrida mangu,
Tinchlik bor! Tinmagay bayram, tantana!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶