KOMBAYNLARNING GʻALLA OʻRIMIGA TAYYoRLIGI NAZORATDAN OʻTKAZILDI
Shu kunlarda qishloq xoʻjaligi sohasida dolzarb boʻlgan gʻalla oʻrimi mavsumi ham yaqinlashmoqda. Mavsum arafasida zahmatkash dehqonlarimiz mehnati bilan yetishtirilgan gʻalla hosilini nes-nobud qilmay yigʻishtirib olish maqsadida puxta tayyorgarlik, hozirlik koʻrilmoqda. Amudaryo tumanida ham gʻalla-oʻrim yigʻim ishlari 12-iyundan 1-iyulgacha boʻlgan kunlar oraligʻida oʻtkazilishi reja qilinmoqda.
7-iyun kuni Kuyuk koʻpir ovulida joriy yilgi gʻalla-oʻrim yigʻimida ishtirok etadigan kombaynlarning mavsumga shayligi, ularning texnik jihatdan sozligi koʻzdan kechirilib, nazoratdan oʻtkazildi. Ushbu tadbirda Oʻzagroinspektsiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi masʼullari, tumandagi rahbarlar hamda boshka tegishli tashkilotlar masʼullari ishtirok etishdi.
Masʼullar oʻrim-yigʻimga tayyorgarlik ishlari, kombaynlarning taʼmirlanganligi, texnik sozligi, mavsumga shayligini koʻzdan kechirib, otryadlar aʼzolari, qishloq xoʻjaligi tizimidagi korxona rahbarlari bilan suhbatlashishdi. Shuningdek, tadbir davomida mavsumda oʻrim-yigʻim ishtirokchilarini moddiy jihatdan ragʻbatlantirish lozimligi alohida taʼkidlandi va kombaynchilarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Shuningdek, ular uchun dala boshida qulay sharoitlar yaratib berish yuzasidan tegishli masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlash joizki, Amudaryo tumanida joriy yilda fermer xoʻjaliklarining 7 ming gektar yer maydonida gʻalla yetishtirildi. Ushbu yetishtirilgan bugʻdoy hosilini qisqa muddatlarda nes-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olishni tizimli tashkil etish maqsadida chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlanib, aniq hisob-kitoblari ishlab chiqildi. Hisob-kitoblarga koʻra, oʻrim-yigʻim ishlarini tashkil etishga 5 mlrd. 33 mln. soʻm qiymatidagi mablagʻlar sarf qilinishi maʼlum boʻldi. Ushbu mablagʻlardan 2 mlrd. 43 mln. soʻm gʻallani oʻrib olish, 1 mlrd. 89,4 mln. soʻm oʻrilgan donni tashish, 1 mlrd. 900,8 mln. soʻm somondan tozalash uchun sarf etiladi.
Joriy yilda gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 18 ta otryadlar tashkil etildi. Ushbu otyardlarga 18 dona don oʻrish kombaynlari, 54 dona yuk avtomobillari, 36 dona transport traktorlari va tirkamalar, 18 dona yoqilgʻi tashish vositalari jalb etiladi. Undan tashqari, turli koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida 18 nafar Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlaridan iborat masʼullar biriktirildi. Mavsum davomida texnikalar shayligini taʼminlash uchun har bir otryadda alohida 18 ta koʻchma ustaxonalar ham tashkil etildi.
Bugungi kunda gʻalla oʻrim yigʻimida ishtirok etadigan kombaynlar toʻliq taʼmirdan chiqarilib, mavsumga tayyor holatga keltirilgan. Shu paytga qadar oʻrim-yigʻim ishlarini qisqa muddatlarda yakunlab, gʻalladan koʻzlangan hosilni yigʻib-terib olish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilgan.
Tadbir davomida kombaynlarni taʼmirlash ishlarini yakunlash, sozlash va sinov koʻrigidan oʻtkazish masalalari ham belgilab olindi. Shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli mutasaddilarga koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶