NIKOH ShARTNOMASI — OILA MUSTAHKAMLIGI ASOSI
Nikoh — ikki nafar mustaqil shaxs — erkak va ayolning oʻzaro roziligi bilan tuziladigan oilaviy munosabatlarning birinchi va eng muhim sharti hisoblanadi. Rasmiy nikohlangandan soʻng er-xotinning bir oila boʻlib tinch-totuv yashashi ular oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarga ham bogʻliq.
Mamlakatimizda har bir oilaning ahil-inoqlikda, jamiyatning baxtli bir boʻlagi sifatida farovon hayot kechirishlarini taʼminlashga qaratilgan qonuniy asoslar yaratilgan. Xususan, Oila kodeksining 29-moddasida nikohlanuvchi shaxslarning mulkiy munosabatlarini tartibga solish, er-xotinning nikohda turgan davrida yoki nikohdan ajratilgan taqdirdagi mulkiy haq-huquqlari va majburiyatlari nikoh shartnomasida belgilangan oʻzaro kelishuvlar asosida hal etilishi belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, nikoh shartnomasi er-xotin oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarni tartibga soladi va oilaning mustahkamligini taʼminlaydi. Shu bilan birga, oila mulkidan toʻgʻri foydalanish er-xotinni maʼnaviyatli, tartibli oila jamoasini tuzib, odob-axloqli farzandlar tarbiyalash imkonini yaratadi.
Amudaryo tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan yosh oilalar bilan ishlashish, yosh nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan barcha ishlarning mazmun-mohiyatida har bir nikohlanuvchi shaxsning zimmasidagi burch va majburiyatlarini anglashlarini taʼminlash, oilaning muqaddasligini chin dildan eʼtirof etib, birgalikda turmush qurishga ahdlashgan fuqarolarni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashdek ezgu maqsad mujassam.
Tuman FHDYo boʻlimiga deyarli har kuni oʻnlab nikohlanuvchi shaxslar tashrif buyurishadi. Ularning barchasiga boʻlim xodimlari tomonidan rasmiy nikoh tuzilishining ahamiyati, nikohlanuvchilar oʻrtasida tuziladigan nikoh shartnomasining afzalliklari toʻgʻrisida zarur tushunchalar va tavsiyalar beriladi.
Joriy yilning 6-noyabr sanasida boʻlib oʻtgan “Nikoh shartnomasi — oila mustahkamligi asosi” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ham nikohlanuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Tadbirda Amudaryo tuman FHDYo boʻlimi mudirasi Mohira Eshmurodova, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Bibizuhra Bekimbetova, yangi hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan kelin-kuyovlar va rasmiy nikohlarini qayd qildirish uchun FHDYo boʻlimiga murojaat qilgan fuqarolar ishtirok etdilar.
Tadbirda FHDYo boʻlimi mudirasi Mohira Eshmurodova nikohlanuvchi shaxslarga nikoh shartnomasi tuzish yoʻl-yoʻriqlari, shuningdek, bu rasmiy hujjatning oilada oʻzaro ahillik, ishonch va farovonlikni taʼminlashdagi ahamiyati, er-xotinning oila mulkidan oqilona foydalanish borasidagi majburiyatlari, shuningdek, nikoh shartnomasini tuzish qoidalari xususida batafsil maʼlumotlar berdi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Bibizuhra Bekimbetova nikoh shartnomasi qanday shartlar asosida tuzilishi va amal qilish muddatlari haqida zarur maʼlumotlarni taqdim etdi. Shu bilan birga ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdi.
Taʼkidlanganidek, nikoh shartnomasi tomonlarning xohishiga koʻra, erkak va ayolning nikoh shartnomasi tuzishga roziligi asosida, shartnomani imzolashda ikkalasi ham ishtirok etib, notarial tasdiqlangan taqdirda haqiqiy hisoblanadi va oilada mulkiy munosabatlarni bir umr tartibga solib turadi. Agar er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda nikoh shartnomasida qayd etilgan mol-mulk er-xotin oʻrtasida sud orqali qonuniy taqsimlanishi uchun sharoit yaratadi.
“Nikoh shartnomasi — oila mustahkamligi asosi” mavzusidagi mazkur maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbiri yangi oila qurish istagidagi nikohlanuvchi yoshlarning oila deb atalmish muqaddas dargohga oʻzlari uchun umr yoʻldoshi sifatida tanlagan inson bilan oʻzaro ishonch, hurmat va ahillik mezonlariga qatʼiy amal qilgan holda ilk qadam qoʻyish haqiqiy maʼnodagi baxt ekanligini anglab yetishlarida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶