Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 74-sessiyasi toʻgʻrisida AXBOROT
2024-yil 30-may kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining 74-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani xalq deputatlari tuman Kengashi raisining oʻrinbosari Gʻulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 13-Qilichboy saylov okrugidan deputat Bahrom Qodirov saylandi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan Amudaryo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Qudrat Abdikalikov hisobot berdi. Hisobotda 2024-yil hosili uchun tuman boʻyicha 353 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 16 ming 154 gektar maydonga chigit, 313 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 5 ming 630 gektar maydonga gʻalla ekilib, agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilinayotgani taʼkidlandi.
Hukumatning tegishli qarorlari bilan tumanda 2024-yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari oqilona joylashtirilgan va aksariyat fermer xoʻjaliklari shu asosida ekin ekib, yer va suvdan unumli foydalanishmoqda. Lekin baʼzi fermer xoʻjaliklari tomonidan tegishli qaror talablari buzilib, suvni koʻp talab qiladigan, joylashtirishda koʻrsatilmagan sholi ekinini ekish holatlari ham kuzatilmoqda. Jumladan tuman boʻyicha 96 ta fermer xoʻjaliklarida jami 533,5 gektar maydonlarga rejasiz sholi ekilganligi aniqlangan.
Ushbu masala yuzasidan Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tuman boʻlimi boshligʻi Sarvar Matyakubov, tuman Irrigatsiya boʻlimi boshligʻi Shukrullo Yusupov, tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Anvar Yoʻldoshevlar soʻzga chiqib, monitoring natijasida aniqlangan rejasiz ekilgan sholi suvning meʼyoridan ortiq isteʼmol qilinishiga, boshqa hududlarga suv yetib bormasligiga sabab boʻlayotganini taʼkidlashdi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Palvanov axborot berdi. Deputatlar Xitoy ovuli hududidan tuman yer zahira fondi hisobidan umumiy maydoni 10 gektar boʻlgan yerni ochiq elektron tanlovga chiqarish taklifiga rozilik bildirdilar.
Kun tartibidagi soʻnggi masala yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Amudaryo tumani filiali boshligʻi Sherzod Sultanov soʻzga chiqib, Prezidentimizning 2023-yil 28-iyul kungi farmonida koʻrsatilgan shartlarni bajargan fuqarolarga tegishli boʻlgan yer uchastkalariga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha Kengashga taklif kiritdi. Taklif deputatlar tomonidan maʼqullandi.
Sessiya soʻngida tuman hokimi Sobir Xoʻjametov soʻzga chiqib, tumandagi fermer xoʻjaliklari rahbarlariga yerdan va suv resurslaridan oqilona, qonunga muvofiq foydalanish boʻyicha murojaat qildi. Tegishli tashkilotlarning taqdimnomalaridan keyin aksariyat fermer xoʻjaliklari sholi maydonlarini buzib, ushbu maydonlarga boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekkani, qolgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari ham 2 kunlik muhlat ichida sholi maydonlarini buzib, yerdan va suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish holatiga barham berishi lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu taklif deputatlar tomonidan maʼqullandi va 2 kunlik muhlatda topshiriqni bajarmagan fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bir tomonlama bekor qilib, yer maydonini tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarib olish masalasi koʻrib chiqilishi boʻyicha tegishli fermer xoʻjaliklari rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, faol muhokamalardan keyin barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶