Taʼlim-tarbiyaga baxshida umr
Har bir shaxs hayotda oʻz oʻrnini topishga, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga intiladi. Oramizda shunday odamlar borki, ularning faoliyati jonkuyarlik namunasi boʻlib, yosh avlod kelajagini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu kabi insonlarni bir soʻz bilan fidoyi ustoz, deb atashimiz mumkin. Umrini taʼlim-tarbiya sohasiga bagʻishlagan Gulmirza Babajonovning kasbiy faoliyati ham shunday eʼtirofga munosib.
1964-yil 15-mart kuni Xitoy ovulida tugʻilgan Gulmirza Babajonov serfarzand, mehnatkash dehqon – Tajiboy ota va Nazira momolar tuzgan namunali oila muhitida voyaga yetdi. Qishloq hayoti, doimiy mehnat bilan uygʻun turmush tarzi yosh Gulmirzani bolalikdan chiniqtirdi. Ilmga boʻlgan ishtiyoqi esa maktab davridanoq yaxshi bilim olishga undadi.
Dastlab oʻsha davrdagi Hamid Olimjon nomli (hozirgi 78-sonli) boshlangʻich maktabda ilk saboqlarni oldi, 4-sinfdan esa 52-sonli maktabda tahsilni davom ettirdi. Bilimga chanqoqligi tufayli umumtaʼlim maktabini muvaffaqiyatli tamomlab, katta orzular bilan maqsadlari tomon intila boshladi.
Maktab tahsilidan keyin harbiy xizmatga chaqirilgan Gulmirza Babajonov 2-yil davomida armiya safida xizmat qildi. Bu yillar uning shaxsiy kamoloti yoʻlida muhim ahamiyat kasb etib, katta tajriba va saboqlar bilan toʻlgan davrga aylandi. 1984-yilda harbiy xizmatni tugatib, ovulga qaytdi. Oʻtgan yillar oʻsmir Gulmirzada qatʼiyat va masʼuliyat koʻnikmalarini shakllantirdi.
1986-yilda taqdir Gulmirza Babajonovni Toshkent davlat xorijiy tillar instituti (hozirgi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti)ga yetakladi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oliygohning frantsuz tili fakultetiga qabul qilindi. Oʻqish davomida kunduzi taʼlim olib, kechqurun Chilonzor tumanidagi 37-sonli maktabda qorovullik qildi. 1992-yilda institutni muvaffaqiyatli tugatib, frantsuz tili va milliy maktablarda rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha diplom oldi.
Shu yili 52-sonli maktabda Gulmirza Babajonovning rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi sifatidagi mehnat faoliyati boshlandi. U darslarni yuqori saviyada tashkil etish bilan birga maktabdagi jamoat ishlarida ham faol boʻldi. Mehnatkashligi va taʼlim-tarbiya jarayoniga masʼuliyat bilan yondashuvi tufayli yuqori tashkilotlarning Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Bu eʼtirof yoshlar bilan ishlashdagi masʼuliyatni yanada kuchaytirdi.
2011-yilda maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlanib, 2016-yilgacha bu vazifada sidqidildan mehnat qildi. Shu bilan birga, 2013-yilda Namuna mahalla fuqarolar yigʻinida mahalla raisi va maslahatchilar saylovini tashkil etish guruhi rahbari sifatida ham ishladi. Bu masʼuliyatli vazifani muvaffaqiyatli bajargani uchun 2014-yilda tuman hokimi tomonidan “Tashakkurnoma” bilan taqdirlandi.
Qahramonimiz 2014-2019-yillarda Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati sifatida ham samarali faoliyat yuritdi.
Turmush oʻrtogʻi Sayyora Rajapova bilan ikki oʻgʻil va ikki qizni tarbiyalab, ularni ham jamiyatga naf keltiradigan insonlar etib voyaga yetkazishdi. Oilaviy baxt, ishga sadoqat va ustozlik masʼuliyati uning hayotdagi asosiy qoidalaridir.
Hozirgi kunga qadar yoshlarning sevimli ustozi Gulmirza Babajonov 52-sonli maktabda rus tili va adabiyoti fanidan oʻquvchilarga dars berib kelmoqda. 2021-yil may oyidan boshlab bir muddat ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi sifatida ham faoliyat olib bordi.
Gulmirza Babajonov uchun ustozlik faqat kasb emas, balki hayotining mazmunidir.
Shohzod Qurbonboyev.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶