OʻQUVChI-YoShLAR TANIQLI IJODKORLAR BILAN UChRAShDILAR
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida umumtaʼlim maktablarida turli mavzularda targʻibot tadbirlari amalga oshirilayotgani oʻzining ijobiy samarasini bermoqda. Davra suhbatlari, taniqli ijodkor-jurnalistlar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi sinflararo va guruhlararo zavokat bellashuvlarida yangi-yangi isteʼdod gʻunchalari kashf etilib, maktablarda faoliyat olib borayotgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar tomonidan ijodkor-yoshlar bilan ishlashish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy 2022-yilda “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati qoshidagi “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqaruv institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” grant loyihasi doirasida chop etilgan “Ummondan terilgan marjonlar” toʻplamidan 84 nafar amudaryolik ijodkor oʻquvchi-yoshlarning sheʼr va hikoyalari joy olgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Amudaryo tumani Xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 55-sonli umumtaʼlim maktabida Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist Xonimjon Rajabova ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibot ishlarini olib boradi.
26-noyabr kuni Xonimjon Rajabova tomonidan tashkillashtirilgan “Maʼnaviyat saboqlari” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tadbirida “Ummondan terilgan marjonlar” toʻplamida sheʼrlari chop etilgan oʻquvchilar, shuningdek, adabiyotga, sheʼriyatga ixlosmand yoshlar bilan samimiy muloqotlar oʻtkazilib, sheʼriyat talablari xususida mashgʻulotlar olib borildi.
Qiziqarli taassurotlarga boy tarzda oʻtgan uchrashuv tadbirida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori, taniqli shoira Zulfiya Moʻʼminova ishtirok etgani ijodkor yoshlarga cheksiz quvonch bagʻishladi.
Zulfiya Moʻʼminova maktabning yosh, iqtidorli ijodkor oʻquvchilari bilan yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlidagi oʻzgarishlar, adabiyot olamidagi yangilanish jarayonlari haqida soʻz yuritib, oʻzining sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Uchrashuv yakunida maktab direktori Davron Arikov oʻzining sermazmun suhbati, maroqli sheʼrlari bilan oʻquvchi-yoshlar qalbiga maʼnaviy goʻzallik baxsh etgani uchun Zulfiya Maʼminovaga chin dildan minnatdorchilik bildirdi.
Shu kuni taniqli shoira 1-sonli maktabning “Yosh jurnalist va notiq” toʻgaragi aʼzolari bilan ham uchrashdi. Mazkur maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi, shoira Zulfiya Ollayorova tomonidan tashkillashtirilgan uchrashuvda oʻquvchi-yoshlar Zulfiya Moʻʼminova va Xonimjon Rajabovalar bilan dildan, samimiy suhbat qurdilar. Shu bilan birga XXI asr oʻzbek sheʼriyatining yorqin namayandalaridan biri hisoblangan Zulfiya Moʻʼminovaning yangi sheʼrlaridan bahramand boʻldilar. Oʻz navbatida maktabning “Yosh jurnalist va notiq” toʻgaragi aʼzolari ham ijod namunalaridan oʻqib berdilar.
Uchrashuv davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Barkamol avlod” ijodkor bolalar maktabi direktori, jurnalist Xonimjon Rajabova va sevimli shoira Zulfiya Moʻʼminovalarning hayoti hamda ijodiy faoliyatlari yuzasidan oʻquvchi-yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va barcha savollariga javoblar oldilar.
Boʻlib oʻtgan uchrashuv oʻquvchi-yoshlar qalbida adabiyot, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶