26-SONLI MAKTABDA QORAQALPOQ TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN MUNOSABATI BILAN TADBIR OʻTKAZILDI
Til – millat boyligi, insonlar oʻrtasidagi aloqa vositasi boʻlib, uning ijtimoy vazifasi va tarbiyaviy ahamiyati juda ulkan. Til hamisha jamiyat bilan birga yashaydi va birga rivojlanadi. Jamiyat rivojlanishining dastlabki bosqichlarida avval urugʻ, qabila, keyinchalik xalq tili va milliy til boʻlib rivojlanib kelmoqda.
1989-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga, 1989-yil 1-dekabrda esa qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilishi jamiyatimizda ushbu tillar oʻzining munosib oʻrnini topishiga zamin yaratdi. Shundan buyon oʻtgan 33-yil davomida tillarimizning nufuzi oshib, ularni yanada rivojlantirish borasida koʻplab oʻzgarishlar yuz berdi.
Qoraqalpoq tili Qoraqalpogʻiston Respublikasida va boshqa hududlarda yashovchi qoraqalpoqlarning ona tili hisoblanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzbek tili bilan birga qoraqalpoq tili ham rasmiy til sanaladi. Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilishi Respublika hududida yashayotgan boshqa millat va elatlarning oʻz ona tilidan foydalanish konstitutsiyaviy huquqini kamsitmaydi.
Davlat tili maqomi berilgandan keyin qoraqalpoq tili erkin rivojlanish yoʻlidan bordi. Hozirda qoraqalpoq tili yanada boy milliy adabiy tillardan biriga aylandi. Har yili 1-dekabr – qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun butun Respublikamizda ulkan bayram sifatida nishonlanib keladi. Chunki Oʻzbekistonning Qoraqalpogʻistondan tashqari koʻpgina hududlarida ham qoraqalpoqlar istiqomat qilishadi.
Sana munosabati bilan barcha maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta, oliy taʼlim muassasalarida, davlat va jamoat tashkilotlarida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, qoraqalpoq tili tarixi, rivojlanish bosqichlari va buguni haqida batafsil soʻz yuritiladi.
Amudaryo tumanidagi 26-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining koʻp yillardan buyon oʻquvchi yoshlarning oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi, fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari, tumanimiz miqyosida oʻtkazilayotgan ommaviy bayram tadbirlaridagi faol ishtiroki tufayli nufuzi tobora ortib borayapti.
Maktabda qoraqalpoq tili fandan jami 5 nafar, shundan 2 nafari oliy, 1 nafari 1-toifali, 2 nafari 2-toifali oʻqituvchilar yoshlarga bilim berib kelmoqda.
30-noyabr kuni mazkur oʻqituvchilar ishtirokida 1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33-yil toʻlishi munosabati bilan bayram kechasi tashkil qilindi.
Tadbirda maktab direktori, Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi Yolgʻosh Shomurodov, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, oʻqituvchilar, oʻquvchilar ishtirok etdilar.
Tadbirda qoraqalpoq tilining rivojlanish bosqichlari, shuningdek bugungiday boy, jozibali va mukammal til holiga kelgunicha bosib oʻtgan tarixi haqida maʼruza oʻqildi. Unda taʼkidlanishicha, qoraqalpoq tili turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub boʻlib, yozuvi isloh qilingan arab grafikasi asosida 1924-yilda shakllantirilgan.
1929-1940-yillarda lotin grafikasiga asoslangan qoraqalpoq tili yozuvi amalda boʻlgan, 1940-yildan kirill grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan. 1994-yildan esa lotin grafikasiga oʻtgan. Lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq tili alifbosiga 2009 va 2016-yillarda oʻzgartirishlar kiritilgan. Shu tariqa qoraqalpoq tili 23 mingta soʻzni oʻz ichiga olgan nihoyatda boy tilga aylangan.
Tadbirda oʻquvchilar qoraqalpoq xalqi milliyligini namoyish qiladigan sheʼrlar, naql-maqollar, kuy-qoʻshiqlar va raqslar namoyish etishdi. Qoraqalpoq tilida namoyish etilgan sahna koʻrinishida ijrochilarning xalqimizning qadimiy milliy kiyimlarida chiqishi barchaga ulkan taassurotlar hadya etdi.
Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻquvchilarning qoraqalpoq tiliga mehrini oshirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶