Taʼlim tizimi: kecha va bugun
TAFAKKUR SALTANATINING TAFTI
(Publitsistika)
"... taʼlim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan omildir. Binobarin, taʼlim-tarbiya tizimini oʻzgartirmasdan turib ongni oʻzgartirib boʻlmaydi. Ongni, tafakkurni oʻzgartirmasdan turib esa biz koʻzlagan oliy maqsad – ozod va obod jamiyatni barpo etib boʻlmaydi.
Islom Karimov.
OʻZGARISh
Oʻzgarish. Mustaqillik yillarida tilimizda eng koʻp jaranglaydigan bu soʻz tatbiq etilmagan soha qolmadi hisob. Iqtisoddagi, madaniyat hamda ijtimoiy-maʼnaviy hayotdagi, siyosatdagi oʻzgarishlar xalqimiz turmushiga tub islohotlarni boshlab keldi. Mustabidlik zahridan hayoti zardobga aylangan xalqimiz millat sifatida qaddini tik tutib, dunyoga uygʻoq nazar bilan boqqan eng ulugʻ, eng aziz kun – 1991-yilning 31-avgust – Mustaqillik Deklaratsiyasi imzolangan kuni yuz bergan olamshumul OʻZGARISh – Mustaqil Oʻzbekiston davlatining osmonida ERK va OZODLIK quyoshi nur sochgan tarixiy sana boʻlib qoldi. 1-sentyabr tongida butun mamlakatimiz boʻylab xalq shodiyonalari boshlandi. Mustaqillikning ilk kuni edi bu! Ana shu Istiqlol shodiyonalari bilan birga oʻzbek xalqining ong va tafakkuri mislsiz oʻzgarishlar tomon evrildi: zanjirband qilingan HAQIQAT kishanlari parchalanib, ERK va OZODLIK tugʻini baland tutgan koʻngillarda qayta boʻy tikladi. Yuz yildan ortiq davr mobaynida qatagʻon qilinib kelingan ajdodlar merosi – mislsiz ilmu maʼrifati qoliplarni sindirib, yorugʻlikka chiqdi. Millat tarixidagi bu olamshumul OʻZGARISh – xalqimizga buyuk va boy maʼnaviy merosni, betakror ilm-irfon, ulugʻ qadriyatlarni qaytarib berdi.
Tamoman Markazning koʻrsatmasi asosida yoʻnaltirilib kelingan taʼlim-tarbiya tizimida dunyo ahlini lol qoldirgulik islohotlar amalga oshirildi: maktabgacha taʼlim muassasasidan tortib, taʼlim va tarbiyaning barcha bosqichlari – akademik litsey, kollej, oliy taʼlim dargohlarigacha tubdan yangilangan, zamonga mos oʻzgargan darajaga yetdi. Bu oʻquv maskanlarida tahsil olayotgan oʻquvchi va talabaning ong va tafakkuridagi oʻzgarishlar, shaxs sifatida shakllanish jarayonlari uchun yoʻnaltirilgan barcha omillar negizida xalq orzuintilishlarini ifoda etuvchi oliy maqsad – ozod va obod jamiyatni barpo etishdek ezgu istak mujassam!
Bu – ong va tafakkurdagi buyuk OʻZGARISh – xalqimiz dilidagi Oʻzbekiston kelajagiga Ishonch, Iftixor tuygʻusining daxlsizligi! Ana shu Ishonch va Iftixor tuygʻusi ila qalblar charogʻon ekan, millat va mamlakat taraqqiy etaveradi, xalqimiz hayotiga yangi-yangi OʻZGARIShlar kirib kelaveradi.
YaQIN OʻTMIShDAN BIR LAVHA
... Qoʻltigʻiga doim sinf jurnalini qistirib kirib keladigan fizika fani oʻqituvchimiz, ayni paytda sinf rahbarimiz Chorsham aka Yusupov bu gal odatdagidan boshqacha holatda, qoʻlida bir parchagina qogʻoz bilan keldi:
- Oʻquvchilar, - dedi salom-alikdan soʻng, - men hozir ism-shariflarini aytgan oʻquvchilar doska oldiga chiqsin.
U shunday deb roʻyxatni oʻqidi. Roʻyxatga baquvvat, boʻylari baland-baland oʻquvchilar kiritilgan edi. Sinfimizdagi 36 nafar oʻquvchining 20 nafari Chorsham aka oʻqigan roʻyxat boʻyicha doska oldiga saf tortishdi.
- Sizlar yangi qurilayotgan maktabimizning qoʻshimcha xonalariga devor urishga borasizlar, - dedi u negadir nigohini yerdan uzmay. – Oʻgʻil bolalar paxsaga kapcha belda loy otishadi, qiz bolalar suv tashib, loyni pishirishadi. Qolganlar esa kolxozning 2- va 14-brigadasi dalalariga gʻoʻza yaganasiga borishadi.
Chorsham aka fizika darsini juda qiziqarli, berilib oʻtar, uning darsini hammamiz orziqib kutardik. Ne iloj, dars qoldirildi. 20 nafar sinfdoshlar paxsa koʻtarishga, 16 nafarimiz esa ikki guruhga boʻlinib, maktabimiz yaqinidagi 2- va 14-brigada dalalariga, gʻoʻza yaganasiga yoʻl oldik. Oʻshanda sinfdoshlarim bilan loy pishirishda qatnashib bel va mushaklarimda qattiq ogʻriq paydo boʻlganini eslasam, hamon tanim zirqiraydi. Endigina 16 yoshga qadam qoʻyayotgan 8-sinf oʻquvchilari edik oʻshanda. Oʻgʻil bolalar 9-10- sinf oʻquvchilari bilan bab-baravar uch metr tepaga, toʻrtinchi paxsaga kapcha-bellarda loy irgʻitishar, har kapcha loyni irgʻitganlirida gandiraklab-gandiraklab ketishardi. Lekin hech kim: "nega biz bu ishni qilishimiz kerak?”,- demas, qoldirilayotgan dars soatlari haqida oʻqituvchilar ham biron soʻz aytmasdi.
Oʻshanda men tahsil olgan S.Ayniy nomli (hozirgi 22-sonli) maktab uchun oʻquvchilar mehnati bilan 5-6 xonali qoʻshimcha bino qurilgan, binoning barcha qurilish-sozlash va bezatish ishlari maktabimizning yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan amalga oshirilgan edi. Esimda: bu qurilishda qatnashgan koʻpchilik oʻquvchilar qandaydir kasalliklarga chalinishgan. Birini issiq ursa, yana birining oyogʻi, beli ogʻrigan. Ogʻir jismoniy mehnat tufayli holdan toyib, toliqib qolganlar, oyogʻini bel yoki tosh tilib, jarohat orttirganlar ham koʻp boʻldi. Paxta yaganasiga chiqqan oʻquvchilarning boshidan issiq oʻtib, yuqori harorat bilan shifoxonaga tushib qolgandi...
Ne mashaqqat bilan qurilgan maktabimizning qoʻshimcha binosi uch yil davomida zoʻrgʻa bitkazildi. Ungacha biz maktabni tugatib, turli oʻquv yurtlarining talabasi boʻldik.
Taʼtil payti edi. 1982-yilning iyul oyida maktabimizning oʻzimiz qurgan qoʻshimcha "bino”siga kirdim. Garchi yangi boʻlsa-da sinf xonalari zax va qorongʻi edi. Partalar ola-bula – biri siniq, biri tuzuk, deganday. Hamon kichik bir partada uch, hatto toʻrt oʻquvchi oʻtirib saboq olarkan.
- Hamon sinf xonalari yetishmaydi, - dedi oʻsha paytdagi maktabning geografiya fani oʻqituvchisi (rahmatlik), ustoz Oʻrozboy aka Ollaberganov. – Zamon oʻzgarar, deb ishlab yuribmiz...
ZAMON OʻZGARGUNChA...
Eh-he, zamon oʻzgarguncha oradan qisqa, lekin har lahzasi yillarga teng mashaqqatli 9-yil oʻtdi. 9-yilgacha mening sobiq maktabdoshlarimning ola-bula partalari, yuzasi qirilib, rangi oʻchib ketgan yozuv taxtalari hech oʻzgarmadi. Oʻquvchilar – mening sobiq maktabdoshlarim 5-sinfdan boshlab maktabni tugatgunlaricha paxta yaganaladi, paxta terdi, koʻsak chuvidi. Tergan paxtasiga suv tekin toʻlangan mehnat haqini tirnoqlab yigʻib, kitoblar sotib olishdi. Hayotga ana shunday intilib, ilmga borar yoʻllarni oʻzlari izlab, oʻzlari ochib, oʻzlari uchun oʻzlari sharoitlar "yaratib” yashadilar. Ilmga chanqoq yuzlab maktabdoshlarim Mangʻit shahridan nariga oʻtib, oʻqishning imkonini topa olmay, orzularini bir umr yuraklariga koʻmib yashashga majbur boʻldilar. Yoki majburiy ravishda, oʻzlari xohlamagan xolda "qishloqda yashaysanmi, texnikani bil!”- degan sovetning "qizil shiori” ga bosh egib, traktorchilik kurslarida tahsil oldilar. Koʻpchilik sobiq maktabdoshlarim uchun oliy oʻquv yurtida oʻqish orzuligicha qolib ketdi...
ZAMON OʻZGARGANDA
Ana, koʻrdingizmi, bizning farzandlarimiz, taʼlim sohasi fidoyilari qanchalar mashaqqatli mehnatlarga giriftor boʻlgan edilar kecha. Bu nari borsa 25-30-yil oldingi yaqin oʻtmish manzaralari. Zamon oʻzgarganda nimani koʻrdik, azizlar?
Koʻrdikki, oʻsha paytda xalqimiz erki qatagʻon, qalblar esa mudragan edi. Mustaqillik – eng avvalo xalqimizning tafakkur saltanatini yoritdi. Mudroq qalblar uygʻondi. Qalblar uygʻonganda qoliplashtirilgan shoʻrolar siyosati soyasida qolgan, mustabidlik zanjiridan xalos boʻlib, qad rostlayotgan buyuk tafakkur saltanatining haroratini, taftini his etdik. Bu – ulugʻ ajdodlar asos solgan ilm-maʼrifatning oydin yoʻli edi. Bu OʻZGARISh – Mustaqillik farzandlari uchun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallash, mustaqil fikrlash, oʻz ona yurtiga soʻnmas mehr va sadoqat tuygʻusi bilan yashash, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda "hech kimdan kam boʻlmaydigan, mamlakatda hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqadigan”, tamoman yangi, barkamol avlod, yuksak tafakkur sohiblari sifatida shakllanish imkonini berdi.
"- ... Hammamiz uchun bir haqiqatni anglab yetmoqdamiz, - degan edi muhtaram Prezidentimiz I.Karimov "Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” nomli asarida. – Faqatgina chinakam maʼrifatli odam inson qadrini, millat qadriyatlarini, bir soʻz bilan aytganda oʻzligini anglash, erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon jamiyatida oʻziga munosib obroʻli oʻrin egallashi uchun fidoyilik bilan kurashishi mumkin”.
Zamon oʻzgargach, fikrlar, qarashlar oʻzgardi. Albatta, bu oʻzgarish kimningdir koʻrsatmasi, qoliplashtirilgan rejasi asosida emas, xalqning xohish-irodasi bilan boʻldi. Bu haqiqiy maʼnodagi maʼnaviy inqilob edi. Xalq ilm-maʼrifat sari intildi. Millatimizning mana men degan olim-u fozillari Prezident I.A.Karimov rahnamoligida "Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi Qonunni ishlab chiqdilar. Taʼlim-tarbiya tizimida yangi qonuniy asoslar yaratilib, Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi oʻz takomiliga yetkazildi.
TAFAKKUR TAFTINING QUDRATI
"Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun, Milliy Dasturning tizimga tatbiq etilishi tarixan qisqa davr ichida Oʻzbekiston davlatini jahon aro maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan betakror, qudratli davlat darajasiga koʻtardi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, har qaysi davlat va millat oʻzining jamiki boyliklari, harbiy kuch-qudrati va ishlab chiqarish salohiyati bilangina emas, balki yuksak maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati bilan yanada qudratlidir. Binobarin, mustaqillik yillaridagi taʼlim-tarbiya tizimiga koʻrsatilayotgan beqiyos eʼtibor va ragʻbat tufayli Oʻzbekiston yoshlari dunyo yoshlari bilan bellashishga qodir kuch-qudrat sohiblariga aylandilar. Fanlar boʻyicha "Bilimlar bellashuvlari”, xalqaro fan olimpiadalarining gʻoliblari tomonidan zabt etilayotgan ilm-irfon choʻqqilariga bugun jahon havasda. Sportda, sanʼatda, iqtisod va siyosatda Oʻzbekiston nomidan maydonga tushib, yuksak matonat va jasorat namunalarini koʻrsatayotgan yoshlarning ovoziga quloq tuting-a! Ularning ovozlari oʻktam, qadamlari shaxdam. Tafakkuri oʻtkir, zehnda tengsiz yoshlarni kashf etasiz!
Uzoqdan misollar izlamaylikda, tumanimizning oʻzidan oʻnlab yoshlar dunyoning Amerika, Qoʻshma Shtatlari, Germaniya, Chexiya, Malayziya, Rossiya kabi davlatlarida tahsil olayotganlari, oʻz aql-zakovati bilan xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga aylanishayotganlari inson tafakkuri tafti nafaqat insonning oʻziga, balki u mansub boʻlgan millatga, uni tarbiyalab, voyaga yetkazgan xalqiga qanchalar katta sharaf keltirishini anglash aslo qiyin emas.
Mustaqillik farzandlari oʻz Vataniga, xalqiga ana shunday sharaf keltiruvchi yuksak tafakkur sohiblariga aylanib ulgurishdi. Bugungi taʼlim tizimi imkoniyatlari ana shunday salohiyatli insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdek buyuk imkonlarga ega.
IFTIXOR
Bu imkoniyatlar mohiyatini anglash uchun yaqin oʻtmishga doir tarixning kirlangan sahifalariga birgina nazar solishingizni juda-juda istardim.
"Millatni yoʻq qilish uchun uni qirish shart emas, - degan edi chor Rossiyasining Turkiston oʻlkasidagi general-gubernatori M.Skobelev, - uning madaniyatini, sanʼatini, tilini yoʻq qilsang bas, tez orada oʻzi tanazzulga uchraydi”.
Xalqimiz M.Skobelev nazarda tutgan maʼnaviy tanazzulga uchrashiga bir bahya qolganida Prezident I.Karimovning oqilona siyosati tufayli mustabidlik davrining ayovsiz qatagʻonlariga uchragan maʼnaviyatimiz, asriy qadriyatlarimiz, madaniyatimiz qayta ulugʻlandi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi, toptalgan islomiy qadriyatlar qayta tiklandi. Yuksak eʼtibor va ragʻbat koʻrsatilgan taʼlim tizimi beqiyos rivojlanish bosqichiga kirdi. Bugungi Oʻzbekiston bolalari bepul umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olish imkoniga ega boʻldilar. Juda qisqa fursat ichida mamlakatimizda minglab umumtaʼlim maktablari, yuzlab kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, yangi-yangi oliy oʻquv dargohlari binolari qurilib, ilmi-toliblar ixtiyoriga berildi. Yuqoridagi kabi yovuz niyatli kimsalarning rejalari tamoman puchga chiqdi. Oʻzbekiston davlati vatanparvar xalqini atrofiga jipslashtirgan Prezident rahnamoligida taraqqiyotning oʻziga xos Oʻzbek modelining betakror imkoniyatlarini jahon aro namoyish eta oldi. Va bugun Oʻzbekiston davlati jahon xamjamiyatida oʻz oʻrniga ega qudratli davlat sifatida shakllandi.
"Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi taʼlim tizimi salohiyatini tubdan oʻzgartirib yubordi. Pedagog va ilmiy-pedagog qadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish zamon talablari darajasiga yetkazildi, qadrlar tayyorlashning oʻziga xos va betakror milliy modeli yaratildi. Barcha oʻquv muassasalari zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlandi. Oʻquvchi-yoshlarning axborot bilan taʼminlanish darajasi jahon standartlari darajasiga yetkazildi. Oʻzbekiston Prezidentining 2005-yil 28 sentyabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasining jamoat taʼlim axborot tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning turli tuzilmalari tomonidan axborotlarni uzatish tarmoq-larida taʼlim va yoshlar boʻyicha yaratilayotgan axborot resurslari yagona "Ziyo NET” taʼlim tarmogʻiga ulandi. Bu – oʻquvchi-yoshlar, talabalar bilim va tafakkur dunyosining kengayishida juda katta maʼnaviy xazina, maʼnaviy imkon eshiklarini ochib berdi.
Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizda ayni paytda faqat taʼlim tizimiga yoʻnaltirilayotgan xarajatlar davlat byudjetining 35 foizdan ortigʻini tashkil etmoqda. 2013-yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra Oʻzbekiston jahondagi 141 ta mamlakat orasida 5-oʻrinni egallab turganini hisobga olsak, sohadagi yuksak taraqqiyotni his etish aslo qiyin emas.
Bugungi kunda umumtaʼlim maktablaridagi chet tili fani, avvalo ingliz tilini oʻrganish uchun moʻljallangan oʻquv xonalari 45 milliard soʻmlik zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangani farzandlarimizning chet tillarini puxta va mukammal oʻrganish imkonini yaratdi.
Bugun xohlagan maktabgacha taʼlim muassasasiga yoki umumtaʼlim maktabiga borib bir kuzating-a! Nimaning guvohi boʻlasiz? Mohiyatan buyuk OʻZGARIShlarning! 6 yashar bola ingliz tilida burro-burro gapira oladi. Maktab oʻquvchisi oʻz oldiga qoʻygan aniq maqsad roʻyobi uchun ilmga berilgan. Akademik litsey va kollej oʻquvchisining oʻz shaxsiy fikri, kelajakka hamohang orzulari, gʻoyalari bor. Eng muhimi, bugungi taʼlim tizimining porloq istiqboli har ishda, har sohada, har bir oʻquvchining, talaba va olimning koʻzida, soʻzida, ezgu amallarida aks etib turibdi!
Beixtiyor dilimdagi iqrorlarim tilimga koʻchadi:
- Kecha biz kim edik?
- Qanotlari qayrilgan, erksiz, qafasdagi qush.
- Bugun biz kimmiz?
- Ilm-fanda, sanʼat-u madaniyatda, sportda, siyosatda va ijtimoiy hayotda eng ilgʻor, tafakkur haroratining tafti olamga tatigulik bunyodkor, tadbirkor, bilimdon, zukko va fozil xalq!
Va baralla aytgim keladi:
- Biz bularning barchasiga yuksak ilm-maʼrifat va tafakkurimiz qudrati ila erishdik. Inkorga esa aslo oʻrin yoʻq!
Atrofga boqing: shaharlar, ovullar oʻzgargan – farovon, bogʻ-u dalalar hosil neʼmatlaridan larzon! Farzandlar barkamol, sogʻlom – ular jahonning buyuk minbarlariga koʻtarilib, ilm-irfon, zakovat bahslarida ishtirok etishayotir. Nufuzli sport arenalarida, jahon sahnalarida Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishayotir. Bogʻcha tarbiyalanuvchisidan tortib oliy oʻquv yurti talabasigacha hammaning dilida bir ezgu shior:
- Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – Oʻzbekistonim!
Bu - millatning, Oʻzbekiston xalqining qalb iqrori, iftixori!
Robiya
YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶