TUMAN KENGAShI DEPUTATI X.RAJABOVA OʻZ SAYLOVChILARI OLDIDA HISOB BERDI
Ayni kunlarda Xalq deputatlari tuman Kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar oʻzlariga yuksak ishonch bildirib, saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlagan va deputatlikka saylagan saylovchilari oldida 2025-yilning birinchi choragida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot berishmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlar hamisha faol. Ular saylovchilar ishonchiga munosib tarzda faoliyat olib borish bilan birga, aholi hayotiga oid muammolarni joyiga chiqqan holda oʻrganish va oʻz vakolatlari doirasida tegishlicha hal qilish nafaqat deputatlik burchi, balki zimmalaridagi yuksak masʼuliyat ekanini, saylovchilar oldida hamisha hisobdorligini his qilgan holda faoliyat olib borishmoqda.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati, Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi Xonimjon Rajabova ham oʻziga katta ishonch bildirgan Durunki mahallasi aholisi bilan tez-tez uchrashib, ular bilan samimiy va dildan muloqotlar oʻtkazish orqali mahalla ahli hayotiga doir muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etish choralarini koʻrmoqda.
Deputat joriy yilning 11-aprel sanasida Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 56-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib, maktab pedagogika jamoasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda Xonimjon Rajabova oʻz deputatlik faoliyatining dastlabki uch oyi davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotini taqdim etdi.
Xususan, mahalla hududida istiqomat qiluvchi nogironligi boʻlgan fuqarolarni, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yakka-yolgʻizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kam taʼminlangan oilalardagi mehnatga layoqatli aholining bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning ijobiy samarasi haqida soʻz yuritib, bu kabi ishlar OʻzXDPning doimiy diqqat markazidagi vazifalar sirasiga kirishini alohida taʼkidladi.
Ayniqsa, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi borasidagi ishlarni jahon andozalari darajasiga koʻtarishga qaratilgan saʼy-harakatlar tufayli tumandagi, shu barobarida Durunki mahallasi hududidagi umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlari nafaqat tumanda, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosidagi ham eng namunali taʼlim-tarbiya muassasalari safidan joy olganini alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuv davomida 56-sonli maktab oʻqituvchilari tomonidan maktab va mahalla hamkorligi, infratuzilma masalalari hamda oʻzining ijodiy faoliyati yuzasidan tushgan savollarga deputat batafsil javoblar berdi va maktab kutubxonasiga yaqinda nashrdan chiqqan "Umr karvoni" kitobini sovgʻa qildi .
Shu kuni deputat Xonimjon Rajabova Nasiba Jumaniyozova rahbarligidagi 8-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachi-pedagoglari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda deputat mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar xususida batafsil toʻxtalib, bu borada Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan oʻzgarishlar, MTTlarga qamrov darajasining keskin oshib borayotgani, xususiy tadbirkorlik yoʻnalishi jadal rivojlanib, davlat-xususiy sheriklik asosidagi, shuningdek, koʻplab nodavlat MTTlar tashkil etilayotgani haqida soʻz yuritdi.
Shu bilan birga, Xonimjon Rajabova 2025-yilning birinchi choragi davomida olib borgan oʻz deputatlik faoliyati boʻyicha yigʻilganlarga hisobot berdi.
Uchrashuv yakunida deputat ushbu MTT xodimlariga ham oʻzining "Umr karvoni" nomli kitobini sovgʻa qildi. Durunkilik saylovchilar bilan oshkora va samimiy muloqot tarzida, shaffoflik asosida boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuvlar saylovchilar bilan deputatni bir-biriga yanada yaqinlashtirgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶