PARAZITAR ENTEROBIOZ – QURT KASALLIGI VA UNING PROFILAKTIKASI
Enterobioz qoʻzgʻatuvchisi ostritsa (qil gijja) − yumaloq chuvalchanglar sinfiga mansubdir. Gijjaning madinasi − urgʻochi zoti uzunligi 9-12 sm. narinasi − erkak zoti 3-5 sm. boʻladi.
Qil gijjalar ingichka ichakning pastki va yoʻgʻon ichakning yuqori qismlarida parazit holda hayot kechiradi. Tuxumdagi lichinka rivojlanishiga kislorod zaruriyati tufayli madina ichakning distal tomoniga siljiydi va toʻgʻri ichakka tushadi. Kechasi u anal teshigidan oʻrmalab chiqib, perianal burmalariga tuxum qoʻyadi.
Yuqishning yagona manbai gijja yuqtirgan kasal odam hisoblanadi. Enterobioz bilan kasallangan bemorlar orqa teshik atrofi-dagi qichishishdan shikoyat qiladi. Koʻpincha ishtaha susayishini kuzatish mumkin. Bunda bola kechki payt bezovtalanadi, injiq boʻladi, uzoq vaqtgacha uxlolmaydi, tez turib ingraydi, yigʻlaydi, toʻshakda bezovta yotadi. Yoshi kattaroq bolalarda bosh ogʻrigʻi va ich ketishi, ovqatlarining hazm boʻlmasligiga olib keladi. Baʼzi bemorlarda allergik reaktsiyalar, zaharlanish va disbakterioz belgilari kelib chiqadi.
Qil gijjalari kechki payt ayirish va jinsiy organlarga oʻrmalab kirishi natijasida tundagi siydik ushlamasligiga, qiz bolalarda esa ushbu organlarning shamollashiga, yalligʻlanishiga olib keladi.
Enterobioz tashxisi koʻp qiyinchilik tugʻdirmaydi; tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi parazitologiya boʻlimining laboratoriyasida mikroskop yordamida bolaning axlati tekshiriladi va tez natijasi aniqlanib, javobi yozib beriladi. Parazitologiya laboratoriyasi shifokor nazoratida tajribali laborantlar S.Nurimbetov, D.Japakovalar aniq tekshirib, natijasini berishadi.
Enterobiozning profilaktikasi sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishdir. Bolalar bogʻchalariga boradigan kichkintoylarning tirnoqlari olingan, kiyimlari toza va dazmollangan holda boʻlishi kerak. Hojatxonalarni toza saqlash, xlor sepish hamda eshik tutqichlarini xlorli eritmalar bilan tez-tez tozalab turish kasallikning oldini olishda samarali usul hisoblanadi.
T.AtamurODov,
J.Kamolov, tuman SEO va JSB shifokorlari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶