16.10.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
16.10.2026, 06:24
Adabiyot 👁 4,314

NAVROʻZI OLAM BUGUN

Har gal Navroʻz bayrami yaqinlashsa, olis bolalikning betakror lahzalari koʻz oldim-da jonlanaveradi. Qishlogʻimizning eng soʻzamol, dono va shoirtabiat  kishilaridan biri, biz bolalar eng yaxshi koʻradigan "qoʻshiqchi bobo” - Kamol Xarrat hovlisi atrofiga bir toʻda bolani yigʻib,  boshidagi choʻgirmasini  selkillatib biri-biridan qiziqarli ertaklar, ohanglari dillarni tebratuvchi qoʻshiqlar aytardi. Necha yillar oʻtibdiki, Xarrat boboning  ovozi qulogʻim ostida hamon qayta  jaranglaydi:

Halinchak, ho halinchak,

Halinchakda kelinchak.

Kelinchak kulib yursa,

Qutli boʻlar kelajak.

Halinchak, ho halinchak,

Sochi sunbul kelinchak.

Polvon bola tugʻib ber,

Halinchakka solib ber.

Boboning bu qoʻshigʻidan soʻng biz quvonib ketardik. Huddi ovuldagi hamma kelin-chechalarimiz oʻgʻil tugʻib, halinchaklar toʻlib ketganday! Ovulimizda Alpomishlar ot surib yurganday-a! Axir Xarrat bobomizning qoʻshiqlaridagi mezon shunday edida:

Kelinchak ul tuvib,

Ulkan botir yigit boʻlib.

El-ovulim, deb emranib,

Alpomishday ot surar-a.

Ot surar-a, ha-ha-hay...

Navroʻz kelganini Xarrat bobomizning hovlisidagi baland gujum daraxtiga halinchaklar qurilganidan bilardik. Enalarimiz yumshoq, boʻrsillagan boʻgʻirsoqlar pishirib, yogʻoch chanoqlarga solib berishardi, qoʻshni bolalar bilan birga baham koʻrardik. Bir-birovga mehr-oqibatning, eʼtiborning mazmun-mohiyati barq urib turardi har bir koʻngilda. Yeroʻchoqqa oʻrnatilgan dahsar qozon  atrofida kigiz toʻshab, tinmay biqirlab qaynayotgan sumalakni kovlab turib, momolarimiz hazil qoʻshiqlar aytishardi.

Keli tuygan kelinjon,

Bilaging muncha nimjon?

Gursillatib ursang-o,

Shakarin chiqarsang-o.

Toʻnka yorgan boʻz bola,

Oʻchoqqa bir boqsang-o.

Bir urganda yormasang,

Ajiz (kuchsiz demoqchi) san-a hay bola!

Xalqimizning maʼnaviy boyligi, soʻzamolligi, hozir-javobligi sinovdan oʻtardi goʻyo  sumalak, Navroʻz bahona. Ana shunday aytimlar bilan kelinlarni epli, yigitlarni kuchli boʻlishga chorlardi momolarimiz. Xarrat bobo esa baland gujum daraxtining yoyilib oʻsgan shoxlariga har galgi Navroʻzda halinchaklar qurardi. Sumalak saylining eng totli lahzalari ana shu halinchakning iforli shamolida edi goʻyo:

Gujumning shoxosina osdim halinchak,

Haz etib oʻynasin, kulsin kelinchak.

Siltamang arqonni, siltamanglar-ov,

Kelinchak sochlari shoxga ilinjak...

Halinchak,  halinchak, shamoling yaxshi,

Navroʻzdan-Navroʻzga yetirsin omon.

Kelinchak ul koʻrsin umrning naqshi,

Ullari elini qoʻrgʻasin omon.

Koʻkrak burma koʻylaklar kiyib, uzun sochlarini sollantirib halinchak uchgan kelin-chechalarimiz yanagi Navroʻzga albatta oʻgʻilli boʻlish umidida sumalak qaynayotgan qozon atrofida tilaklarini pichirlab-pichirlab aylanishardi. Halinchak uchish gali biz bolalarga yetganida Xarrat  bobomiz boshqa bir aytimni boshlardilar:

Halinchak, ho halinchak,

Halinchakda boychechak.

Boychechagim ullaysin,

Meva boqqa aylansin.

Uch-a, uch ho polvonim,

Qolmasin hech armoning.

Davaraging bogʻ boʻlsin,

Boʻksang baland togʻ boʻlsin...

Halinchak har borib-kelganida boshlarimizdan son-sanoqsiz gujum tangalari toʻkilardi. Quvnab-quvnab, sumalak qaynayotgan qozon atrofida oʻynab-oʻynab charchardik, uxlab qolardik.

- Sumalak-ka-a-a! – Momolarimizning chorlovidan uygʻonib ketardik. Butun ovul ahli qozon atrofiga yigʻilardi. Ustiga oppoq dasturxon yopilgan qozon ochilgandagi moʻʼjizani koʻrmoqqa barcha mushtoq!

Qozon ustini ochgan odam "bismilloh”, deb Ambar ona ruhiga duoi fotiha oʻqirdi.

- Ana, koʻrdingizmi, - derdi momom qozonni ochiboq, - farishtalar sumalakka tuz tashlab, totli qilibdi, qoʻllarining izi qolibdi-ya!

Hammamiz sumalak yuzasidagi moʻʼjizaviy shaklga boqib, hayratlanardik: gul va maysalarga oʻxshash, inson panjasiga monand shakllar boʻlardi sumalak yuzasida! Bu ne sinoat, bu ne moʻʼjizaki, bugʻdoy maysasining suti bilan bugʻdoy unining toti - jahoniy lazzat mujassam boʻlib yetilgan Sumalak!

Hammadan yoshi ulugʻ momolardan biri "bismilloh”, deb sumalakka choʻmich urardi, qator terilgan idishlarga sumalak suzilardi. Hammaga yetardi sumalak. Hamma mamnun, hamma shod, bir-birini qutlagan. Kelinlar yopgan sariyogʻli patirlar, koʻk boʻrak, goʻshtli goʻja, iyjon, joʻxori patraklar oʻrtaga qoʻyilib, Navroʻzni nishonlardik. Har gal bahor shunday boshlanardi qishlogʻimizda. Birdan...

Yoʻq, menga ayon boʻlgani oʻtgan asrning chirkin bir kunida – 1987-yilda xalqimizning eng qadimiy  qadriyati – Navroʻz bayramiga tosh otildi. Koʻngillar vayron, koʻngillar zimiston, koʻngillar hayron, koʻngillar...

Ezgulikka, yaxshilikka oshufta koʻngillar sindi. Navroʻz bayrami diniy bayram deb fasod, fitna toʻqidi gʻalamis bir odam. Unga ergashgan maʼnaviy qashshoq kimsalar Navroʻzni qatagʻon qildilar, goʻyo xomtalash etilgan mol kabi soʻydilar.

Ne vayronu hayronlik ayqashu uyqash boʻldi,

Haqmi, yolgʻon bilolmay ne koʻngillar gʻash boʻldi.

Savdolari bir ogʻir zamon, deb qargʻash boʻldi,

Har gʻanimning yumushi oʻzbekni bulgʻash boʻldi.

Bir soʻz ila Navroʻzim xomtalash boʻlgan kunlar.

Qizaloqning sochlari toʻzidi bargak taqmay,

Yeroʻchoqlar koʻmildi koʻp zamon toʻngak yoqmay.

Ishq, orzular boʻgʻildi tugʻilib, yoʻrgak taqmay,

Ne koʻngillar gʻash boʻldi zamonga "sergak boqmay”,

Bir soʻz ila Navroʻzim xomtalash boʻlgan kunlar...

Ovulma-ovul oralab yurib, maʼruza qilguvchilar topildi. Navroʻz sayli, sumalak sayli bilan bogʻliq xalqning nurli xotiralarini, buyuk maʼnaviy tarixini qoraladilar. Xalqimizning goʻzal udumlari, qadriyatlarini tamoman oʻchirib tashlamoqqa jazm etdilar. Lekin Navroʻz ezgulik va hurlik, ozodlikka talpingan dillardan oʻchmadi.

Uni, Navroʻzni afsonaviy Qaqnus qushga mengzagim kelaveradi. Axir majusiylar kufr eʼlon qilib Qaqnus qushni oʻtga tashladilar, u yonmadi. Islom dinini qora tuproqqa teng-lagan johillar kufrona deb Qaqnus qushni mamnuʼ etdilar. Afsonaviy qush qayta tirildi. Qanot yozdi, tashna koʻngillarda muhabbat sahrosini boʻstonga aylantirdi.

Bir hovuch  jaholatparastlar amri bilan Navroʻz yurtimizda diniy bayram sifatida qatagʻonga uchradi. Qafaslarni qoq boʻlib chiqdi Navroʻz! Xuddi Qaqnus qush singari oʻtlarga yoqilsa-da qayta tirilib, el  koʻnglida, yuragida boʻy tiklab boraverdi u!

Yana, afsonaviy Siyovush singari matonatga timsol boʻlib elimga qaytdi Navroʻz! Fisq-fasod, tuhmat va xiyonat qurboniga aylangan Siyovush haqidagi rivoyatni bir eslang-a: oʻgay onasi Sudobaning muhabbatini rad etgan Siyovush tuhmat toshlari ila ezildi, fisq dorida osilib, xiyonat xanjari ila soʻyildi. Bu qatl Siyovushga mangu barhayotlik baxsh etdi: uning har tomchi qonidan oshiq qalblarga malham  giyoh unib chiqaverdi, unib-oʻsaverdi. Navroʻz ham Oʻrta Osiyo, shu jumladan oʻzbek xalqining mangu barhayot qadriyatiga aylandi. Navroʻz – qatlga boʻy bermadi – qayta koʻkardi. Xalq xotirasidan oʻchirmoqchi boʻldilar, aql-idrok gʻalaba qildi, oʻzligini yoʻqotmagan, xalqning qalbida manguga muhrlanib qoldi.

- Navroʻz – nainki Oʻrta Osiyo xalqlarining, balki oʻzbek millatining eng qadimiy, eng goʻzal bayrami. Millatimizning maʼnaviy qiyofasi, - dedi hamdoʻstlik respublikalari rahbarlari ichida jasorat bilan siyosat maydoniga otilib chiqqan muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov ilk Navroʻz bayrami tantanalarida.

Ha, 4 ming yillik tarixga ega Navroʻz bayrami eng ezgu orzu-umidlar, goʻzal urf-u odat-larni oʻzida mujassam etib, asrlar davomida sayqallangan, zamonamizning  xush nafasini oʻzida aks ettirib, xalq qalbiga quyoshday taft berguvchi ayyom! U bizning oʻzligimiz, oʻtmishimiz, bugunimiz va ertangi kunimiz haqida soʻz ochguvchi maʼnaviy yodgorligimiz.

Bir vaqtlar (1985-87-yillar) Navroʻz bayramining oʻrniga "Navbahor” bayrami kunini (aprel oyiga) belgilab depsingan kimsalarning bugun yuzi shuvut. Axir bahorning ilk kunidanoq hamma – esini tanigan goʻdakdan tortib, toʻshakka mixlangan bemorgacha Navroʻzga – sumalak sayliga, xalq sayliga oshiqadi. Dehqonchilik taqvimiga monand ravishda dalalarda ish qiziydi. Quyosh Hamal burjiga kirib, ona zaminga muhabbat qoʻyadi, taft beradi, yangilanish, yashillanish, yaratish fasli – Yangi kun boshlanadi.

Biz bolaligimizda sumalak qaynatgan momolarning  qizlari bugun momo,  yeroʻchoqqa oʻtin yorgan boʻz bolalar ota boʻlib, boʻz bolalarning otalari bobo boʻlishgan. Halinchakda sochlari sollanib uchgan, Alpomish ullarni dunyoga keltirgan kelinchaklar bugun oʻz kelinlariga keli tuydirib, sumalakka unnashgan. Atrofda yangilik koʻp, oʻzgarish, oʻsish bisyor, Navroʻz quvonchi, orzu-umidlari ezgu!

Dala yoʻllari. Bu yoʻllar bugun tamoman oʻzgacha. Oʻzgargan! Ariqlar, yoʻllar boʻyi, mahalla guzarlari obodon. Har bir ovulda Mustaqillik bogʻlari, Mustaqillikning har galgi sanasiga monand ekilgan koʻchatlar, koʻkka boʻy choʻzgan nihollar, 22 yoshni toʻldirayotgan daraxtlar – Yashillik olami, Yaxshilik olami, Ezgulikka egiz qadamlar zalvori. Bu qadamlarda taraqqiyot hokim, buyuk rivojlanish bor. Shudir Navroʻzning ezgu amallari! Yuksak maʼnaviyatga tomon qilingan parvozning inʼikosidir bu – Navroʻz ayyomidan boshlanadigan rizqu roʻz tomon solingan yoʻl – ozod va hur mehnatning tantanasi!

Ana,  Amu suvlariga yuzini yuvgan dalalardan hovur koʻtarilayotir, endigina pildirab yurishni boshlagan goʻdak bobosi bilan koʻchat ekmoqqa shaylanayotir, dehqon dalasi roshida yangi hosil yili rejasini tuzayotir, choʻpon suruvlar ortida qishdan omon chiqqan qoʻy-qoʻzisining sanogʻidan adashayotir! Baland gujumlar shoxida halinchaklar shamoli. Yoqimli, koʻngillarni oʻstiruvchi, yashnatuvchi shamol! Momolarning chorlovi yangraydi:

- Sumalak-ka-a-a-a!

Dilga xush yoquvchi bir bayt xayolimni oladi:

Har lahzasi bir yilga arzigilik dam bugun,

Doʻstlar, na xush ayyom bu – Navroʻzi olam bugun!

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Tomorqalardan samarali foydalanish aholi daromadini oshirmoqda ▶ Tomorqalardan samarali foydalanish aholi daromadini oshirmoqda 13.10.2026 Amudaryoda yoshlarning kasbiy taʼlimi va bandligi masalalari oʻrganildi ▶ Amudaryoda yoshlarning kasbiy taʼlimi va bandligi masalalari oʻrganildi 13.10.2026 Sport ligasi tuman bosqichida texnikum oʻquvchilari gʻoliblari aniqlandi ▶ Sport ligasi tuman bosqichida texnikum oʻquvchilari gʻoliblari aniqlandi 12.10.2026 Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda ▶ Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda 12.10.2026 YuRT KELAJAGINING IShONChLI POSBONLARI ▶ YuRT KELAJAGINING IShONChLI POSBONLARI 12.10.2026 YoShLARNING INNOVATsION GʻOYaLARINI ROʻYoBGA ChIQARISh YOʻLIDA MUHIM QADAM ▶ YoShLARNING INNOVATsION GʻOYaLARINI ROʻYoBGA ChIQARISh YOʻLIDA MUHIM QADAM 12.10.2026 Amudaryoda bandlik, tadbirkorlik va farovonlik sari amaliy qadamlar ▶ Amudaryoda bandlik, tadbirkorlik va farovonlik sari amaliy qadamlar 05.10.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 25-sessiyasi toʻgʻrisida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 25-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 05.10.2026 Nukusda tungi reyd tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda tungi reyd tadbirlari oʻtkazildi 02.10.2026 Maktabgacha va maktab taʼlimi: islohotlar, yutuqlar va yuksak marralar ▶ Maktabgacha va maktab taʼlimi: islohotlar, yutuqlar va yuksak marralar 01.10.2026 64-sonli maktab oʻqituvchisi “Yil oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi ▶ 64-sonli maktab oʻqituvchisi “Yil oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi 26.09.2026 Informatika oʻqituvchilari uchun kibarxavfsizlik boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi ▶ Informatika oʻqituvchilari uchun kibarxavfsizlik boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi 26.09.2026 Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026