AYoL BAXTI
... Bugun uning uchun odatdagidek bir kun xolos. Mana 15-yildirki, shu ahvol, bu oilada. Eri yomon odam emas: ichmaydi, chekmaydi, ayoliga ovozini koʻtarib gapirmaydi. Ishdan uyga, uydan ishga boradi, ayrim erkaklarga oʻxshab koʻchama-koʻcha sangʻimasa-da, ayoliga munosabati boshqacharoqdek. Eri hech qachon u bilan ochilib gaplashmagan. Oldinlari qaynota-qaynona, ovsinlari bilan birga yashaganlarida unchalik bilinmasdi. "Men bilan gaplashgani ota-onasidan uyalsa kerak”, deb oʻylardi. Endi-chi, nima halaqit beradi? Farzandlari katta boʻlishgan, ikkalasi ham maktabda oʻqishadi, oʻqishdan keyin oʻgʻli boks toʻgaragiga, qizi esa ingliz tili toʻgaragiga qatnashadi. Yolgʻiz qoladigan vaqtlari koʻp boʻlsa-da eri unga tayinli bir gap aytmaydi. Ayol kutadi, eri u bilan hazillashib, dildan gaplashadigan kun, albatta keladi!
Bahor yaqinlashib, bayramlar kelishini ayol boshqacha kutadi. Bu yil bayram oʻzgacha boʻlishiga oʻzini ishontiradi. Har yil shunaqa boʻladi oʻzi. Bahorning ilk ayyomi – 8-mart bayramida moʻʼjiza yuz berib, erining oʻzgarib qolishini tasavvur qiladi. Dam olish kunlari, bayramlarda baʼzi er-xotinlar shahar markazidagi sayilgohga, yaqinlarinikiga mehmonga borishadi, mazza qilib dam olishadi. Ayol esa buni orzu qiladi, xolos. Eridan iltimos qilolmaydi. Rad qilsa-chi? Yoʻq, yoʻq koʻngli sinadi unda.
Bugun bayram. Eridan endi u ortiqcha narsa kutmay qoʻygan. Biladi, moʻʼjiza ertaklarda boʻlishini. Har yilgiday guldasta va tort koʻtarib kelayotgan erini koʻz oldiga keltiraverib, toʻgʻrisi, charchadi ayol. Hafsalasizgina, tushlikka dasturxon tuzadi. Bugun ham er-xotin bolalarsiz tushlik qilishadi, har doimgidek jimgina.
Eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Ayolning koʻngli birdan orziqib ketdi. Qoʻngʻiroq ovozi ham bugun yoqimliroq tuyuldi. Eshikni ochsa, eri.
– Tez kiyin, onasi. Bugun seni restoronga olib boraman, keyin istirohat bogʻiga boramiz. Oʻylab qarasam, shu yillar ichida birga dam olmabmiz, bayraming muborak!
Ayolning koʻzlarida yosh aylandi. Bu sevinch yoshlarini erining mehribon barmoqlari asta artdi...
Ayolni baxtli koʻrish uchun koʻp narsa kerak emas ekan. Erkak buni tushunib yetdi, kech boʻlsa-da...
Nodira YaNGIBOYeVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶