“TARIX BILAN YuZMA-YuZ” MAVZUSIDA XIVA ShAHRIGA MAROQLI SAYoHAT UYuShTIRILDI
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodni tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish orqali xalqimizning boy maʼnaviy-tarixiy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Tarix bilan yuzma-yuz” mavzusidagi sayohat-darslar ham tashkil etilayotgani oʻquvchi-yoshlarning bu boradagi qiziqishlarini yanada oshirmoqda.
Amudaryo tumanidagi 69-sonli umumtaʼlim maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Joʻrabek Tajimuratov rahbarligida qadimiy Xiva shahriga tashkil etilgan sayohat ham ana shunday – “Tarix bilan yuzma-yuz” mavzusida amalga oshirildi.
Maktabning quyi va yuqori sinflar oʻquvchilaridan iborat 110 nafar sayohatchilar guruhlarga boʻlingan holda, maktab oʻqituvchilari Jumagul Boltaboyev, Hayotxon Nurimbetov, Adibaxon Ahmedova, Sharofat Abduraimova hamda Barchinoy Ishmatovalar rahbarligida Xiva shahrining “Ichan qalʼa” Davlat muzey-qoʻriqxonasi, “Dishan qalʼa” qadimiy, tarixiy-meʼmoriy majmualari boʻylab maroqli sayohat qildilar.
Sayohatchi-oʻquvchilarga ustozlari avalo Xiva shahrining umumiy tarixi haqida keng va batafsil maʼlumotlar berishdi. Shundan soʻng, sayohatchi-oʻquvchilar guruhlarga boʻlinib, ustozlari rahbarligida “Ichan qalʼa” meʼmoriy ansambli bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, oʻquvchilar Oʻzbekistondagi eng baland qadimiy Xiva minorasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, ustunlari paxta daraxtidan boʻlgan qadimiy jomʼe masjidi, xonlar saroyi, karvonsaroy kabi tarixiy obidalar haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Bundan tashqari, sanʼat muzeyi, tabiat muzeyi, xalqimizning buyuk farzandlari tahsil olgan maktab-madrasalar, yarim minor tarixi haqidagi ustozlarining hikoyalarini maroq bilan tingladilar. Ulugʻ maʼrifatparvar turkman shoiri Maxtumquli, oʻzbek xalqining sevimli shoiri Ogahiylar tahsil olgan madrasalarni ,qadim ajdodlar savdo-sotiq ishlarini olib borgan doʻkon va bozor rastalarini berib koʻrdilar, milliy hunarmandchiligimiz tarixi bilan yaqindan tanishdilar.
Sayohatchi-oʻquvchilarning “Tarix bilan yuzma-yuz” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tarixiy sayohat-darsi maroqli taassurotlarga juda boy boʻldi. Chunki oʻquvchi-yoshlar sayohat davomida oʻzlari Oʻzbekiston tarixi darslarida nazariy jihatdan olgan bilimlarini sayohat jarayonida amalda koʻrib, mustahkamladilar. Ayniqsa, dunyoga mashhur qomusiy olimlarni yetishtirgan Maʼmun akademiyasi, yurtdoshimiz, tumanimizning Jumurtogʻ mavzesidagi Eshonyop boʻyi qishlogʻida yashagan maʼrifatparvar, xalqparvar siyosatchi, xalq mustaqilligi uchun kurashga hayotini bagʻishlagan Bobooxun Salimov va uning otasi, Xorazm xonlari saroyining nufuzli qozikaloni Salim oxun haqida va qozikalon Salim oxun bunyod etgan madrasa xususida chuqur mavʼlumotlarga ega boʻldilar.
“Tarix bilan yuzma-yuz” mavzusidagi amaliy tarixiy dars-sayohat oʻquvchi-yoshlar qalbida xalqimizning buyuk tarixiga nisbatan hurmat va muhabbat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶