TUMAN HOKIMLIGINING BOShQARUV XODIMLARI UChUN EKSPRESS-TRENING TAShKIL ETILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali tomonidan Amudaryo tuman hokimligida ikki kunlik ekspress-trening tashkil etildi.
22-23-sentyabr kunlari davomida boʻlib oʻtgan mazkur ekspress-treningda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi filiali rahbar oʻrinbosari Adilbek Reimbayev, hokimlik tizimi boshqaruv xodimlari hamda sektor rahbarlari, kotiblari ishtirok etishdi. Shuningdek, tuman hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik boshqaruv apparati xodimlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham qatnashishdi.
Treningda masʼul rahbarlarning faoliyatni tizimli tashkil qilish va natijadorlikni oshirish, aholi bilan tezkor ishlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, samarali jamoani shakllantirish yuzasidan koʻnikmalarini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Kun tartibidagi masalaga koʻra sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash mexanizmi, vazifalar, reja va amaldagi koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlarning shakllanishi, shuningdek, tuman hokimi oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash tartibi ham tushuntirildi.
Shuningdek, 2023-yilning birinchi yarim yillik natijalari muhokama qilinib, sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari, natijalarni hisobga olish va baholashning asosiy mezonlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikni, faoliyatni tashkil etishda natijadorlikka erishishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar berildi.
Oʻquv seminarida Konstitutsiya, “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da mahalliy hokimliklar uchun belgilangan ustuvor vazifalar, davlat fuqarolik xizmati, odob-ahloq qoidalari keng tushuntirildi. Murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish, tumanning investitsiya salohiyatini oshirish kabilar borasidagi samarali chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi. Undan tashqari, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish kabi mavzular boʻyicha maʼruzalar qilindi.
Trening davomida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish, jamoaviy harakat qilish, jamoada sogʻlom muhitni taʼminlash, mehnat faoliyati samaradorligini oshirish kabi masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mehnat qonunchiligi boʻyicha keng tushunchalar berilib, huquqiy bilimlari oshirildi.
Koʻrgazmali slaydlar orqali oʻtkazilgan “Muammolarni yechishda ijodiy, yaʼni kreativ yondashuv mahorati” hamda "Taym-menejment, vaqtdan samarali foydalanish" mavzularidagi taqdimotlarda ish jarayonida ijodiy fikrlash koʻnikmasini qoʻllash, uni rivojlantirish, vaqtni boshqarish kabilar amaliy misollar bilan koʻrsatib berildi. Interfaol oʻyinlar, maxsus mashqlar orqali seminar ishtirokchilarining ijodiy imkoniyatlarini ochishga eʼtibor qaratilib, ularni namoyon etishga harakat qilindi.
Mashgʻulotlar davomida seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
Ushbu qisqa muddatli ekspress-trening rahbar kadrlarning samarali boshqaruv boʻyicha zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishini taʼminlab, tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatlarini mustahkamlash bilan birga ularning kasbiy mahoratini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ozoda Xudoyberganova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶