Senator Bahodir Tojiyev ishtirokida tumanda bogʻdorchilik va uzumchilikni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 27-oktyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tumanda qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlaridan boʻlgan bogʻdorchilik va uzumchilik sohalarini yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev, soha boʻyicha olimlar, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, tumandagi qishloq xoʻjaligi sohasi masʼullari, fermerlar, dehqonlari, tomorqa yer egalari hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Yigʻilishda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarini, ayniqsa, uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada yangicha tizim yaratilgani hamda qator ustuvor vazifalar belgilab berilgani xususida soʻz yuritdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha klaster tizimini yoʻlga qoʻyish, alkogol bozorini tartibga solishning samarali mexanizmlarini keng joriy etgan holda respublikani sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, vinochilik turizmini (enoturizm) rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilib, bu borada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 28-iyul kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturulamal boʻlmoqda.
Senator Bahodir Tojiyev Prezident uzumchilikni rivojlantirishning qator asosiy yoʻnalishlarini belgilab bergani xususida toʻxtaldi. Xususan, uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish uchun qulay hududlarda eng maqbul maydonlarni belgilash, xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyatlaridan kelib chiqib, uzum yetishtirishni milliy madaniyat sifatida rivojlantirish, uzumchilikni yirik maydonlarda, klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish orqali sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, uzumni saqlash, saralash va qayta ishlashni ragʻbatlantirish, ilmiy asoslangan holda uzum yetishtirish, uning yangi hosildor, danaksiz navlarini yaratish maqsadida uzumchilik ilmiy maktabini rivojlantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini yoʻlga qoʻyish kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilganini qayd etib oʻtdi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 2021-yil 1-avgustdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari (sugʻoriladigan va sugʻorilmaydigan (lalmi) yerlar) tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish uchun ochiq tanlov asosida ijaraga berilishi boshlangan boʻlib, yer uchastkalari ochiq tanlov natijalariga koʻra 30-yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan.
Ochiq tanlov asosida ijaraga olingan yer uchastkalaridan faqat tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish maqsadida foydalanilishi, ochiq tanlovga yer uchastkalari dehqon xoʻjaliklari tashkil etgan holda tokzorlar barpo etish uchun 6 sotixdan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda, yaxlit konturda yirik tokzorlar barpo etish uchun esa 1 gektardan 30 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda ijara huquqi asosida berilishi qayd etilgan.
Yigʻilish kun tartibidagi masala yuzasidan ishtirokchilarning qator savollariga javoblar berildi hamda ularning bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, yigʻilishda ishtirok etayotgan qishloq xoʻjaligi sohasi masʼullari, tadbirkorlar, fermerlar oʻz faoliyatlari mobaynida erishayotgan yutuqlari, muammo va kamchiliklari bilan oʻrtoqlashdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶