MEHNAT ZAFARI – HAMJIHATLIGIMIZ NATIJASI
Har yili halol mehnati, peshona teri evaziga yetishtirilgan paxta hosilini hamjihatlikda yigʻib-terib olib, davlat shartnomasini mamlakatimizda birinchilar qatori bajarishga odatlangan tumanimiz paxtakorlari bu yil ham anʼanaga sodiq holda 26 sentyabr kuni, 16 ish kunida davlatga paxta sotish boʻyicha shartnomaviy rejani mamlakatimizda birinchi boʻlib ortigʻi bilan bajardilar. Shu kungacha uyilgan yalpi xirmon 32 840 tonnadan, paxtadan olingan daromad 40 milliard soʻmdan oshib ketdi.
Tuman paxtakorlarining bu mehnat zafari muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida agrar sohani isloh qilish, fermerlik harakatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlarning natijasidir. Qolaversa, bugungi xirmon mavsum davomida fidoyi mehnat qilgan, shoʻr yuvish, yer haydash, tuproq va iqlim sharoitiga mos sifatli urugʻlik tanlash, gʻoʻza nihollarini parvarishlash, oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish, kasalliklar va hasharotlarga qarshi kurashish kabi muhim tashkiliy va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli bajargan, yerning tilini tushunadigan mirishkor dehqonlarimizning jasoratli mehnati mahsulidir.
Fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi barcha infratuzilmalar – muqobil mashina-traktor parklari, yonilgʻi moylash materiallari va mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash shoxobchalari, suv isteʼmolchilari uyushmalari, biolaboratoriyalar hamda tijorat banklari ham moʻl hosil toʻplanishiga munosib hissa qoʻshdilar.
Yetishtirilgan hosilni kuzning iliq kunlarida yigʻib-terib olish ishlarining uyushqoqlik bilan tashkil qilingani esa mehnat zafariga erishishning hal qiluvchi omili boʻldi. Bu borada 260 ta terim otryadlaridagi fermer xoʻjaliklarining 10 ming 900 nafardan ortiq pudratchilari va ishchilariga ovul va mahallalarning 13 ming nafardan ortiq uyushmagan aholisi, muassasa, korxona va tashkilotlarning 4 ming nafardan ortiq ishchi-xizmatchilari, Nukus davlat pedagogika institutining 4 ming 200 nafar talabalari yaqindan yordam berdilar. Bunday hamjihatlikdagi mehnat paxta hosilining toʻliq yuqori navlarga topshirilib, fermer xoʻjaliklari daromadining oshishiga zamin yaratdi. Hasharchilarga dala boshida issiq ovqatlar tashkil qilinib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va jami 8,5 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ terim puli sifatida tarqatildi.
Bunday sarbaland "oq oltin” xirmoniga har biri gektaridan 30-35 tsentnerdan hosil olgan, "Rajabov Omonboy”, "Iskandarov Farhod”, "Amu sohili”, "Yuldashev Anvar”, "Yakubova Gavhar”, "Ashirboyev Aminboy”, "Tursunboyeva Umida”, "Amirxon” fermer xoʻjaliklari oʻzlarining munosib hissalarni qoʻshdilar. Fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi Qipchoq, Mangʻit, Tosh yop, Namuna, Qilichboy kabi muqobil mashina-traktor parklari mehnat jamoalari mavsum davomida boshqalarga oʻrnak boʻldilar.
Tumanimiz paxtakorlari moʻl hosilning bir misqolini ham dalada qoldirmay, yigʻib-terib olib, shartnomaviy rejadan tashqari yana 10 ming tonna paxta topshirib, yalpi xirmonimizni 42 ming 840 tonnaga, hosildorlikni gektaridan salkam 27 tsentnerga yetkazish yoʻlida uyushqoqlik bilan mehnat qilmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, el-yurt dasturxoniga baraka kiritishni oʻzlarining oliy maqsadi deb bilgan fermerlarni, bu yilgi moʻl hosilni yetishtirishga hissa qoʻshgan ishchi-xizmatchilar va soha mutaxassislarini, qiyin-qistovli damlarda dehqonlarga yordamga kelgan hasharchilarni, butun tumanimiz ahlini Oʻzbekistonda birinchi boʻlib erishilgan mehnat zafari bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz. Halol mehnatingizning rohatini koʻring, aziz paxtakorlar!
Anvar YOʻLDOShEV,
tuman Qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶