“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2024” kasbiy koʻrik-tanlovida eng yaxshi metodist va tarbiyachilar aniqlandi
Joriy yilning 25-28-iyun kunlari tumanimizda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2024” koʻrik-tanlovining tuman saralash bosqichlari oʻtkazildi. Tanlovda tumanimizdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida metodist va tarbiyachi vazifasida faoliyat yurituvchi 86 nafar xodim ishtirok etdi va ularning bilim-tajribalari belgilangan nizomga koʻra hakamlar hayʼati tomonidan 3 shart asosida baholandi.
Mamlakatimizda mazkur koʻrik-tanlov davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida mehnat qilayotgan yuqori malakali metodist va tarbiyachilarni aniqlash hamda ragʻbatlantirish, ularning pedogogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish, pedogogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, kasbiy faoliyatida ijodkorlik va sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida har yili oʻtkazib kelinmoqda.
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy koʻrik-tanlovida oliy maʼlumotli mutaxassis xodimlar “Eng yaxshi metodist” va “Yilning eng fidokor tarbiyachisi” nominatsiyalari boʻyicha ishtirok etishdi. Shuningdek, oliy maʼlumotga ega boʻlmagan tarbiyachilar “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi” va “Yangi Oʻzbekistonda yangi avlod bolalarini maʼnaviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi” kabi nominatsiyalarda oʻz bilim-tajribalarini sinovdan oʻtkazishdi.
Tanlovning yakuniy xulosasiga koʻra, 18 nafar ishtirokchi gʻolib va sovrindor sifatida eʼtirof etildi hamda tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Nominatsiyalar boʻyicha 1-oʻrinni egallagan 6 nafar ishtirokchiga tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma berildi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, tanlovning mamlakat bosqichida 1-oʻrinni egallagan oliy maʼlumotga ega boʻlmagan tarbiyachilarga belgilangan tartibga koʻra oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun bir qator imtiyozlar beriladi.
Hulkar Babajanova, tuman MMTB Davlat va nodavlat MTT faoliyatini hamda oʻqitishning muqobil shakllarini tashkil etish boʻlimi metodisti

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶