Amudaryo tumanida zamonaviy bolalar suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlarni sportga faol jalb qilish, iqtidorli sportchilarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Sport majmualari, zamonaviy sharoitlarga ega sport inshootlarini barpo qilish, chekka hududlarda yashovchi yoshlarning ham sport bilan shugʻullanishlariga imkoniyat yaratish masalasi davlatimiz va hukumatimizning doimiy eʼtiborida. Pespublikamizning turli hududlarida qad rostlagan inshootlarda bugun yoshlarimiz sportning oʻnlab turlari bilan muntazam shugʻullanmoqda. Ular orasida mamlakat va jahon miqyosidagi musobaqalarning gʻoliblari, chempionlar yetishib chiqayotgani sohaga qaratilayotgan eʼtiborning mahsulidir.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, suvda suzish, ayniqsa, oʻsmir organizmi uchun juda foydali. Sababi, bu jarayonda tanadagi barcha mushaklar faol harakat qilib, chiniqadi. Natijada qon aylanish tizimi yaxshilanadi, oʻpka, yurak faoliyati yaxshilanadi. Suzish yosh organizmga quvvat beradi, immunitetini mustahkamlaydi. Suvda suzgan kishining asablari tinchlanib, kayfiyati koʻtariladi. Shu sababli ham 2017-2021-yillarda birgina Qoraqalpogʻiston Pespublikasining 11 ta tumanlaridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablari qoshida yopiq suv havzalarini yangidan qurish rejalashtirilgan.
Ushbu dastur asosida birinchilardan boʻlib Amudaryo tumanida 2018-yilning ikkinchi yarmida yopiq suv havzasi qurilishi boshlab yuborilgan edi. “Amudaryo suv qurilish boshqarmasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ilgʻor quruvchilari 6 oy ichida qurilish ishlarini sifatli yakunlab, inshootni muddatidan oldin foydalanishga topshirishga erishdilar.
2019-yilning 6-yanvar kuni tuman Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi qoshida yangidan qad rostlagan zamonaviy koʻrinishdagi yopiq suv havzasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Pespublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisining oʻrinbosari Atajan Hamrayev, Oʻzbekiston Pespublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev va boshqalar soʻzga chiqib, sportchilar va murabbiylarni, tumanimiz ahlini yangi sport inshooti ishga tushirilishi bilan qutladi.
Maʼlumki, Prezidentimizning “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi va uning hududiy boʻlinmalari negizida Oʻzbekiston Pespublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi va uning hududiy boʻlinmalarini tashkil etilgan edi. Mazkur jamgʻarma mablagʻlari evaziga bunyod etilgan yopiq suv havzasida suzish bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Mazkur suzish havzasining foydalanishga topshirilishi tumanimiz yoshlari uchun quvonchli voqea boʻldi. Endilikda Bolalar va oʻsmirlar sport maktabimizda suzish toʻgaragini tashkil etib, tumanimizda suv sporti turlarini ommalashtirish, oʻsmirlar va yoshlarining sogʻlom va barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun qoʻlgan kelgancha harakat qilamiz. Umid qilamizki, mazkur inshootda suv sporti turlari bilan shugʻullangan yoshlarimiz orasidan Oʻzbekiston, jahon va Olimpiya chempionlari yetishib chiqadi, – deydi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori Chorsham Tojimurotov.
Smeta bahosi 4 mlrd 876 mln soʻmni tashkil qilgan ushbu obʼektda 11x25 metr oʻlchamdagi suzish havzasi, murabbiy va shugʻullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish xonalari hamda tomoshabinlar uchun oʻrindiqlar mavjud. Ishonamizki, ushbu inshootda mushgʻulotlarga qatnashgan yoshlarimiz kurash, boks, gimnastika va boshqa sport turlari bilan shugʻullanuvchi tengdoshlari kabi tumanimiz, Qoraqalpogʻiston Pespublikasi va mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiluvchi sportchilar boʻlib yetishadi.
Gʻ.Yeshniyozov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶