40-sonli maktabda Konstitutsiyamizning 30-yilligi va davlat madhiyasi qabul qilingan kunga bagʻishlab tadbir oʻtkazildi
Konstitutsiyamizning 30-yillik bayrami munosabati bilan muassasa, korxona va tashkilotlarda, ovul va mahallalarda, taʼlim makskanlarida turli tadbirlar oʻtkazilmoqda.
7-dekabr kuni Amudaryo tumanidagi 40-sonli maktabda ham Bosh Qomusimiz qabul qilinganiga 30-yil toʻlishi munosabati bilan bayram tadbiri tashkil qilindi.
Maktabning 9-B va 4-v sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan “Baxtimiz qomusi” nomli tadbir davomida oʻquvchilar Konstitutsiya moddalari haqida sheʼrlar aytib, bilimlarini yanada mustahkamladilar.
Bosh qomusimizning hayotimizdagi oʻrni haqida, uning har bir moddasi inson manfaatlari yoʻlida xizmat qilishi haqida hayotiy misollar keltirdilar. Oʻquvchilar ishtirokida namoyish qilingan sahna koʻrinishida qonunlarimizda davlat va jamoat xavfsizligiga tahdid uchun javobgarlik belgilangani, ayniqsa Yangi yil oldidan yoshlar va bolalarning taqiqlangan pirotexnika vositalaridan foydalanishi noxush oqibatlarga olib kelishi jonli misollar orqali tushuntirildi.
Tadbir davomida Vatan, tinchlik va doʻstlik haqida qoʻshiqlar kuylanib, raqslar ijro qilindi.
10-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Tadbirda mazkur sana ham alohida esga olindi. Oʻquvchilarga madhiyamiz, uning mazmuni va qabul qilinish tarixi, madhiyaning davlat ramzi sifatidagi ahamiyati haqida tushunchalar berib oʻtildi.
Konstitutsiyamiz va tegishli qonunlarda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida taʼkidlangan.
Oʻquvchilarga madhiyamizda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangani, unda mardona va sharaflarga boy oʻtmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular tarannum etilgani alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy oʻzligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita boʻlib xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida maktabning 5-, 6- va 7-sinf oʻquvchilari oʻrtasida devoriy gazetalar tanlovi boʻlib oʻtdi. Maktabning tarix fani oʻqituvchisi Nasibali Uzaqboyeva nutq soʻzlab, oʻquvchilarni mamlakatimiz tarixidagi ushbu ikkita unutilmas sana bilan tabrikladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶