“SOFLOM BOLA YILI” yangiliklari
Xotin-qizlar bandligini taʼminlash yoʻlida
13-mart kuni Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kollejida Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasining tashabbusi bilan Respublika seminari oʻtkazildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida oʻtkazilgan ushbu seminarda tumanlardagi xotin-qizlar qoʻmitalarining raislari, bitiruvchi qizlarni ishga joylashtirish boʻyicha hududiy shtablar rahbarlari, tumanimizdagi kasb-hunar kollejlari direktorlari va kollej bitiruvchilari ishtirok etdilar.
Seminarni tumanimiz hokimi Rajabboy Yoʻldoshev ochdi va olib bordi. Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi qizlarini ishga joylashtirish boʻyicha yaratilgan tizim afzalliklari va ushbu tizimning samarali ishlashi uchun zarur chora-tadbirlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Aytish joizki, joriy yilda tumanimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 2894 nafar oʻquvchilar, shu jumladan 1397 nafar qizlar tamomlaydilar. Bitiruvchilarni, ayniqsa qizlarni ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida maxsus shtablar oldida turgan dolzarb masalalar muhokamalarning diqqat markazida boʻldi.
Shuningdek, seminarda xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlimlari faoliyatiga doir boshqa masalalar xususida ham fikr almashildi.
Deputat saylovchilar bilan uchrashdi
Joriy yilning 4-martidan 17-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi saylovchilari bilan uchrashuvi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamentining 62-moddasiga muvofiq oʻtkazilayotgan ushbu uchrashuvlarda Parlament hayotiga oid yangiliklar toʻgʻrisida maʼlumot berilmoqda.
Tuman hokimligida Qonunchilik palatasi deputati Nazira Matyoqubova ishtirokida saylovchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham aynan shu jihatlar oʻz ifodasini topdi.
Taʼkidlanganidek, ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan deputatlar muhokamasiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasining muhokamasi boʻlib oʻtmoqda.
Deputat oʻz soʻzida Davlatimiz rahbarining tashabbuslari milliy davlatchiligimiz va siyosiy tuzumni yanada mustahkamlashda, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Shuningdek, Amudaryo transport kasb-hunar kollejida ham shu kabi uchrashuv oʻtkazilib, unda yoshlarni ish bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv kollejda oʻtkazilayotgan Navroʻz bayrami tantanalariga ulanib ketdi.
Hokim va yoshlar uchrashuvi
13-mart kuni tuman hokimligi binosida yoshlarni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalasida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tuman hokimligi, tegishli muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari rahbarlari, "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman Kengashi, Harakatning boshlangʻich tashkilot yetakchilari, Harakat faollari hamda oʻquvchi-yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan ushbu "Hokim va yoshlar” uchrashuvi kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga bagʻishlandi.
Tadbirda tumanimiz hokimi Rajabboy Yoʻldoshev bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida aytib oʻtdi hamda yoshlar bilan bevosita muloqot qilib, ularni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalarida yoshlar bilan fikrlashdi.
Aytish joizki, "Amudaryo tumanida 2014-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi” doirasida joriy yilda 5236 ta yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilning oʻtgan 2 oyi davomida rejadagi 318 ta oʻrniga yoshlar uchun 320 ta ish oʻrni tashkil qilindi.
Ochiq muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda yoshlar bandlik va tadbirkorlik masalasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirligining 2014-yil 3-martdagi 89-sonli "Respublikaning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan 10-15 mart kunlari mamlakatimiz boʻylab Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining yetakchi olimlari va yuqori malakali shifokorlari ishtirokida "Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Tumanimizda ham mazkur qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik jarayoni uyushqoqlik bilan tashkil qilindi.
Tibbiy koʻrikka aholining turli qatlami vakillari, shu jumladan, yakka-yolgʻizlar, nogironlar, tugʻish yoshidagi ayollar va tibbiy yordamga muhtoj kishilar ham jalb qilindi. Malakali shifokorlarning tashxisi boʻyichi kasallik belgilari aniqlangan bemorlarga statsionar yoki ambulator sharoitda davolanishga yoʻllanmalar berildi.
Nuroniylar bilan suhbat
13-mart kuni tumanimizda yashab istiqomat qilayotgan nuroniylardan bir guruhi tuman hokimligida boʻlib, tuman hokimi bilan uchrashdilar.
Jamiyatning maʼnaviy asoslarini yanada boyitishda, oilaning ahamiyatini yuksaltirish, yosh oilani hayotning turli toʻfonlaridan asrash, uning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun yelkadosh boʻlish, bu borada zarur koʻmak, maslahat koʻrsatishda nuroniylarning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Yurtimizda nuroniylarga hurmat va ehtirom koʻrsatish borasida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda. Bu tabarruk insonlarga mehr-muruvvat ulashish, ularga moddiy, maʼnaviy yordam koʻrsatish, salomatliklarini tiklash borasida mamlakatimizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻz navbatida faxriylarimiz ham koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqdalar.
Jamgʻarmaning tuman boʻlimiga shu paytga qadar Ismoil Toʻrayev boshchilik qilib kelayotgan edi. Boshqa ishga oʻtgani munosabati bilan Ismoil Toʻrayev oʻz lavozimidan ozod qilinib, Bekman Allamberganov jamgʻarma tuman boʻlimining yangi raisi qilib saylandi.
Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi «Nuroniy» jamgʻarmasi raisi Jalil Muyaddinov ishtirok etdi.
«Tashabbus-2014» koʻrik tanlovining tuman bosqichi oʻtkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Tashabbus» koʻrik-tanlovi respublikamizda 1996-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi. Mazkur koʻrik-tanlov nafaqat tadbirkorlarning mehnati faoliyati bilan aholini tanishtirish, balki ularni yangi marralar sari undashda ham muhim omil boʻlmoqda.
Tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimida «Tashabbus-2014» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tuman bosqichida uchta asosiy yoʻnalish – «Eng yaxshi tadbirkor», «Eng yaxshi fermer», «Eng yaxshi hunarmand» hamda qoʻshimcha ravishda «Yoshlarga eng koʻp ish oʻrni yaratgan tadbirkor», «Eng yaxshi tadbirkor ayol», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi» nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.
Yakunlarga koʻra, «Eng yaxshi tadbirkor» deb "Eltuzar” xususiy ishlab chiqarish tijorat kichik korxonasi, «Eng yaxshi fermer» sifatida "Amudaryo sohili” fermer xoʻjaligi va «Eng yaxshi hunarmand» deb Abdusherip Masharipovlar tan olindi.
Tanlovning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblarga esdalik sovgʻalari va keyingi bosqich yoʻllanmasi topshirildi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶