Masʼuliyatli, ijodkor yosh tarbiyachi
Tarbiyachilik kasbi kelajak avlodni har tomonlama yetuk, barkamol boʻlib yetishishida juda katta ahamiyatga ega boʻlgan kasb hisoblanadi. Farzandlarimiz qalbida Vatanga boʻlgan mehrni uygʻotishda, ularning qobiliyat va oʻziga xos fazilatlarini yuzaga chiqarishda, iqtidorlarini namoyon etishda tarbiyachilarning, ularda dastlabki bilim va koʻnikmalarni shakllantirishdagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Oʻz kasbiga, bolajonlarga mehri-muhabbati yuqori boʻlgan hamda tarbiyachilikning yuqori masʼuliyatga ega boʻlgan kasb ekanligi chuqur anglab yetgan, yosh boʻlishiga qaramay, doim oʻz ustida ishlab, shijoat va gʻayrat bilan mehnat qilayotgan Nafisa Sobirova tumanimizda taʼlim-tarbiya sohasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan tarbiyachilardan biri sanaladi.
22 yoshli ijodkor, iqtidorli tarbiyachi Nafisa Sobirova tumanimizdagi “Zebo” davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlarda dastlabki bilim va koʻnikmalarni shakllantirib, ularga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Tumanimizdagi Boʻston mahallasi yashovchi Nafisa Sobirova oilasida kenja farzand. Otasi Rustam Ibragimov 2019-yilda ogʻir hastalik tufayli olamdan oʻtgan. Onasi Nasiba Jumatova tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ijtimoiy xodim boʻlib faoliyat yuritib kelmoqda. Oilaning toʻngʻich farzandi, akasi Temur Sobirov tuman Sport maktabida murabbiy boʻlib bolajonlarga sport sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
Nafisa Sobirova 38-sonli umumtaʼlim maktabida 2008-2019-yillar mobaynida tahsil olgan. 2020-2022-yillarda Taxiatosh tumanida joylashgan Pedogogika kollejida maktabgacha taʼlim yoʻnalishida oʻqidi hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi mutaxassisligi sifatida oʻrta professional diplom sohibi boʻldi. 2023-yilda oʻzining tarbiyachilik faoliyatini “Zebo” MTTda davom ettirgan Nafisa Sobirova tarbiya maskanidagi eng faol, masʼuliyatli, ijodkor xodimlardan biri hisoblanadi.
Ayni paytda tashkilotda Nafisa faoliyat olib borayotgan oʻrta guruhda tarbiyalanuvchi 3-4 yoshlar orasidagi bolajonlar soni 30 nafar boʻlib, guruhda Mardona Yoʻldasheva yordamchi tarbiyachi sifatida ishlab kelmoqda.
Nafisa Sobirova bolajonlarga turli qiziqarli oʻyinlar asosida har xil mashgʻulotlarni tashkil etib kelmoqda. Xususan, “Besh burchak” metodi asosida hamda “Ilk qadam” dasturi doirasidagi qiziqarli va foydali metodlar asosida hamda oʻz ustida ishlash orqali internet materiallaridan foydalangan holda yangi oʻyin mashgʻulotlarini olib boradi.
Nafisa taʼlim-tarbiya berayotgan guruhdagi tarbiyalanuvchi bolajonlar ranglarni, shakllarni oson ajrata oladi. Uy hayvonlari, sabzavotlar nomlarini ayta oladilar hamda 1 dan 20 gacha boʻlgan sonlarni bemalol sanay olishadi. Shuningdek, guruh tarbiyanuvchilari tuman miqyosida oʻtkaziladigan bayram tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqdalar.
Nafisaning kelajakdagi orzu-maqsadlari talaygina. U bu yil oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishga astoydil harakat qilmoqda. Kelajakda tarbiyachilik kasbining yetuk mutaxassisi boʻlish hamda oʻzining xususiy boqchasini tashkil etib, talim-tarbiya sohasida samarali ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶