ChORLOV (Faxriya)
Keling, doʻst-u yoronlar-yey, davr-u davronimni koʻring,
Chiroy ochgan yovonlarim, bogʻ-u ravonimni koʻring!
Dunyo kezgan polvonlarim, mard-u maydonimni koʻring,
Tili burro oʻgʻlonlarim, ilm-u irfonimni koʻring!
Gulga kirgan armonlarim – sayr-u sayronimni koʻring!
Kecha kimlar edik, e voh, millat misli bandi, tutqun.
Dillar aro ming bir soʻroq, yurak yutdi zard-u tutun.
Xoʻrliklarga tarix guvoh, haqiqat ham boʻldi tutqun,
Elim yuz yil qoldi mudroq, chiqarmayin hattoki un.
Bugun sharaf-shonlarimni - tengsiz Arkonimni koʻring!
Ertak aytar momolarim: biz koʻrganni koʻrmangiz, deb,
Kuydirguvchi nolalarim, dardlarimni soʻrmangiz, deb.
Erk, deb soʻlgan lolalarim nomin tildan qoʻymangiz, deb.
Bugun quvonch jolalarim aslo gʻamga yoʻymangiz, deb,
Duo qilgan momolarim – mehri ummonimni koʻring!
Ayvonlarda qaldirgʻochlar jivir-jivir qilib turgan,
Yashillanib gul, ogʻochlar sabzazorga doʻnib turgan.
Bari Qamar ham Sirojlar jismi kuchga toʻlib turgan,
Erkka payvand xush onlarim – dorilomonimni koʻring!
Jahon aytar havas bilan: - Oʻzbekiston – ulugʻ yoʻlda,
Yangi avlod ixlos bilan tutmish buyuk bir tugʻ qoʻlda!
Koʻngil toʻlmas qiyos bilan eng aziz, eng ulugʻ kunda,
Mustaqillik bolalarin dil toʻla tugʻyonin koʻring!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶