“Özdek tilim – Özbek tilim”
(baxşiyona)
Köz oçib yoruğ jahonga
Kelganda har bir insonga
Onaning allasi aziz,
Allaning tili eng laziz.
Muqaddas azon aytilib,
Qöyilgaç ism bitilib,
Quloqqa har kun quyilgan,
Qalbdan joy olib suyilgan
Otamning ravon tili bu,
Onamning biyron tili bu!
Mixli tuyoq-la Boyçibor
Yörtganda çopolmay noçor,
Barçin “Qur-rey!”i qizdirgan,
Ğanim tulpordan özdirgan!
Jumanbulbulning jiğasi,
Qahhor baxşi dömbirasi,
Mehnatkaşning zafaridan,
Butun dunyo xabaridan
Sözlagan latif tildir bu,
Kuylagan zarif tildir bu!
Qoşğariyning devonida,
Xos Hojibning javonida,
Rabğuziy rivoyatlari,
Boqirğon hikoyatlari,
Yassaviy hikmatlarida,
Lutfiyning suhbatlarida,
Mir Alişer dunyosida,
Mirzo Bobur “Urho!”sida
Yangragan aziz tildir bu,
Jon kabi laziz tildir bu!
Maşrabning “Yo-hu!”şiddati,
Nodirabegimning tiynati,
Çölponning oh-nolasida,
Usmon Nosir jolasida,
Fitrat, Botu fiğonida,
Behbudiyning zabonida,
Qodiriy tuğyonlarida,
Hamzaning isyonlarida
Qaynagan, pişgan tildir bu,
Ilohdan tuşgan tildir bu!
Qahhor rostligi şu tilda,
Şayxzoda döstligi şu tilda.
Oybek, Hamidlar jilosi,
Zulfiyaxonim nolasi,
Abdullaning ğururlari,
Halimaning sururlari,
Muhammadning nigohlari,
Erkinlarning “E, voh!”lari
Ifoda topgan tildir bu,
Iroda topgan tildir bu!
Öğlimning ehtirosini,
Qizimning pinhon rozini,
Rafiqamning inja dilin,
Nevaramning sujji tilin,
Döstlarimning hurmat azmin,
Millat qadri-qimmat ramzin,
Hayoti, mamotlarini –
Barini, barin, barini
Mujassam etgan tildir bu,
Mukarram etgan tildir bu!
Ğayri tilin boy-böston deb,
Nodonlar körganida ep,
Qilib köksini qalqonlar,
Jon fido qilgan Omonlar,
Turfa gözal şevasidan,
Muhabbatning mevasidan,
Istiqlolning kelişini,
Qadri baland bölişini
Sabr bilan kutgan til bu,
Zafar tuğin tutgan til bu!
Ona tilim – özdek tilim,
Boqiy mening Özbek tilim!
Ğirkök tulpor qanotinday özğir til,
Boyçiborning tuyoğinday qizğir til,
Göröğlining qiliçinday keskir til,
Barçinoyning juraginday sezgir til,
Zamaxşariy quvonç bilgan tildir bu,
At-Termiziy tayanç bilgan tildir bu!
Haz etadi şirin jonim söylasam,
Dömbiram şöx sayrab ketar kuylasam.
Salomçi oğamnan kelgan noma bu,
Baxtiyor baxşidan bir töyona bu!
Ona tilim – özdek tilim,
Boqiy mening Özbek tilim!
Tursunboy Abdullayev.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶